Manchesterliklarning qimmatbaho oʻyinchisiga xaridor topildi
“Manchester Yunayted”ga transfer qilinganidan keyin bu jamoa safida bor mahoratini yuzaga chiqara olmagan Manuel Ugarte ish joyini oʻzgartirishi kutilmoqda.
Niderlandiyaning eng mashhur klublaridan “Ayaks” 24 yoshli urugvaylik yarim himoyachini Amsterdamga olib ketishga tayyor. Ular bu oʻyinchini mavsum oxirigacha ijaraga olish variantini koʻrib chiqmoqda.
Bu haqida Voetbal International xabar berdi.
Manba maʼlumotiga koʻra, urugvaylik oʻyinchining oʻzi ham Niderlandiya grandiga oʻtishga qarshi emas, ammo buning uchun tomonlar Ugartening yuqori maoshi masalasini hal qilib olishi talab etiladi.
Avvalroq, Yevropa matbuoti “Old Trafford” yetarli darajada oʻyin amaliyotiga ega boʻlmayotgan futbolchiga Turkiya chempioni “Galatasaroy”dan chorlov boʻlayotganini yozgan edi.
Joriy mavsumda urugvaylik futbolchi barcha musobaqalarda 16 ta oʻyin oʻtkazgan, ammo samarali harakatlari boʻlmagan. Uning “Manchester Yunayted” bilan shartnomasi 2029 yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt maʼlumotlariga koʻra, Ugartening bozor qiymati ancha arzonlagan va bugungi kunda 30 million yevroni tashkil qilmoqda.
Fikrlar