
“Manchester Siti” Husanov uchun “Lans”ga qo‘shimcha 5 million evro to‘lamaydigan bo‘ldi!
“Manchester Siti” Angliya Premer-ligasining birinchi qismida yuz bergan inqirozdan chiqish uchun tarkibni yangilash variantini tanlagan edi. Ana shu maqsadda klub qishda tezkor transferlarga qo‘l urdi.
Qisqa fursatda markaziy himoyachilar – “Lans”dan Abduqodir Husanov va “Palmeyras”dan Vitor Reys, “Portu”dan yarim himoyachi Niko Gonsales hamda “Ayntraxt”dan hujumchi Umar Marmush olib kelindi.
Bu to‘rt transfer uchun “shaharliklar” 200 million evrodan ortiq mablag‘ sarfladi. Yangi ijrochilardan uch nafari – Husanov, Gonsales va Marmush darrov asosiy tarkibdan joy oldi. Jamoaning natijalari keskin yaxshilasha boshladi. Natijada “Manchester Siti” mavsumni uchinchi o‘rinda yakunlab, Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlash joizki, manchesterliklar O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov uchun Frantsiyaning “Lans” klubiga 40 million evro miqdorida badal puli va yana 10 million evro bonus to‘lashi kelishilgan edi.
Ko‘pchilikni hayron qoldirgan vaziyat shu bo‘ldiki, darrov asosiy tarkibdan joy olib, Angliya Premer-ligasi, mamlakat kubogi hamda Evropa Chempionlar ligasida jami to‘qqizta uchrashuvda ishtirok etgan va “Manchester Siti”ning fevral oyida eng yaxshi futbolchisi, deb topilgan Abduqodir Husanov birdaniga zaxiraga mixlab qo‘yildi.
Mana chempionat yakunlanganidan keyin Xosep Gvardiolaning bu qarori sabablari oydinlasha boshladi. Xususan, “Manchester Siti” faoliyatini yoritayotgan cityxtra.co.uk portali o‘zbek futbolchisining asosiy tarkibdan olinishi uning o‘yin sifatlariga bog‘liq emasligini, balki ortiqcha xarajatlardan qochish usuli bo‘lganligini ta’kidlamoqda.
- “Manchester Siti” Abduqodir Husanov transferi bo‘yicha “Lans”ga qo‘shimcha besh million evro to‘lamaydigan bo‘ldi. Chunki o‘zbek futbolchisi kelishuv bo‘yicha mavsumning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan band talablarini bajara olmadi.
Yosh himoyachi jamoa o‘yinidagi pasayishlarni to‘xtatish maqsadida qishda olib kelingan to‘rt futbolchidan biri edi. Jamoada, ayniqsa, himoyachilar o‘rtasida jarohatlanganlarning ko‘payib ketgani Xosep Gvardiola va klub rahbariyatini yozga mo‘ljallangan transferlarni ancha erta, ya’ni qishda amalga oshirishga majbur qildi. Bu jarayonda himoya chizig‘iga Husanov va Reys olib kelindi.
Abduqodir “Manchester Siti” talab qilgan yuqori darajada o‘ynashga moslashgani va kurashga tayyorligi bois, darrov asosiy tarkibga kiritildi. Garchi “Chelsi” bilan bo‘lgan debyut uchrashuvida xato qilgan bo‘lsa-da, keyinchalik “Real”, “Tottenxem”, “Nyukasl”, “Liverpul”ga qarshi namunali o‘yin ko‘rsatdi.
Ammo Angliya kubogi doirasida “Bornmut”ga qarshi uchrashuv tanaffusida zaxiraga olingan o‘zbek futbolchisini Xosev Gvardiola keyinchalik mavsum oxirigacha maydonga tushirmadi. Endi ma’lum bo‘lishicha, Husanovga o‘nta va undan ko‘p bellashuvda qatnashish imkoni berilmagani moliyaviy sabablarga bog‘liq ekani oydinlashdi, - deb yozmoqda cityxtra.co.uk portali eksperti Freddi Pay.
Ushbu portal insayd xabarlarga tayangan holda “Manchester Siti” va “Lans” o‘rtasidagi muzokaralarda Husanov mavsumning ikkinchi yarmida o‘nta uchrashuvda qatnashsa, qo‘shimcha bonus to‘lanishi haqida kelishuv bo‘lganini aniqladi.
O‘zbek futbolchisi ishtirok etgan uchrashuvlar to‘qqiztani tashkil qilgani bois, “shaharliklar” lansliklarga qo‘shimcha besh million evro to‘lamaydigan bo‘lyapti.
- Mavsum oxiriga kelib, Xosep Gvardiola Abduqodir Husanovning xizmatidan foydalanmay qo‘ygani o‘zbek futbolchisining “Manchester Siti”dagi kelajagi qanday bo‘lishi haqida ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ygandi. Ayni paytda esa, markaziy himoyachi faoliyatining istiqboli “Etixad” arenaga mustahkam bog‘langani oydinlashdi.
Yozda klub markaziy himoyaga boshqa o‘yinchi olmaydi, balki yakunlangan mavsumda jarohatlar tufayli muammoga duch kelgan Jon Stounz va Natan Ake kabi yoshi katta himoyachilarning klubjagi kelajagini yana bir bor o‘ylab ko‘rishni maqsadga muvofiq hisoblamoqda, - deb vaziyatga oydinlik kiritdi cityxtra.co.uk portali eksperti Freddi Pay.
Fikrlar