"Murabbiylar shtabi evropaliklardan tashkil topadi, tarkib o‘zagi saqlab qolinadi" - "Neftchi" yangi bosh murabbiyi Islom Ismoilov ishtirokida matbuot anjumani
Xabaringiz bor, joriy mavsum yakunidan so‘ng "Neftchi" PFKga Islombek Ismoilov bosh murabbiy etib tayinlandi. Shu munosabat bilan bugun klub matbuot xizmati tomonidan OAV vakillari uchun yangi mavsum oldidan matbuot anjumani tashkilandi.
Matbuot anjamanida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.
- Avalambor, birinchi navbatda boy tarixga ega, katta armiyaga ega muhlislari bor klubni boshqarishni menga ishonib topshirishganligi uchun klub rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Faoliyatimda "Neftchi" men uchun yangi chaqiruv, yangi bosqich , katta ishonch va shu bilan birgalikda katta ma’suliyat hamdir. Asosiy maqsadlarimdan biri muxlislar mehrini qozonish hamda "Neftchi" jamoasini yangi bosqichga olib chiqish uchun bor kuchim bilan harakat qilishdir. Bular osongina hal bo‘lmaydi, lekin biz bu yo‘lda birgalikda jamoa, muxlislar barchamiz birgalikda harakat qilishimiz lozim.
- Avvalambor sizni "Neftchi" jamoasida ko‘rib turganimizdan xursandmiz, joriy mavsumda jamoa uzoq kutilgan chempionlikni qo‘lga kiritdi. Mavsum oldidan rejalar qanday?
- Birinchi navbatda chempionlikni munosib himoya qilish, Elit Osiyo chempionlar ligasi musobaqasida yurtimiz sha’nini munosib himoya qilish, shuningdek Farg‘ona viloyati hokimining yoshlarga berayotgan e’tibori misolida "Neftchi" jamoasi akademiyasi o‘z faoliyatini boshladi. Akademiya O‘zbekistondagi eng ilg‘or akademiyalardan biri bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Kelgusida asta sekinlik bilan jamoa falsafasini, o‘yin uslubini yoshlarga tayanadigan jamoaga aylantirish maqsadidamiz. Shu bilan birgalikda tajribali futbolchilar orqali yoshlarga o‘rnak va maydonda o‘rganishlari lozim bo‘lgan jihatlarni olishlari uchun tajribali futbolchilarni o‘rni ham jamoada muhim hisoblanadi.
- Jamoamizni 2026 yilda qanday taktik uslubda ko‘ramiz?
- Birinchi navbatda hujumkor futbolni targ‘ib qilamiz. Lekin doimiy ravishda hujumkor futbol o‘ynashni imkoni ham yo‘q, asosiy maqsadimiz muxlislarga manzur bo‘ladigan chiroyli va sifatli futbol namoyish etish.
- Yangi mavsum oldidan jamoa rejalari haqida ma’lumot bersangiz?
- Mavsum oldidan jamoamiz yangi yilning 5 yanvar sanasida Turkiyaning Antaliya shahriga o‘quv yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun jo‘nab ketadi. U erda nazorat uchrashuvlarida maydonga chiqish ham ko‘zda tutilgan. O‘quv yig‘in mashg‘ulotlari 15 fevralda tugaydi va yurtimizga qaytib kelamiz. Umuman olganda, yangi mavsumga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rish nazarda tutilgan.
- Sizni bosh murabbiy lavozimida ko‘rib turganimizdan xursandmiz. O‘tgan mavsumda jamoa nisbatan himoyaviy futbol o‘ynagandek ko‘ringandi. Yangi mavsumda hujumkor futbol ko‘rishimiz mumkinmi?
- Shu o‘rinda jamoaning sobiq bosh murabbiyi Vitaliy Levchenkoga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman. Har bir murabbiyning futbolda o‘zining qarashlari va o‘yin uslubi bo‘ladi. Kimdir hujumkor, kimdir himoyaviy futbolni xush ko‘radi. Mening falsafam aytib o‘tganimdek, himoyani esdan chiqarmagan holda hujumkor futbolni targ‘ib qilishdir.
- Shu savolga qo‘shimcha qilaman, bilamiz Vitaliy Levchenko 3-5-2 taktikasida futbol o‘ynar edi. Agar ushbu mavsumda jamoa o‘zagi saqlanib qolinsa, sizning taktik uslubingizga futbolchilar moslashishi haqida qanday fikrdasiz?
- Albatta, jamoadagi futbolchilar o‘z ishini ustasi va professionallar hisoblanadi. Ular istalgan sxema va taktikada futbol o‘ynay olishadi. O‘ylaymanki, futbolchilar bilan moslashishda muammo bo‘lmaydi.
- Kecha klub matbuot xizmati tomonidan Xans-Yurgen Gede yordamchingizga aylangani haqida xabar berildi. Murabbiylar shtabi haqida qo‘shimcha ma’lumot bersangiz?
- Kecha germaniyalik mutaxassis Xans-Yurgen Gede bilan shartnoma imzolandi. Shuningdek, rejaga ko‘ra murabbiylar shtabi asosan Evropa mamlakatlaridan jalb qilinadi. Bunga sabab, jamoa kelajakda zamonaviy va sifatli futbol ko‘rsatishi inobatga olinmoqda. Buning uchun albatta viloyat rahbariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
- Futbolda shaxsiy qobiliyat (insting, sezgirlik) yoki analitika. Qaysi biriga ko‘proq ishonasiz?
- Har ikkisi ham futbolda muhim jihatdir. Futbolni insonlar o‘ynaydi, robotlar emas. Uchrashuv paytida asosan birinchi o‘rinda tahlil qilinadi. Yangi mavsumda bunga katta e’tibor qaratamiz. O‘yinni rivojlantirish bo‘yicha aytib o‘tganimdek, Evropadan mutaxassislar jalb qilinadi. Lekin qaerdadir inson o‘yin holatidan kelib chiqib vaziyatni o‘zida his qilishi kerak. Ko‘proq analitikaga ham quloq tutish zamonaviy futbolni qonuni hisoblanadi.
- Yoshlar jamoasi yangi mavsumda sizning ish rejangizda bormi? Ularni yangi mavsum uchun rejalari qanday?
- Hozirdan yangi mavsum uchun ishlar boshlab yuborilgan va yoshlarga katta e’tibor qaratiladi. Mashg‘ulotlarga yosh futbolchilar jalb qilish bo‘yicha bosqichma-bosqich rejalar tuzilgan. Asosiy maqsadlarimizdan biri, iqtidorli futbolchilarni katta futbolga olib kirish hisoblanadi. Bu katta mehnat talab qiladi. O‘ylaymanki, yaqin yillarda jamoamiz tarkibida bir nechta yosh futbolchilar yulduz bo‘lib porlashiga bor kuchimizni ishga solamiz.
- Ayni vaqtda futbolda standart vaziyatlar natija olib kelish uchun asosiy qurolga aylanmoqda. Savolim shuki, murabbiylar shtabida aynan shu jihatlarga e’tibor beradigan mutaxassisni ko‘ramizmi?
- Hozirga kelib yordamchi murabbiy shtabga jalb qilindi. Oldimizda ikkita masala qoldi. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy va darvozabonlar murabbiyi. Bu borada kerakli mutaxassislar bilan bog‘langanmiz. Barchasini yo‘lga qo‘yib olsak albatta, siz aytgandek har bir detallarni o‘rganib chiqamiz. Jamoamiz uchun munosib mutaxassis zarur deb topilsa albatta, shunday mutaxassisni jamoaga taklif qilamiz.
Murabbiy va mutaxassislarning barchasi Evropadan kelishi ko‘zda tutilgan.
- Jamoaga kelganingizdan so‘ng birinchi navbatda ishni nimadan boshladingiz?
- Avvalo tayyorgarlik ko‘rish rejalari ustida ishladik. Jamoaning o‘zagi saqlanib qolinadi. Jamoa allaqachon shakllangan. Futbolchilarga ishonch bildiramiz va shu bilan birga yosh futbolchilarni ham tarbiyalashga katta e’tibor qaratamiz.
- Oldinda Elit liga musobaqasi turibdi. Jamoa tarkibi kuchaytiriladimi?
- Elit liga uchun tayyorgarlik boshlangan. Jamoa tarkibiga kelsak, hozirgi chempion tarkibda juda katta potentsial bor. Ularga ishonch bildirilsa, o‘yin uslubi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa katta salohiyatga ega futbolchilarimiz Elit ligada nimalarga qodirligini ko‘rsata oladi.
- Selektsiya jarayoniga kech qolmayabmizmi?
- Selektsiya ishlari amalga oshirilmoqda. Barcha muzokaralar yakuniga etsa jamoa matbuot xizmati tomonidan e’lon qilinadi.
- Yangi mavsumdagi intriga haqida nima deya olasiz?
- "Neftchi" jamoasining yangi mavsum uchun rejalari bor. Biz hech qaysi jamoadan qo‘rqmaymiz va umid qilamizki muxlislar daldasi bilan chiroyli g‘alabalarga erishib, ularni xursand qilamiz.
- 2026 yilda Islombek Ismoilov "Istiqlol" stadioniga keladigan muxlislardan nima kutmoqda?
- Joriy mavsumda muxlislarimiz statistik jihatidan ham, muxlislik etikasi tomonidan ham mamlakatimizda etakchi bo‘la olishdi. Yangi mavsumda ham bundan-da yuqori darajani kutamiz. Xabarim bor, muxlislarimiz yangi mavsum uchun tayyorgarliklarni boshlab yuborishdi. O‘ylaymanki, ular bu yilgidan-da, ko‘proq jamoani qo‘llab-quvvatlashadi va jamoamiz ham shunga munosib ravishda muxlislarini xursand qilishga bor kuch g‘ayratini ishga soladi.
Fikrlar