
Messi yuqoriladi, Fernandesh “top-10”da: “Oltin to‘p”ga da’vogarlarning yangilangan reytingi
Quyida ushbu reyting va uning tahlilini e’tiboringizga havola etamiz.
20. Chiro Immobile («Latsio»). Avvalgi o‘rni: 20
«Milan»dan uchralgan mag‘lubiyat amalda «Latsio»ni chempionlik poygasidan chiqqanini anglatadi. Bu holatda Immobilening «Oltin to‘p» uchun kurashdagi yagona ilinji eng yaxshi to‘purar unvoni. «Oltin butsa» uchun kurashda Chiro Levandovskidan 5 ta golga ortda qolmoqda. Italiyalik forvard maksimum 8 ta o‘yinda maydonga tusha oladi. Unda ajoyib imkoniyat bor.
*Yosip Ilichich va Trent Aleksandr-Arnold “top-20”dan chiqib ketdi.
19. Timo Verner («RB Leyptsig»). Avvalgi o‘rni: 18
«RB Leyptsig» va Verner uchun mavsum allaqachon yakunlangan. Nemis futbolchisi «Chelsi» a’zosi sifatida tanishtiriladi. Katta ehtimol bilan kelgusi reytingimizda biz Vernerni ko‘rmaymiz.
18. Jordan Xenderson («Liverpul»). Avvalgi o‘rni: 12
Chempionlik ortidan «Manchester Siti»dan qaqshatqich mag‘lubiyat qabul qilib olgan mersisaydliklar so‘nggi uchrashuvda «Aston Villa»ni mag‘lub etishdi. Ammo bu g‘alabada Xendersonning o‘rni u qadar katta bo‘lmadi. Angliyadagi eng yaxshi futbolchi unvoni ham nasib etmaydigan ko‘rinadi.
17. Alfonso Devis («Bavariya»). Avvalgi o‘rni: 17
«Bavariya» trebl tomon ketmoqda. «Bayer» Germaniya kubogi finalida osonlikcha taslim etildi. Alfonso katta qahramonlik ko‘rsatgani yo‘q. Ammo kanadalik yosh iqtidor egasi uchun ushbu mavsum ajoyib o‘tdi. Chempionlar Ligasida ulkan mo‘jiza namoyish etmagan taqdirda, ayni mana shu pog‘onalar uning joriy mavsumdagi real potentsiali.
16. Sadio Mane («Liverpul»). Avvalgi o‘rni: 13
«Manchester Siti»dan uchralgan mag‘lubiyat «Liverpul»ning istalgan futbolchisi uchun reytinglarda pastlashni anglatadi. Mane yanada quyiroqdan joy olgan bo‘lishi ham mumkin edi. Senegallik futbolchining baxtiga Nabi Keyta ajoyib pasi bilan uni gol muallifiga aylantirdi.
Sadio Angliyada eng yaxshi deya e’tirof etilish uchun asosiy nomzodlardan biri. «Oltin to‘p» haqida esa bunday deya olmaymiz.
15. Kay Xaverts («Bayer»). Avvalgi o‘rni: 11
Xavertsning mavsumi individual tomondan yaxshi o‘tdi. U jami 17 ta gol urishga erishdi. Leverkuzenliklar o‘zlari xohlagan natijalarga bir qadam eta olmadi. So‘nggi turdagi g‘alabaga qaramay, EChL zonasiga chiqa olmadi. Kubok finalida mag‘lubiyatga uchradi. Xaverts klubga ketishni xohlashini aytib bo‘lgan emish…
14. Paulo Dibala («Yuventus»). Avvalgi o‘rni: “top-20” ga yangi qo‘shildi
Dibala A Seriya restartidan keyin tinmay gol urmoqda. Italiya kubogi finalidagi muvaffaqiyatsiz penalti argentinalik forvardga yaxshi ta’sir qilgandek. U gollarini yuqori mahorat bilan raqib darvozasiga joylayotgani ham e’tiborga molik.
13. Jeydon Sancho («Borussiya» Dortmund). Avvalgi o‘rni: 10
Sanchoning «Oltin to‘p»ni yutish imkoniyatlari allaqachon tugab bo‘lgan. Vaziyatga real ko‘z bilan qarasak, u yomon mavsum o‘tkazmadi. Kelgusi yilda uni yanada yuqoriroqda ko‘rishimiz mumkin. Har holda, transfer narxi 100 mln funt sterlingga baholanayotgan futbolchi uchun Evropaning manaman degan klublari undan ham ko‘pini berishga tayyor.
12. Serxio Ramos («Real»). Avvalgi o‘rni: “top-20”ga yangi qo‘shildi
Ikki marta 1:0 hisobidagi g‘alaba va ikkalasida ham Ramosning penaltidan gol kiritishi «Real»ni chempionlik tomon qancha yaqinlashtirgan bo‘lsa, «Oltin to‘p» uchun kurashda ham ispaniyalik himoyachining imkoniyatlari ancha ko‘tarildi.
11. Serj Gnabri («Bavariya»). Avvalgi o‘rni: 15
Gnabri Germaniya futboli mavsumini kubok finalidagi goli bilan ajoyib tarzda yakunlandi. Endi u va boshqa myunxenliklar EChLni kutishiga to‘g‘ri keladi.
Oltin dubl effekti o‘laroq, nemis vingeri reytingda ancha yuqoriladi.
10. Brunu Fernandesh («Manchester Yunayted»). Avvalgi o‘rni: 14
Brunu haqida ko‘p va xo‘b gapirdik. U o‘ziga nisbatan ishlatilgan barcha maqtovlarga munosib o‘yin namoyish etmoqda.
Uning mehnatlari meva bera boshladi: «qizil iblislar» APLda kuchli to‘rtlik uchun jiddiy kurash boshladi.
9. Killian Mbappe (PSJ). Avvalgi o‘rni: 9
Mbappe reytingda hali beri pastlash niyatida emasga o‘xshaydi. Uning ijtimoiy tarmog‘idagi suratlardan boshqa joyda ko‘rinish berganini bilmadik. Parij klubining Chempionlar Ligasi chorak finalini naqd qilganligi u va quyiroqda so‘z yuritiladigan Neymarni ushbu reyting o‘ntaligida ushlab turibdi.
8. Erling Xoland («Borussiya» Dortmund). Avvalgi o‘rni: 8
Xolandning o‘rni EChL qaytmaguncha o‘zgarishi dargumon. Milliy birinchiliklarda esa ko‘p narsa hal qilib bo‘lingan. Xoland uchun esa «Oltin to‘p» uchun kurash ham yakuniga etib ulgurdi. Endi uning intihoda qaysi o‘rinni egallashi qiziqarli, xolos.
7. Neymar (PSJ). Avvalgi o‘rni: 7
U haqida nimadir, deyish ham qiyin. Balki, ushbu yozda orziqib kutilgan Chempionlar Ligasi chorak finalini ham tashlab, Barselonaga qaytib ketar. Braziliyalik futbolchining o‘rni ham hozircha daxlsiz.
6. Karim Benzema («Real»). Avvalgi o‘rni: 6
So‘nggi ikkita o‘yinda ham Benzema gol ura olmadi. Ammo «Real» g‘alaba qozonib, chempionlik tomon shahdam qadamlarini davom ettirmoqda.
Bunday bo‘lmagan taqdirda ham, Karimning «o‘yindan tashqari holatdagi» Neymar, Xoland va Mbappedan pastga tushishi noreal narsa.
5. Tomas Myuller («Bavariya»). Avvalgi o‘rni: 5
Germaniyalik futbolchida allaqachon 6 ta Germaniya kubogi oltin medali bor. Demak, navbatdagi oltin medal uchun kechgan o‘yinda gol ham, pas ham amalga oshirmagan Myullerning reytingda yuqorilamaganini tabiiy holat, deb baholasak bo‘laveradi.
4. Kevin De Bryuyne («Manchester Siti»). Avvalgi o‘rni: 3
Futbolda sabab va tafsilotlar emas, natija gapiradi. Belgiyalik «Sautgempton»ga qarshi uchrashuvda zaxiradan maydonga tushgach, qo‘lidan kelgancha jamoasi o‘yinini o‘zgartirishga intilgani boshqa masala. Voqelik shuki, «Siti» yutqazdi, buning uchun Messi aybdor emas…
3. Lionel Messi («Barselona»). Avvalgi o‘rni: 4
«Atletiko»ga qarshi bahsdagi durang, amalda, «Barsa»ni chempionlik poygasida ancha uzoqqa itarib tashladi. Ammo Messi va jamoadoshlari «Vilyarreal» ustidan shu qadar ajoyib g‘alabani qo‘lga kiritishdiki, bu ularning kelajakdagi yorqin futboli uchun umid uyg‘otmoqda. Ayniqsa, Chempionlar Ligasi yaqin bo‘lib turgan shunday bir paytda…
2. Krishtianu Ronaldu («Yuventus»). Avvalgi o‘rni: 2
Krishtianu ham Italiya kubogi finalidan so‘ng muntazam ajoyib o‘yin namoyish etib kelmoqda. U ushbu mavsumda ham odatdagidek «Oltin to‘p» va «Oltin butsa» uchun kurashda asosiy da’vogarlardan. Oldindagi raqibini quvib o‘tish uchun etarli imkoniyat ham bor.
1. Robert Levandovski («Bavariya»). Avvalgi o‘rni: 1
Finaldagi 2 ta gol bilan Levandovskining dahshatli statistikasi yanada qo‘rqinchli tus oldi. Barcha musobaqalarda 43 ta uchrashuvda maydonga tushgan futbolchi 51 marta raqiblarini ranjitgan. Agar EChLda ham shu kayfiyatda harakat qila olsa, katta ehtimol bilan «Oltin to‘p» Polshaga ketadi.
Izoh: Ushbu reytingda ayni paytda davom etayotgan tur o‘yinlari inobatga olinmagan. Ushbu tur bellashuvlarini ham o‘z ichiga oluvchi reytingni kelgusi hafta e’tiboringizga havola etamiz.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar