Mundialda Husanov bilan to‘qnashgan Ronalduning Abduqodirga nimalar degani oshkor bo‘ldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasining mundial guruh bosqichida Portugaliyaga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvida Abduqodir Husanov bir necha marotaba Krishtianu Ronaldu bilan gaplashgani muxlislar e’tiborini topdi.
Suhbat nima haqida bo‘lgani ko‘pchilikni qiziqtirib keladi.
Sports.uz portali ozbek futboli afsonasi Azamat Abduraymovning “Sport Ekspress” nashriga bergan intervyusini o‘quvchilar e’tiboriga havola qiladi. Bu intervyuda Abduraymov hamma qiziqtirgan Husanov va Ronaldu dialogi nima haqida bo‘lganini aytib o‘tgan.
- O‘zbekistonda yangi Abduqodir Husanovlar paydo bo‘lishini kutish mumkinmi?
- Albatta! Husanov mening shogirdlarimdan biri ekanini mamnuniyat bilan aytaman. Men u bilan 14 yoshidan 16 yoshigacha o‘smirlar terma jamoasida ishlagandim. U mening jamoamda endigina o‘ynay boshlagan paytlardayoq futbolga juda berilgan va uni qattiq yaxshi ko‘radigan yigit edi. U uchun futbol har doim hayotdagi eng muhim narsa bo‘lgan. Bundan tashqari, uning otasi ham futbolchi.
O‘zbekistonda bunday iste’dodlar bor. So‘nggi yillarda turli yosh toifalaridagi terma jamoalarimiz Osiyo chempionatida g‘olib chiqqani, jahon chempionatlarida qatnashayotganining o‘zi katta rag‘bat va o‘zini ko‘rsatish imkoniyatidir. Bu kuchli klublardan taklif olishga ham yordam beradi. Abduqodir bilan ham xuddi shunday bo‘ldi.
- Uning shunday darajagacha o‘sib, nafaqat “Manchester Siti” asosiy tarkibiga kirishi, balki mavsum yakunlariga ko‘ra jamoaning eng yaxshi uch futbolchisidan biri nomiga da’vogarlik qilishini tasavvur qila olgandim?
- Rostini aytsam, hech qachon! Agar o‘shanda buni bilganimda, uning agenti bo‘lardim! Ammo uning juda yaxshi bola ekani, jamoamdagi eng yaxshi yigitlardan biri ekani aniq edi. Shuning uchun undan juda xursandman. Har safar uni ko‘rgandimda omad tilayman. Va boshidan qanday professional bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha qolishini istayman.
- Jahon chempionati davomida u bilan gaplashishga ulgurdingizmi?
- Yo‘q. Chunki bu juda mas’uliyatli palla edi. Nafaqat men, balki barchamiz yigitlarning ruhiy holatini tushungan holda ularni bezovta qilmaslikka harakat qildik. Biz uning otasi bilan do‘stmiz, u faxriylar jamoamizda o‘ynaydi. Otasi orqali unga katta salom yo‘lladim.
Otasi menga qiziq bir voqeani aytib berdi, bu Abduqodir bilan Krishtianu Ronaldu o‘rtasidagi suhbat haqida.
Portugaliyalik futbolchi bir payt unga:
“Sen juda tezsan”, — debdi.
Abduqodir esa javob qaytaribdi:
“Sen ham juda tezkorsan!”
Shunda Ronaldu kulib:
- “Yo‘q, men endi meni yoshim o‘tib qoldi!” - debdi.
Shuningdek, u Husanovga og‘ziga qo‘lini qo‘ymaslikni maslahat bergan, chunki hozir bunday harakat uchun maydondan chetlatishlari mumkinligini aytgan.

Fikrlar