Manchesterliklar “Barsa”dan futbolchi chaqiryapti
“Barselona” himoyachisi Alehandro Balde joriy mavsum yakunlangandan keyin jahonning eng kuchli ligasi Angliya chempionatiga ko‘chib o‘tishi mumkin.
TEAMtalk ma'lumotiga ko‘ra, ispaniyalik futbolchiga “Manchester Yunayted” jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Manchesterliklar Baldeni chap qanot himoyachisi pozitsiyasi uchun asosiy transfer nishoni sifatida belgilagani aytilmoqda.
So‘nggi ma'lumotlarga qaraganda, “Manchester Yunayted” bu o‘yinchini yozda o‘z tarkibiga qo‘shib olish uchun tez orada Kataloniya superklubiga 40 million yevro miqdorida taklif berishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Balde “Barselona” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Uning shartnomasi 2028 yilning 30 iyunigacha amal qiladi.
Joriy mavsumda u barcha musobaqalarda 32 ta o‘yin o‘tkazib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari, jamoadoshlariga 3 ta golli uzatma bergan. Transfermarkt uning qiymatini 60 million yevroga baholamoqda.

Fikrlar