Messining keyingi jamoasi ma'lum, muzokaralar boshlandi
Sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi Lionel Messi o‘tgan yilning oxirida “Inter Mayami” bilan yakunlangan shartnomasini yangilab, bu klubda 2028 yilning oxirigacha qolishga ko‘ngan edi.
Biroq vaziyat o‘zgarishi mumkin. Argentinaning “ Nyuells Old Boyz” klubi futbol afsonasini o‘z tarkibiga qo‘shib olmoqchi. Klub vitse-prezidenti Xuan Manuel Medina 2027 yil yanvarda Lionel Messini jamoaga olib kelish rejasi borligini aytdi va ehtimoliy transfer bo‘yicha muzokaralar boshlanganini tasdiqladi.
- Biz Leo 2027 yil birinchi yarmida “Nyuells”da o‘ynashi uchun ishlayapmiz, lekin hozircha bundan boshqa yangilik yo‘q. Bu loyiha “Nyuells” miqyosidan ham katta, u Rosario shahri, viloyat va butun Argentina futboli uchun mo‘ljallangan.
Hammasi infratuzilma va raqobatbardosh sport dasturi bo‘yicha nimani taklif qila olishimizga bog‘liq. Muzokaralar bo‘lgan, g‘oya ko‘tarilgan, lekin qarorlar hali qabul qilinmagan, - dedi Medina Toda Pasion nashriga.
Ta’kidlash joizki, Lionel Messi "Barselona"ga ko‘chib o‘tganga qadar futbol sir-asrorlarini aynan mana shu klubda o‘rgangan. Leo ilgari faoliyatini qadrdon jamoasida yakunlash orzusi borligini aytgan edi.
Fikrlar