Messi kelajagi bo‘yicha bir qaror keldi
Joriy mavsumda Ispaniya chempionatida uchinchi o‘rinni egallagan “Barselona” etakchisi Lionel Messi kelajagi borasida bir qarorga keldi. Argentinalik hujumchining shartnomasi yakunlanayotgani bois uning Kataloniyadagi faoliyati muxlislar e’tiborida turgan masala edi.
Jurnalist Nikolo Skira tarqatayotgan xabarlarga qaraganda, 33 yoshli futbolchi “Barselona” bilan o‘zaro hamkorlikni yana ikki yilga uzaytirishga qaror qilgan.
Avvalroq, Messi faoliyatini qaerda davom ettirish masalasida oila a’zolari bilan maslahatlashgan, ular futbolchini PSJga ko‘chib o‘tishini istayotgani haqida ma’lumotlar tarqatilgandi. PSJ sport direktori Leonardo ham Messi atrofidagi vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda.
Agar Messi Kataloniya klubida qoladigan bo‘lsa, maoshi kesilishi haqiqatga yaqinroq. Chunki “Barsa” ayni paytda moliyaviy inqirozga yuz tutgan va vaziyatdan chiqish uchun bir necha marotaba o‘yinchilar maoshini kesishga majbur bo‘lgandi.
Messi yana ikki yil yuqori saviyada to‘p tepganidan keyin AQSh chempionatiga yo‘l olishni maqsad qilgani aytilmoqda.

Fikrlar