
Muhammadievning pullarini to‘lash uchun mashinasini sotgani, Agishevning o‘yinga tayyor emasligi va "Buxoro"ning g‘alabasi tortib olinganidan norozi bo‘lgan Hasan Ro‘zievdan jiddiy munosabat
“Buxoro” va AGMK o‘rtasidagi uchrashuvdagi hakamlik turli e’tirozlarga sabab bo‘layotgani rost. Axir Vadim Agishev uchrashuvga to‘rt daqiqa vaqt qo‘shib bersa-yu, raqib 90+7-daqiqada gol ursa?! Haqiqatni tan olish lozimki, “Buxoro” o‘z mehnati bilan g‘alabaga haqli edi.
Umumiy ma’noda olib qaraganda, buxoroliklarning o‘yinida ijobiy tarafga o‘zgarishlar bor, legionerlarsiz ham klub mahalliy futbolchilar bilan binoyidek o‘ynay olishini ko‘rsatmoqda. Ayni paytda “Buxoro” klubida bosh direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan sobiq hakam – Hasan Ro‘zievni ham ushbu bellashuvdagi hakamlik ishi qattiq g‘azablantirdi. U bilan muloqotimiz davomida esa bir qancha masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
“Yutamizmi-yutqazamizmi, barchasi halol bo‘lsin”
- Hakam uchrashuvga to‘xtalishlar uchun to‘rt daqiqa qo‘shib berdi. Bu nima uchun? O‘yin davomida futbolchilarning almashtirilishi, shifokorlarning maydonga chiqib tibbiy xizmat ko‘rsatishgani kabi holatlar inobatga olinib, bosh hakam to‘rt daqiqa qo‘shdi. Misol uchun birinchi va ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida o‘yinchilarga suv berilmadi. Ko‘rdingiz, bizning o‘yinchilarimiz yosh va shijoatli. Biz ularga faqat futbol o‘ynashni uqtiryapmiz. E’tibor berdingizmi, bahs davomida birorta futbolchimiz o‘yin cho‘zmadi, ataylab maydonga yotib olmadi. Yigitlarimizga umuman simulyatsiya ishlatmasliklarini uqtiryapmiz. Har qanday holatda ham halol o‘ynashni va qanday natija qayd etishimizdan qat’iy nazar adolatli bo‘lishini istaymiz. Yosh yigitlarimizni shunga o‘rgatib kelyapmiz, ular endi o‘sib kelayotgan g‘uncha. O‘rinbosarlar tarkibidan ham bir qator o‘yinchilarni qo‘shganmiz.
“Buxoro”ga umuman legionerlar kerak emas”
- Xorijlik legionerlarning barchasiga javob berdik. “Buxoro”ga umuman legionerlar kerak emas. Aslida esa legionerlarning barchasi bosh og‘riq. Futboldan ham yuqori darajadagi ishlar bor. Jamoamizda esa moliyaviy tomondan muammolar yo‘q emas. Misol uchun to‘rt oydan beri maosh olingani yo‘q, ammo biz chidab ishlayapmiz. Buning sababi bor. Shaxsiy mashinamni sotib oldingi bosh murabbiy Muhsin Muhammadiev bilan hisob-kitob qildik. Buxoro futboliga jonim achiganidan o‘z mashinamni sotib, sobiq murabbiyni pullarini to‘ladik. Agar ishonmasangiz, uning o‘zidan ham so‘rang. Nima uchun bu ishni qildim? O‘zbekiston, O‘FA, PFL va Buxoro uchun. Ya’ni, ertaga sharmanda bo‘lib qolmasligimiz kerak edi. “Navbahor”da ishlagan murabbiyga o‘xshab bu ham FIFAga arz qilmasligi uchun shunday yo‘l tutdim. Legionerlar bizni “bo‘g‘ib” qo‘yishdi. Shuning uchun xorijlik o‘yinchilarni olishga odam qo‘rqib qoldi. O‘zbekiston chempionatida birgina Cheranni hisobga olmaganda qolganlarini legioner, deb hisoblamayman. Undan ko‘ra, o‘zimizni qora ko‘zlarimiz bor-ku. Mana, “Buxoro”dagi yoshlar AGMKga qarshi qanday o‘ynadi? Bu vaziyatda murabbiylarimizning tajribalari bor. Jamshid Saidov, Aleksandr Xomyakovni yaxshi bilasiz. Ular katta hajmdagi ishlarni bajarishyapti.
“AGMK bilan o‘yindagi hakamlik hammasidan oshib tushdi”
- AGMK bilan bahsda biz hech bir jabhada yutqazmadik. Ushbu uchrashuvda ozgina qahramonlik ko‘rsatmoqchi bo‘lgandik. Buning uchun futbolchilarimiz qattiq harakat qilishdi. Bu bizning yutadigan o‘yinimiz edi va hatto g‘alaba qozongandik ham. Olmaliqliklarning mavsumdagi birinchi mag‘lubiyatini biz qo‘ymoqchi edik. O‘yindan keyin yosh futbolchilarimiz echinish xonasida qattiq iztirob chekishdi, yig‘lashdi. Hakam to‘rt daqiqa qo‘shdimi, o‘sha vaqt tugadimi, bo‘ldi tugatish kerak edi. Lekin Vadim Agishevni qilgan ishi...U esankirab qoldi, chempionatda ketma-ket to‘rtinchi uchrashuvni boshqardi, balki shuning uchun charchab qoldimi? Agishevni mutlaqo tushunmadim. Fakt shuki, u kechagi o‘yinga tayyor emasdi. U esa engil o‘yin bo‘ladi, deb o‘ylagan. “Buxoro” oxirgi o‘rinda, AGMK 4-5 ta gol uradi, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak, ammo qattiq adashibdi. Biz endi bunday o‘ynamaymiz. Ko‘rayotgan bo‘lsangiz, jamoa o‘yini o‘zgargan. Endi barcha jamoaga chinakamiga bosh-og‘riq bo‘lamiz. 5 sentyabrda “Paxtakor”ga qarshi o‘ynaymiz, o‘sha bellashuvda ham oxirigacha kurashamiz. Faqat yigitlarimizning ruhiy holatini o‘ziga keltirib olishimiz kerak. Chunki AGMK bilan uchrashuv futbolchilarimiz uchun og‘ir ruhiy zarba bo‘ldi. “Bunyodkor” bilan o‘ynaganimizda ofsayddan gol urishdi, hakamlar buni hisoblashdi va ikki ochkodan mahrum bo‘ldik. “Qizilqum”ga qarshi o‘yinda esa yo‘q joydan penalti belgilashdi, darvozamizga. AGMK bilan uchrashuvdagi hakamlik esa hammasidan oshib tushdi, bu sharmandalik! Bo‘ldi-da endi, pichoq borib suyakka qadaldi. “Bunyodkor” va “Qizilqum”ga qarshi bellashuvlardagi hakamlarning xatolari uchun indamagandik. Kechagi uchrashuvdan keyin esa buxorolik ko‘plab muxlislar bizga qo‘ng‘iroq qilib hakamlik uchun jiddiy e’tirozlarini bildirishdi va arz qilishlarini aytishdi, biz esa ularni tinchlantirishga harakat qildik.
“Agishev “Buxoro”ning g‘alabasini tortib oldi”
- 90+6-daqiqada hakam penalti belgiladi. E’tibor bering, Agishev aslida to‘rt daqiqa qo‘shgan va bu vaqt allaqachon tugagan. Penalti tepilishidan avval esa, bosh hakam barcha o‘yinchilarga penalti tepilgach, har qanday holatda ham o‘yin tugaydi, deb ularni ogohlantirishi kerak edi. Agishevning xatosi esa shunga amal qilmadi. Darvozabonimiz penaltini qaytarganidan keyin esa himoyachimiz Bobur Omonovning ortidan raqib hujumchisi Shahzod Nurmatov turtildi. Hech bo‘lmasa ana shu vaziyatda bosh hakam uchrashuv tugagani haqidagi hushtagini chalmaydimi? Ammo u “Buxoro”ning g‘alabasini tortib oldi va bizni ikki ochkodan mahrum qildi. Holbuki, yaxshi o‘yin bo‘ldi, bizning va ularning darvozalariga chiroyli gollar urildi.
“Penalti belgilanganida o‘yin tugab bo‘lgandi”
- Belgilangan penaltiga kelsak, o‘sha vaziyatda o‘yinchimiz raqib futbolchisiga teginib ketdi, lekin o‘zi buni atayin qilmagandi. U erda penalti yo‘q edi, degan gapdan yiroqman. Hozir oqni oq, qorani qora, deydigan payt kelgan. Biroq hakam penalti belgilaganida o‘yin allaqachon tugab bo‘lgandi.
“Shikoyat yozsak ham, yozmasak ham hakamlar departamenti vaziyatni ko‘rib chiqadi
- Shikoyat yozsak ham, yozmasak ham hakamlar departamenti bu vaziyatni hal qilishadi. U erdagi mutaxassislar albatta ko‘rib chiqishadi. O‘zim esa hakamlar departamenti boshlig‘i Arslon aka Hotamovga murojaat qilib, vaziyatlarni ko‘rib chiqinglar, bu birinchisi emas, asosan “Buxoro” ishtirokidagi uchrashuvlarda shunday holatlar bo‘layotganini aytdim. Boya aytdim-ku, “Bunyodkor” va “Qizilqum”ga qarshi o‘yinlardagi hakamlarning xatolari uchun indamagandik, mayli hamma ham xato qiladi, o‘zim ham hakamlik qilganimda xato qilgandim. Ammo bizga qarshi bunday holatlar ketma-ket sodir bo‘lyapti-da. Biroq AGMK bilan uchrashuvdagi hakamning ishi xato emas, u atayin qildi. Xo‘p, Agishev o‘yinni cho‘zar ekan, unda 4 daqiqa o‘rniga 8 daqiqa qo‘shib bermaydimi? Yana qaytaraman, u o‘yinga tayyor emasdi. To‘g‘ri, AGMK kuchli tarkibga ega, Mirjalol Qosimovni hurmat qilamiz, tajribali murabbiy. Lekin hakam qo‘rqib o‘yinni boshqarmasligi kerak. Axir Buxoroda ham hokimdan tortib, bazaning qorovuligacha hamma muxlislik qilib turishibdi. Agar AGMKni yutganimizda 9 ochko bilan 12-o‘ringa chiqib olardik. Klub ikki ochkosi borligida olindi, oradan bir-ikki oy o‘tdi. Bilasiz, “Buxoro” hammaga yutqazayotgandi. Mana endi, jamoa o‘yinida o‘zgarish bor. Jamoamizdagi o‘yinchilarga qanday qoidabuzarliklarga sariq yoki qizil kartochka berilishini, simulyatsiya qilish bizda to‘xtatilganini, jarohat olsa ham erkakchasiga o‘ynashni, vaqtni sun’iy cho‘zmaslikni, hakam bilan tortishish kerak emasligi haqida tinmay uqtiryapman. Biroq tajribali hakam hisoblangan Vadim Agishevning xatti-harakatlari hammasidan oshib tushdi.
Fikrlar