
"Nasaf" va AGMK o‘tgan yili ham kubok yarim finalida to‘qnash kelgan. Fantastik o‘yinni yodga olamiz
O‘tgan mavsumda, ya’ni 2021 yil 24 noyabr sanasida O‘zbekiston kubogi yarim final uchrashuvlari o‘tkazilgan. Unda "Paxtakor" "Bunyodkor"ga qarshi bahs olib borgan bo‘lsa, AGMK o‘z maydonida "Nasaf"ni qabul qilgan. Biz bu mavsumda ham yarim finalda to‘qnash kelgan Olmaliq va Qarshi klubining o‘tgan mavsumdagi yarim final o‘yinini yodga olamiz.
Superligadagi o‘yinlar haqida.
O‘sha mavsumda ham jamoalar ikki o‘yinda durang natijaga rozi bo‘lishgan. Olmaliqdagi o‘yin ham, Qarshidagi bahs ham bir xil 1:1 hisobida yakunlangan. Qizig‘i, ikki klub bu mavsumda ham chempionat doirasida o‘zaro durang natijalar qayd etdi. Qoldirilgan 3-tur o‘yinida 2:2 hisobida Berdiev va Qosimov shogirdlari jangovor durangga imzo chekkan. 16-turdagi uchrashuvda esa jamoalar nursiz durang qayd etgan - 0:0. Ko‘rib turganingizdek, ushbu ikki klub o‘zaro o‘yinlarda faqat durang natija qayd etilib kelinmoqda. Ammo bu safar bunday bo‘lmaydi. Sababi, kubokda faqat bitta jamoa finalga yo‘l oladi.
Final ostonasidagi "olovli jang".
Yarim final oldidan AGMK "Qizilqum"ga qarshi dramatik o‘yinda ishtirok etib, 90+3-daqiqadagi gol evaziga keyingi bosqichga yo‘l olgandi. "Nasaf" esa Jizzaxda "So‘g‘diyona"ni penaltidan urilgan yagona gol evaziga mag‘lub etgan. Yarim finaldagi o‘yin esa mavsumning "bezagi"ga aylangan, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Asosiy vaqtda hisob ochilmagan. 38-daqiqada Husain Norchaev penaltidan unumli foydalana olmaydi. Uning zarbasidan so‘ng to‘p darvoza to‘siniga tegib, maydon tashqarisiga chiqib ketadi.
Shuningdek, bahsning 61-daqiqasi o‘tib borayotgan bir paytda Marko Stanoevich qo‘pol harakati uchun maydondan chetlatiladi. Bir kishi kam bo‘lib qolgan "ajdarlar" qolgan 30 daqiqani 0:0 hisobida yakunlashga muvaffaq bo‘ladi.
Ekstra-taymlar start olgach, oradan 4 daqiqa vaqt o‘tib, Alibek Davronov uchrashuvda hisobni ochadi. U burchakdan oshirib berilgan to‘pni boshi bilan darvozaga joylab qo‘yadi - 0:1.
110-daqiqada Sanjar Shoahmedov hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ladi. Ammo bosh hakam VARni ko‘rib chiqqach, ofsayd holati borligini qayd etadi. Afsuski, translyatsiya sifati "juda yuqori" bo‘lgani bois videoda bu yaxshi ko‘rinmagan. Maydon holati ham "havas qilsa arzigulik" darajada bo‘lgan ekan:)
120+1-daqiqada esa juda qiziq holat ro‘y beradi. AGMK safida Dilshod Ahmadaliev yana bir bor gol urishga erishadi. Ammo hakam golni bekor qilib, aksincha, mehmonlar foydasiga penalti belgilaydi. Sababi, olmaliqliklar tezkor qarshi hujumga o‘tib ketishidan oldin "Nasaf" futbolchisiga nisbatan darvozabon Valijon Rahimov qo‘pollik ishlatgani ma’lum qilinadi. "Nasaf" safida 11 metrlik jarima zarbasini Andriya Kaluderovich golga aylantiradi - 0:2.
Super to‘qnashuv 2:0 hisobida Ro‘ziqul Berdiev shogirdlarining g‘alabasi bilan yakun topadi. O‘sha bellashuv ko‘pchilikning yodida qolgan va hammaning e’tiborini torta olgandi. Finalda "ajdarlar" yana bir kishi kam bo‘lib, Superligada g‘olib bo‘lgan "Paxtakor"ni ham mag‘lub etadi. Katta ehtimol bilan Olmaliqdagi o‘yin qarshiliklarga qo‘shimcha kuch bera olgan.
Istagimiz, jamoalar bu safar ham shiddatli va esdan chiqmaydigan chiroyli o‘yin namoyish etishsin. Kim g‘olib bo‘lishining farqi yo‘q, muhimi, futboldan bahra olaylik!!!
Shohrux Zoirov tayyorladi.
Fikrlar