"Metallurg"ning "Mavsum-2023"dagi sarguzashtlari

  • 7 dekabr, 2023, 12:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Mamlakat XXXII milliy chempionati tarix sahifalaridan joy olganiga hali bir hafta bo‘lmadi-ku, Superliga bahslariga ko‘nikib qolgan muxlislar uni sog‘ina boshlashdi. Qishki bo‘shliqni ortda qolgan mavsum sarhisobi, yangi mavsum tadorigi, klubda amalga oshirilayotgan ishlar, transfer yangiliklari bilan to‘ldirib turamiz.

Tecno

2023 yilgi futbol mavsumini ko‘pchilik turlicha talqin etmoqda. Kimdir chempionat murosasiz, qiziqarli kurashlarga boy bo‘ldi, deyapti. Buni chempionlik uchun kurashning oxirgi turgacha hal bo‘lmaganligi yoki Superligada jon saqlash uchun kurashgan jamoalarning har bir o‘yinni qizitib berganligi bilan isbotlashmoqda. Ba’zi mutaxassislarning nazdida esa shunchaki aksariyat klublarning kuchi tenglashgan, shuning evaziga keskin raqobat kuzatildi. Biz bu mulohazalarni tahlil etish fikridan yiroqmiz. Shunchaki, “Metallurg” misolida uning sarhisobiga nazar tashlamoqchimiz. Bekobodliklar uchun mavsum qanday o‘tdi? Muxlislarning jamoa ishtirokidan ko‘ngli to‘ldimi? Shu va boshqa savollarga esa raqamlar misolida javob axtaramiz.

O‘tgan yilgi o‘rni band etildi

2023 yilgi mavsum “Metallurg” muxlislari uchun oson kechmadi. Chempionatning qatorasiga ikkita yirik mag‘lubiyat bilan boshlanishi mutasaddilarni ham, muxlislarni ham o‘ylantirib qo‘ygandi. Tezda tegishli choralar ko‘rildi. Jamoa boshqaruvida islohotlar amalga oshirildi. Yangi bosh murabbiyning jamoaga ko‘nikib ketishi uchun vaqt kerak bo‘ldi. Klub ichidagi muhit mo‘’tadil ko‘rinish olgach, transfer siyosatida yo‘l qo‘yilgan nuqsonlar to‘g‘rilashga kirishildi. Ikkinchi davradan “Metallurg” karvoni ravon harakatlana boshladi. Ligada eng ko‘p gol o‘tkazayotgan jamoaning himoya qo‘rg‘oni mustahkamlandi. Sa’yi harakatlar natijasi bo‘y ko‘rsatdi. Jamoa musobaqa jadvalida o‘ntalikka kirib oldi va mavsumni xotirjam ruhda yakunladi. 2022 yilgi o‘rnini yana band etdi. Mavsum oxirida murabbiylar ishidan qoniqish hosil qilgan klub mutasaddilari chernogoriyalik murabbiy bilan shartnomani 2026 yilgacha uzaytirishga qaror qildi. Jamoa oldiga yangi vazifalar, marralar qo‘yildi...

“Metallurg” 2023 yilgi mavsumda 26 uchrashuvning 8 tasida g‘alaba qozondi, 6 ta o‘yinda bitimga imzo chekdi. 12 ta o‘yinda imkoniyat boy berildi. Kiritilgan va o‘tkazib yuborilgan to‘plar farqi 26:35, 30 ochko jamg‘arildi.

metallurg9

Safar o‘yinlari ko‘paydi...

Bu yilgi mavsumda bekobodliklar o‘z maydonida 5 ta g‘alaba, 4 ta durang, 4 ta mag‘lubiyat bilan, 39 ochkoning 19 tasini qo‘lga kiritdi. Gollar farqi – 15:14. Safar natiji esa: 3 g‘alaba, 2 durang, 8 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati – 11:21, 11 ochko.

Keltirilgan raqamlarga qarab, “Metallurg” uyda yaxshiroq o‘ynabdi-da, degan xulosaga kelish mumkin. Ammo “Metallurg” amalda safarda ko‘proq to‘p surdi. Avgust oyidan keyin O‘zPFLning talabi bilan Bekoboddagi “Metallurg” markaziy stadioni ta’mirlash uchun “yopildi”. “Metallurg” raqiblarini Olmaliq shahridagi OKMK stadionida qabul qila boshladi. 26-turdagi uy uchrashuvini esa umuman raqib maydonida o‘tkazdi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, “Metallurg” 9 ta uchrashuvni uyda, 16 ta uchrashuvni safarda o‘tkazgan bo‘lib chiqadi.

Qiziqarli FAKT: Ortda qolgan mavsumda “Metallurg” to‘rtta jamoa – “Neftchi”, “Paxtakor”, “Nasaf” va “Surxon”dan ochko ololmadi. O‘z navbatida uchta raqib – “Qizilqum”, OKMK va “Olimpik”ka ochko bermadi. “Turon” bilan esa har ikkala o‘yinda durangga imzo chekdi.

Jamoa gvardiyachilari

Bu yilgi mavsumni ispaniyalik murabbiylar shtabi bilan boshlab, chernogoriyaliklar bilan yakunlagan “Metallurg” asosiy tarkib o‘yinlarida 32 futbolchi xizmatiga tayandi. Eng ko‘p maydonga chiqqan futbolchi Shahzodbek G‘ofurbekov bo‘ldi. U 25 ta uchrashuvda maydonga tushdi. shulardan 24 tasini boshlang‘ich tarkibda boshlagan bo‘lsa, bitta o‘yinda zahiradan qo‘shildi. Abrorbek Toshqo‘ziev va Kerim Palichlar 24 ta bahsni asosiy tarkibda o‘tkazdi. Ro‘yxatda to‘rtinchi o‘rinda qolgan Zabixillo O‘rinboev hisobida 23 ta o‘yin bor. 23-turgacha uzluksiz barcha o‘yinlarda jamoadoshlarini o‘z ortidan ergashtirib kelgan sardor Qarshidagi uchrashuvda  jarohat olmaganida mavsumning barcha bahslarida maydonga tusharmidi?

met-so‘g‘d_3

Maydonda bo‘lish – daqiqalar hisobidan kelib chiqqanimizda esa peshqadamlik Kerim Palichga tegishli – 2159 daqiqa. Abrorbek Toshqo‘ziev hamda Shahzodbek G‘ofurbekovlar ham ikki ming daqiqalik davondan oshib o‘tishdi. Ularning ko‘rsatkichi mos ravishda – 2089 va 2086 daqiqa.

Jamoa to‘purarlari

Superligada “Metallurg” raqiblari darvozasiga 26 ta gol kiritdi. Mavsum davomida 12  nafar o‘yinchi o‘z ismi sharifini stadion tablolariga yozdirib qo‘ydi. Jamoa to‘purari Zabihillo O‘rinboev bo‘ldi. U raqiblar darvozasini 7 marta ishg‘ol etdi. Gollaridan birini 11 metrlik jarima zarbasidan kiritdi. Ikkinchi davradan jamoaga kelib qo‘shilgan 2020 yilgi klub “bombardiri” Shahzodbek Ubaydullaev o‘z hisobiga to‘rtta gol yozdi. “Metallurg”ning universal o‘yinchilaridan biri Husniddin G‘ofurov ham 4 marta muvaffaqiyat qozondi. U 2 ta penaltini aniq amalga oshirganligini ham qayd etish lozim. Birinchi davradan keyin “Olimpik”ga ijaraga berilgan Ibrohim Ibragimov raqiblar darvozasiga 2 ta gol urdi. Shuningdek, U20 jahon chempionatida o‘z ismi sharifini tarixga muhrlab kelgan bekobodlik iste’dodli hujumchi Shahzodjon Ne’matjonov ham 2 marta muvaffaqiyat qozondi. Yoshlar terma jamoamiz yig‘inlari, mundial bilan band bo‘lgan, jahon chempionatidan jarohat bilan qaytgan Shahzod 2 ta golni 7 ta uchrashuvda urdi. Agarda mavsumni asosiy tarkibda to‘liq o‘tkazganida Ne’matjonovning foydasi bundan-da salmoqli va barakali bo‘lishi mumkin edi.

Jamoaning qolgan gollari 7 nafar futbolchi hisobiga yozildi.

Jarimalar jafosi

“Metallurg” 2023 yilgi mavsumni juda intizomli o‘tkazdi, deyish qiyin. Uchrashuvni boshqarib borgan hakamlar bekobodlik futbolchilar qarshisida jami 51 marta sariq kartochkani ko‘tarishdi. Shulardan bir nafari bitta uchrashuvda ikkita sariq kartochka olib, maydondan chetlatilgandi. To‘g‘ridan to‘g‘ri qizil olgan futbolchilar esa 4 nafar: bular – Vladislav Kasminin, Ibrohim Ibragimov, Husniddin G‘ofurov, Iskandar Shayqulov. Faqatgina Shahzodbek G‘ofurbekov bitta o‘yinda ikki marta ogohlantirib, maydonni vaqtli tark etgandi.

vesko8

Klub o‘rinbosarlarda o‘sish bor

Asosiy tarkibga yaqin o‘rinbosarlarni etishtirib beruvchi U-21 hamda U-19 chempionatlarida qatnashgan yoshlarning natijalari kishini xursand etadi. “Metallurg” futbol klubi qoshida “Real” (Madrid) akademiyasi bilan hamkorlik qiluvchi “El Golaso” futbol akademiyasining ochilishi o‘z samarasini bera boshladi.

Xususan, “Metallurg U-21” jamoasi ketma ket ikkinchi mavsumni to‘rtinchi o‘rinda yakunlayapti. O‘tgan yili Bahrom Umarov boshchiligida, bu yil esa Abduvali Mo‘minov etakchiligidagi klub yoshlari butun mavsum hujumkor futbol namoyish etib, muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. Eng asosiysi, bosh jamoaga munosib o‘rinbosarlar etishib kelayotganligi ko‘zga tashlanmoqda. Fikrimiz isboti o‘laroq bosh murabbiy Vesko Steshevich asosiy tarkibiga U21 jamoasidan ko‘plab o‘yinchilarni jalb etdi: bular – Samandar Muratboev, Alisher Xayrullaev, Nosir Abdusalomov, Sarvar Abduhamidov, Zafarbek Rahimjonov,Ro‘ziboev Fayzullaevlardir...Ularning barchasi O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoalariga ham jalb etilayotganligi bejiz emas.

Yana bitta ma’lumot: 2005 yilda tug‘ilgan bekobodlik iste’dodli hujumchi Behruz Abdullaev mavsumni “Metallurg U19” safida boshlab, “MetallurgU21”da yakunladi. Boshqa futbolchilarga nisbatan maydonga kamroq tushishiga qaramasdan 13 ta goli bilan O‘zbekiston U21 chempionatining to‘purariga aylandi.

Shuhrat Yuldashev murabbiyligidagi “Metallurg U-19” esa 2023 yilgi mavsum qahramonlari bo‘lishdi, deyish mumkin. Mamlakatimizning eng kuchli futbol akademiyalari tarbiyalanuvchilarini ortda qoldirib, O‘zbekiston U19 chempionatida birinchi o‘rinni egalladi. Chempionatning oltin medallari va Kubogini Bekobodga olib kelishdi. Jamoaning aksariyat o‘yinchilari O‘zbekiston U-17, U-18, U-20 terma jamoalariga jalb etilgan.

Shuningdek, “Metallurg” futbol akademiyasining barcha yosh toifasidagi jamoalari Toshkent shahar birinchiligi – Premer ligada muvaffaqiyatli qatnashmoqda. “Metallurg U13” O‘FA Kubogining finaliga qadar etib bordi. Akmal Xolmatov shogirdlari “Paxtakor” jamoasiga qarshi hal qiluvchi o‘yinni faqatgina penaltilar seriyasida boy berishdi xolos. Murod To‘ychiev boshchilik qilayotgan “Metallurg U16” esa O‘FA Kubogining yarim finaligacha etib bordi. Faqatgina omadsizlik bois o‘smirlar shohsupaga ko‘tarila olishmadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!