Mareskaning “Chelsi”dan haydalishi asl sababлари oshkor bo‘ldi
The Sporting News sport portali jurnalistlari Enco Mareska va Londonning “Chelsi” klubi oʻrtasidagi uzoq muddatga moʻljallangan hamkorlik aslida nega tez tugatilganini aniqladi.
Maʼlumki, “aristokratlar” yangi yilning birinchi kuniyoq bosh murabbiy Enco Mareska bilan hamkorlik rasmiy tugatilganini eʼlon qildi. Italyalik mutaxassis jamoani 2024 yil yozidan boshqarib kelgan va faoliyati davomida UEFA Konferensiyalar ligasi hamda FIFAning klublar oʻrtasidagi jahon chempionatini yutgan va shu orqali bu mavsum uchun Yevropa Chempionlar ligasiga olib chiqqan edi.
Bu sovrinlarga qaramay, klub rahbariyati joriy kampaniyada bosh murabbiyni almashtirish zarur, degan xulosaga keldi. Asosiy omil sifatida jamoaning beqaror natijalari koʻrsatildi. Chempionlar ligasida “Barselona” ustidan qozonilgan yirik gʻalaba (3:0) va “Arsenal” bilan durangdan (1:1) soʻng, “Chelsi” barcha musobaqalar doirasida oʻtkazilgan toʻqqizta oʻyindan faqat ikkitasida zafar quchdi xolos.
Premyer-ligada londonliklar “Lids” va “Aston Villa”dan magʻlub boʻldi, “Bornmut” bilan bahsda ikki ochko boy berildi.
Bosh murabbiy ishdan boʻshatilish paytida “Chelsi” APL jadvalida beshinchi oʻrinni egallab turgan edi, ammo klub rahbariyati natijalar dinamikasi qoʻyilgan maqsadlarga mos kelmayapti, deb hisobladi. Rasmiy bayonotda murabbiy almashuvi jamoaga toʻrtta turnirda kurash olib borayotgan bir paytda, jumladan Chempionlar ligasiga chiqish vazifasini inobatga olgan holda, “ishlarni oʻz vaqtida toʻgʻri yoʻlga qaytarish”ga yordam berishi kerakligi qayd etildi.
Qoʻshimcha omil sifatida Mareska bilan klub rahbariyati oʻrtasidagi kelishmovchiliklar ham tilga olindi. Britaniya OAV maʼlumotlariga koʻra, italyalik murabbiy klub ichidagi qoʻllab-quvvatlash darajasidan ochiqchasiga norozilik bildirgan, shuningdek, futbolchilarning jismoniy holatini boshqarish masalalarida tibbiy shtabni ham oʻz ichiga olgan ayrim boʻlimlar bilan ixtiloflarga ega boʻlgan.
Mareskaning “Chelsi” bilan shartnomasi 2029 yil iyunigacha moʻljallangan edi va OAV maʼlumotlariga koʻra, tomonlar shartnomani muddatidan oldin bekor qilish boʻyicha kelishuvga erishgan.
Fikrlar