
Mourino kelishilgan o‘yinlarga ko‘nmadi
“Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino mavsumning muhim pallasida jamoasi oldidagi vaziyatni tahlil qilib berdi va qolgan uchta uchrashuvda ham shogirdlari faqat g‘alaba qozonish uchun o‘ynashini uqtirdi.
- UEFA Konferentsiyalar ligasi finali bizni chempionatda qolgan ikkita uchrashuvimizdan chalg‘atmasligi kerak. “Roma” bor e’tiborini oldidagi oxirgi bir juft o‘yinga qaratishi shart.
Hozir men mavsumni beshinchi yoki oltinchi o‘rinda yakunlashni istayman. A Seriyaning bo‘lajak ikki o‘yinida biz bu maqsadimizga etish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz lozim.
Tabiiyki, tahlilchilardan musobaqa jadvalidagi joylashuvlarga tegishli turli taxmin va tahlillarni men ham eshityapman. Ularga ko‘ra, biz mavsumni sakkizinchi o‘rinda yakunlab, lekin Konferentsiyalar ligasining finalida zafar quchib, kelasi mavsumda Italiyadan sakkizta jamoa Evrokuboklarda qatnashishini ta’minlashimiz kerak ekan.
Albatta, sakkizta klubning xalqaro turnirlarga chiqishi Italiya futboli uchun fantastik natija bo‘ladi.
Lekin bu natija xuddi biz kabi mashaqqatli mehnat qilayotgan klublarga nisbatan adolatsio‘lik va hurmatsizlik evaziga bo‘lmasligi kerak.
Bizga “Venetsiya”ni mag‘lub etish juda katta ahamiyat kasb etadi. Chunki bu bizga kerak bo‘lgan muhim ochkolarni keltiradi. Qolarvesa, bo‘lajak uchrashuv joriy mavsumdagi o‘z maydonimizda o‘ynaydigan oxirgi o‘yinimiz. Muxlislarimizga bayram tuhfa qilib, chempionatning so‘nggi bellashuvi oldidan vaziyatni o‘zimiz nazorat qilish imkoniyaga ega bo‘lishni istaymiz.
Tarkibda jiddiy o‘zgarishlar qilishimni kutmang. Tabiiyki, bir-ikki yangiliklar bo‘lishi mumkin, biroq hozir tarkibda tubdan o‘zgarish qiladigan vaziyat emasyu
Genrix Mxitaryan hamon jarohatidan tiklanyapti. Biz uni mavsumning so‘nggi pallasida tezroq safga qaytishini kutyapmiz. Lekin Mxitaryan Konferentsiyalar ligasi finalida bizga yordam beradi, deb aniq aytolmayman.
Bizning ajoyib muxlislarimiz bor. “Venetsiya” bilan bo‘ladigan o‘yindan keyin ularni qutlab, o‘z minnatdorligimizni izhor qilamiz. Hammamiz maydonni aylanib chiqib, ularga bo‘lgan ehtirom va e’tiborimizni namoyish qilamiz. Bu mavsum ular bizni fantastik darajada qo‘llab-quvvatladi, - dedi Joze Mourino.
UEFA qoidalariga ko‘ra, kuchli beshlik chempionatlaridan biri bo‘lgan A Seriyada dastlabki to‘rtt o‘rinni egallagan jamoalar kelasi mavsum Chempionlar ligasida qatnashadi. Mourino ko‘zlayotgan beshinchi va oltinchi o‘rin egalari Evropa ligasiga yo‘llanma oladi. Ettinchi o‘rin sohibi esa Konferentsiyalar ligasida o‘ynaydi. “Roma” o‘tgan yili ettinchi pog‘onani band etgani uchun bu mavsum ilk bor tashkil etilgan Konferentsiyalar ligasida to‘p surmoqda.
Shuningdek, Konferentsiyalar ligasi g‘olibiga ham Evropa ligasining navbatdagi mavsumi uchun yo‘llanma beriladi.
“Roma” Konferentsiyalar ligasi finalida Niderlandiyaning “Feyenoord” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Hal qiluvchi o‘yin 25 may kuni Albaniyaning Tirana shahrida bo‘ladi.
Unga Joze Mourino shogirdlari 14 may kuni “Olimpiko”da “Venetsiya”ni qabul qiladi va chempionatning oxirgi turini 22 may kuni Turinda “Torino”ga qarshi o‘tkazadi.
Ayni paytda A Seriya musobaqa jadvalida Evropa ligasining ikki yo‘llanmasiga jami to‘rt jamoa da’vogarlik qilmoqda. Rimning ikkinchi klubi – “Latsio” 62 ochko bilan beshinchi pog‘onada turgan bo‘lsa, uni ta’qib qilayotgan “Atalanta”, “Roma” va “Fiorentina” hisobida 59 tadan ochko bor.
Chempionlar ligasining keyingi mavsumida Italiya sharafini A Seriyaning kuchli to‘rtligidagi o‘rinlarini kafolatlab bo‘lgan “Milan”, “Inter”, “Napoli” va “Yuventus” jamoalari himoya qiladi.
O‘runovni olish uchun premer-ligada o‘ynash kerak!
“Roma”ning po‘stagini qoqamiz!
Shomurodov, endi senga yanada qiyin bo‘ladi!
Fikrlar