Mundial sari. Tanishing - Serbiya terma jamoasi

  • 1 iyun, 2018, 14:41
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Barchamizga ma’lumki sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti siz aziz muxlislarni mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bu safar jahon chempionatlarida alohida davlat sifatida ikkinchi bor ishtirok etayotgan Serbiya terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.

Tecno

Serbiya terma jamoasi 2003 yilning fevraliga qadar sobiq Yugoslaviya, 2006 yilning 28 iyuliga qadar esa Serbiya va Chernogoriya terma jamoasi sifatida xalqaro musobaqalarda ishtirok etib keldi. Shundan so‘nggina Serbiya alohida davlat sifatida FIFA a’zoligiga qabul qilindi. Serbiya terma jamoasi o‘zining ilk uchrashuvini 2006 yilning 16 avgust kuni Chexiyaga qarshi o‘tkazdi va 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Jahon chempionatlaridagi ishtiroki

Yuqorida aytib o‘tganimizdek Serbiya uzoq muddat jahon chempionatlarida sobiq Yugoslaviya terma jamoasi tarkibida ishtirok etib keldi. Faqatgina 2010 yilgi Janubiy Afrika mundialiga kelib Serbiya alohida mamlakat sifatida o‘z ishtirokini boshladi. Ammo, Germaniya, Gana va Avstraliya terma jamoalari bilan bir guruhdan joy olgan serbiyalilar yakunda guruhda 4-o‘rinda qolib ketishdi. Serbiya terma jamoasining jahon chempionatlaridagi debyuti shu tariqa guruh bosqichidayoq yakun topdi.

Oradan 4 yil o‘tib mundialga Braziliya mezbonlik qildi. Biroq, serbiyaliklar bu safar ham saralashdan o‘ta olishmadi. Nihoyat 2018 yilga kelib Serbiya mustaqil davlat sifatida jahon chempionati final bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi. Ular musobaqaning guruh bosqichida Braziliya, Shveytsariya va Kosta-Rika terma jamoalariga qarshi kurash olib borishadi.

Qit’a birinchiliklaridagi ishtiroki

Serbiya alohida davlat sifatida UEFAga a’zo bo‘lganidan buyon 3ta (2008, 2012 va 2016) Evropa chempionati saralashida ishtirok etdi. Ammo, ularning barchasida muvaffaqiyatsizlikda uchradi.  

Serbiya terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar

Eng yirik g‘alabasi: 2007 yil 17 oktyabr, Ozarbayjon – Serbiya 1:7.

Eng yirik mag‘lubiyati: 2012 yil 12 oktyabr, Belgiya – Serbiya 3:0.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Deyan Stankovich (103).

Eng yaxshi to‘purar: Stepan Bobek (38).

FIFA reytingidagi o‘rni: 35-o‘rin (2018, may).

 

Bundan bir necha kun oldin Mladen Krstaich boshchiligidagi Serbiya terma jamoasi murabbiylar shtabi JCh-2018da ishtirok etadigan futbolchilarning kengaytirilgan tarkibini e’lon qildi.

Darvozabonlar: Vladimir Stoykovich ("Partizan"), Marko Dmitrovich ("Eybar"), Predrag Raykovich ("Makkabi Tel-Aviv"), Aleksandar Yovanovich ("Orxus");

Himoyachilar: Aleksandar Kolarov ("Roma"), Branislav Ivanovich ("Zenit"), Dushko Toshich ("Guanchjou Fuli"), Antonio Rukavina ("Vilyarreal"), Matiya Nastasich ("Shalke"), Milosh Velkovich ("Verder"), Milan Rodich ("Tsrvena Zvezda"), Urosh Spayich ("Krasnodar"), Nikola Milenkovich ("Fiorentina");

Yarim himoyachilar: Nemanya Matich ("Manchester Yunayted"), Sergey Milinkovich-Savich ("Latsio"), Luka Milivoevich ("Kristal Pelas"), Adem Lyayich ("Torino"), Miyat Gachinovich ("Ayntraxt"), Marko Gruyich ("Kardiff"), Nemanya Maksimovich ("Valensiya"), Nemanya Radonich ("Tsrvena Zvezda"), Dushan Tadich ("Sautgempton"), Filip Kostich ("Gamburg"), Andriya Jivkovich ("Benfika");

Hujumchilar: Aleksandar Mitrovich ("Fulxem"), Aleksandar Priyovich (PAOK), Luka Yovich ("Ayntraxt").

Ma’lumot uchun, Serbiya terma jamoasi o‘zining mundialdagi ilk uchrashuvini 17 iyun kuni Kosta-Rika terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!