
"Nasaf", "Nasaf", "Nasaf". Diyor Imomxo‘jaev "ajdarlar"ning yutuqlari va nega OFK talabini bajara olmaganiga e’tibor qaratdi
"Nasaf" klubi yaxshi infrastruktura va barcha jamoalariga ega. Uning salohiyati OFK musobaqalarida ishtirok etishga etadi, faqat jamoadagilar biroz e’tiborliroq bo‘lishi kerakligini ta’kidladi PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jaev.
- "Nasaf" futbolimizning eng yaxshi loyihalaridan biri.
"Nasaf" ayollar futboliga "Sevinch" ko‘zi bilan qaraydi, futzal jamoasi bor.
"Nasaf" Superligada ikkinchi, U-21 da uchinchi, U-18 da birinchi. "Nasaf" U-15 va U-13 da ham o‘z o‘rniga ega.
"Nasaf" o‘z stadioni va o‘z akademiyasiga ega bo‘lgan O‘zbekistonning bir qo‘l barmoqlari bilan sanaladigan klublaridan biri.
"Nasaf" buxgalteriya hisobotlarini vaqtida yuritsa, "Nasaf"da qarzdorliklar bo‘lmasa, "Nasaf" mutaxassislari OFK talab qilgan sertifikatlarga ega bo‘lsa va shu shularning hammasi iyul oyiga qadar OFK tizimiga birma-bir, qunt bilan joylashtirilsa, OFK litsenziyasini olishda hech qanday muammo bo‘lmaydi.
"Nasaf" misolida yozilgan jihatlar qolgan klublarga ham tegishli. Biz shunday loyihalarni ko‘paytirish orqaligina sezilarli o‘sishga erishamiz. OFK talab qiladigan litsenziyalash talablarining asl maqsadi — barcha klublarni kamida shunday loyihaga aylantirishdan iborat.
Ko‘ryapsiz-a, OFK kimning muxlislari eng zo‘r, kimning tankasi kuchliroq, deb so‘ramayapti. Qaysidir murabbiy qaysidir jamoani kuchaytirdimi, natijalari yaxshilanib qolibdi-a, demayapti. OFK infratuzilmangni, mutaxassislaring darajasini ko‘rsat, sening kimligingni aytaman, deyapti. Biz buni hurmat qilishimiz kerak.
Biz bir marta chempion bo‘lib, keyin yo‘qolib ketadigan yoki bir porlab sovrindor bo‘ladiganlar bilan hech narsaga erishmaymiz. "Buxoro" bir marta to‘rtlikka kirdi, ammo bu bilan nimadir o‘zgarmadi, bugun quyi ligada va hokazo. "Do‘stlik" yoki MXSK bugun yo‘q. Qo‘qon yoki Jizzax klubi saviyasini oshiryapti. Ammo unutmaylik, asosiy natija bilangina OFK hech qachon klubni tan olmaydi, unga tizimli rivojlanish kerak. Shuning uchun ham "Nasaf", "Mash’al", "Paxtakor", "Bunyodkor" kabi loyihalar ko‘payishi va keyinchalik ular bo‘rilar tomonidan talanishi emas, o‘z ishining ustalari tomonidan rivojlanishda davom etishi muhim, - dedi Diyor Imomxo‘jaev.
Fikrlar