Men tayyorman! Shomurodovning ustozi omadsiz terma jamoani boshqarmoqchi
Italiyalik tajribali murabbiy Klaudio Ranieri Italiya milliy terma jamoasini boshqarishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqida Sky Sports nashri xabar berdi.
Ranieri avvalroq Italiya termasidan tushgan taklifni rad etganini esladi. Uning aytishicha, o‘sha paytda “Roma” klubida ishlagani uchun bir vaqtning o‘zida ikki vazifani bajara olmasdi.
- Men avval Italiya terma jamoasini boshqarish taklifiga “yo‘q” degandim, chunki “Roma”da ishlardim va ikki lavozimni bir vaqtda egalash imkoni yo‘q edi. Hozir esa erkinman, shuning uchun taklif bo‘lsa, nega rozi bo‘lmasligim kerak? Mamlakating chaqirsa, “ha” deysan-da, - dedi Ranieri.
Ma’lumot uchun, 74 yoshli mutaxassis aprel oyi oxirida “Roma” rahbariyati maslahatchisi lavozimini tark etgan. Bunga bosh murabbiy Jan Piero Gasperini bilan kelisha olmay qolgani sabab bo‘lgani aytilgandi.
Jahon futbolida o‘ziga xos uslubiga ega Klaudio Ranieri faoliyati davomida “Roma”, “Kalyari”, “Uotford”, “Sampdoriya”, “Chelsi”, “Atletiko”, “Fiorentina”, “Napoli”, “Fulxem”, “Nant”, “Lester”, “Monako”, “Inter”, “Yuventus”, “Parma”, “Valensiya” hamda Gretsiya terma jamoasini boshqargan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov Italiyadagi faoliyati davomida Kluadio Ranieri qo‘l ostida “Kalyari” va “Roma” jamoalarida to‘p surgan. Aynan Ranieri bilan ishlagan jamoalarda Eldor eng asosiy o‘yinchi maqomiga ko‘tarila olgan.
Eslatib o‘tamiz, Italiya milliy terma jamoasi 2026 yildagi Jahon chempionatiga chiqa olmagan edi. Jamoa pley-offda Bosniya va Gertsegovinaga qarshi bahsda mag‘lub bo‘lgan, bosh murabbiy Jennaro Gattuzo iste’foga chiqarilgan.
Jahon chempioni bo‘la olgan kam sonli terma jamoalardan bo‘lishiga qaramay, Italiya qatorasiga ikkinchi marotaba mundialdan chetda qolmoqda.
Husanov katta yangilik kutmoqda
O‘rnimga Husanov o‘ynayversin!

Fikrlar