
Mirjalol Qosimov AGMKning g‘alabasini kimga bag‘ishlaganini aytdi
Superliganing 20-turida AGMK klubi o‘z maydonida “Surxon”ni qabul qildi va 1:0 hisobida g‘alaba qozonib navbatdagi uch ochkoni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Mezbonlar ustozi Mirjalol Qosimov ushbu bellashuv xususida shunday dedi:
- Qiziqarli va tomoshabop futbol guvohiga aylandik. O‘yinga hujumkor taktika tanlagandik va birinchi taymda ko‘plab golli vaziyatlar yaratildi. Biroq so‘nggi aniq zarbani yo‘llashda biroz omad etishmadi.
Ikkinchi bo‘limda ham katta tashabbus bilan hujumga o‘tdik. Shuningdek, bugun raqib posboni ham yaxshi harakat qilib, jamoasini ko‘plab gollardan qutqardi. Dastlabki golimiz offsayd tufayli bekor qilinganiga qaramasdan tezda yana hujumga o‘tib, nihoyat o‘z maqsadimizga erishib, muhim g‘alabani keltirgan golni urishni uddasidan chiqdik.
Mavsum o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. Chiroyli o‘yin va g‘alaba uchun futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman. Bugungi g‘alabani muxlislarimizga bag‘ishlaymiz. Bizni yana qiziqarli o‘yinlar kutmoqda. Kelasi uchrashuvlarga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, muxlislarimizni xursand qilishga astoydil harakat qilamiz, -dedi Mirjalol Qo‘shoqovich.
AGMK matbuot xizmati.
Fikrlar