
"Nasaf"da iz qoldirib, Olimpiadaga oshiqayotgan iste’dod sohibi
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ham navbatdagi yig‘inini boshlaganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Lyubinko Drulovich boshchiligidagi jamoamiz a’zolari ko‘zlangan maqsad sari ishlashda davom etishyapti. Tarkibga e’tibor qaratsak, ko‘pchiligi «Nasaf» jamoasining tarbiyalanuvchilari ekanligini ko‘rish mumkin. Chindan ham qarshiliklar safida iqtidorli yigitlar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. Shu sababdan olimpiya terma jamoasida ham «Nasaf» vakillari asosiy figuralar qatorida tilga olinmoqdalar. Masalan, qanot yarim himoyachisi Islom Kenjaboev haqida doim iliq fikrlar bildiriladi. Tabiiyki, terma jamoa murabbiylari ham ushbu o‘yinchiga katta ishonch bilan qarashmoqda. Ma’lum vaqt jarohat tufayli yig‘inlardan chetda qolgach futbolchining yana tarkibga qaytgani olimpiya jamoamizning o‘yinini kuchaytirishiga shubha yo‘q. Aytish kerakki, Islom Kenjaboev bilan muloqot davomida bir qator muhim fikrlarini ham bildirib o‘tdi. Avvalo u olimpiya terma jamoasining yig‘ini haqida to‘xtalib o‘tdi.
- Hozirda jamoaviy o‘yinni yanada yaxshiroq shakllantirishga harakat qilyapmiz, - deya gap boshladi, Kenjaboev. - Boisi tarkibimizga yana yangi o‘yinchilar qo‘shilgan. Ularning jamoaga moslashishi, o‘yin muhitiga ko‘nikishi borasida ishlar olib borilyapti. Bizning asosiy tayyorgarligimiz asosan Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritishga qaratilgan. Hozirgi yig‘inimiz davomida Eronga qarshi nazorat uchrashuvini o‘tkazyapmiz. So‘ng yanvarda Osiyo chempionati bahslarida qatnashamiz. Boya aytganimdek, Olimpiadada ishtirok etishimiz juda muhim. Jamoamizdagi muhit esa ajoyib. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ham milliy terma jamoamizning jahon chempionatiga va olimpiya terma jamoamizning Olimpiada musobaqasiga yo‘l olishi qanchalik muhim ekanligini his qilib turibmiz. Rahbariyatning bizga bo‘lgan ishonchi katta. O‘zimizga bo‘lgan mas’uliyat va ishonchni yanada yaxshiroq his qila boshlayapmiz.
Islom Kenjaboev «Nasaf»da Ro‘ziqul Berdievning kashfiyot futbolchilaridan biriga aylangandi. Shu sababli futbolchining rivojlanishida ushbu mutaxassisning o‘rni katta. Ayni paytda esa Kenjaboev O‘zbekiston olimpiya terma jamoasida Lyubinko Drulovich bilan birga ishlamoqda va serbiyalik mutaxassis ham Kenjaboevning imkoniyatlarini yuqori baholamoqda. Ikkala murabbiy bilan birga ishlagan holda ularning farqli tomonlari nimada ekanligi haqida so‘radik.
- To‘g‘risi, Berdiev ham, Drulovich ham kuchli murabbiylar. Ularni bir-biridan ajratib ko‘rsata olmayman. Masalan, «Nasaf»ga borganimda boshqacha talablar bo‘ladi, terma jamoada esa boshqa. Ularning ustun tomonlari ko‘p va ishlash uslublari ham turlicha.
Shuningdek, olimpiya terma jamoasida shug‘ullanayotgan futbolchi sifatida bosh murabbiy jamoadan nimani talab qilayotgani to‘g‘risida ham gapirib o‘tdi.
- Drulovich maydonda katta ishtiyoq bilan o‘ynashimizni istayapti. Buning ustiga bosh maqsadimiz bo‘lgan – Olimpiadaga chiqishimiz naqadar muhimligini bizga tinmasdan tushuntirib boryapti. Aynan shu yo‘lda biz butun jamoamiz bilan yagona kuchga aylana olamiz. Qilayotgan barcha mehnatlarimiz asosiy maqsadimizning amalga oshishiga qaratilgan.
Shuni ham ta’kidlash joizki, Islom Kenjaboevning «Nasaf»da porlab chiqqanidan keyin olimpiya terma jamoasida ham etakchilardan biriga aylanishini kutishmoqda. Shuni inobatga olganda, futbolchi termada o‘zini qanchalik etakchi deya hisoblaydi?
- O‘zimni aslo ajratib ko‘rsatishni xohlamayman, - deydi Kenjaboev. – Aslini olganda esa terma jamoamizda ajralib turadigan o‘yinchilar ko‘p. Lekin hamma o‘zidagi mas’uliyatni yaxshi tushunib turishadi va barchaning o‘ziga yarasha o‘rni hamda etakchilik xususiyatlari bor. Aytmoqchimanki, terma jamoamizda har bir futbolchi o‘z chizig‘i bo‘yicha muhim ahamiyatga ega, darvozabondan tortib hujum chizig‘igacha. Jamoada hammaning o‘rni bor.
Kenjaboev olimpiya terma jamoamizni ham yaxshi bilgan holda asosiy ustunligimiz nimada ekanligiga ham to‘xtalib o‘tdi.
- Bizda jamoaviy o‘yin yaxshi. Boya aytganimdek, hamma o‘zining pozitsiyasida ustunlikka ega. Kim nima qilishni va qanday vazifasi borligini yaxshi biladi. Aslida bizning hamma tomonlarimiz kuchli, faqat o‘ynash kerak. Barchasi o‘zimizga bog‘liq. Tarkibga qarang, Bobur Abduholiqov, Jasur Yaxshiboev, Aziz G‘aniev, Oston O‘runov, Islom Qobilov va yana bu ro‘yxatni davom ettirishim mumkin. Bari yaxshi o‘yinchilar shu erda. Shunday ekan, biz hech kimdan kam emasmiz. Raqobat ham kuchli. Men chap qanot yarim himoyasida o‘ynayman. Bu chiziqqa esa uchta da’vogar futbolchi bor. Har bir chiziqda 2-3 tadan raqobatchilar bor. Masalan, murabbiylar meni hujumda ham sinab ko‘rishyapti. «Nasaf»da ham ba’zida hujum chizig‘ida o‘ynab turaman. Shuning uchun bu menga begona emas.
Shu bilan birga ushbu o‘yinchining «Nasaf»da ham asosiy figuralardan biriga aylanishi kutilayotgandi. Har holda o‘tgan yili u kashfiyot futbolchilardan biriga aylangandi. Lekin bu mavsumda u ko‘proq zaxiradan o‘yinga qo‘shilayotgani yoki zaxirada qolayotgan holatlari ham uchrab turibdi.
- Ko‘rdingiz-ku, mavsum boshida jarohat olgandim. Keyin davolandim va jarohatimni bitirgach yana maydonga qaytgandim. Afsuki, yana jarohat oldim, bu safar tizzamdan. Shundan so‘ng uch oy mashg‘ulot qilganim yo‘q. Mana, endi tiklandim va meni olimpiya terma jamoasiga chaqirishdi. Hozir ancha yaxshiman. Faqat boshida jarohatlar ta’sir ko‘rsatgandi.
«Nasaf» doimgidek hamma uchun yoqimli jamoa bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, mahalliy tarbiyalanuvchilari bilan chempionatda hamon sovrinli o‘rinlar uchun kurashib kelayotgani katta gap. Kenjaboev esa bu haqida o‘z fikrini quyidagicha bildirdi.
- Hammasi Ro‘ziqul aka Berdiev bilan bog‘liq. Murabbiyimiz doim yoshlarga ishonch bildiradi va ularni o‘ynatishdan sira qo‘rqmaydi. Doim akademiyadan biz kabi futbolchilarni asosiy jamoa uchun tayyorlab boradilar. Akademiyada o‘qib yurgan paytimizda bizni katta futbolga tayyorlab borishadi. Yoshlar tarkibiga o‘tganimizda bu yo‘nalish xuddi shu tartibda davom etaveradi. Hammasi bosqichma-bosqich bajariladi. Yana bir narsa: «Nasaf»da o‘ynayotgan yoshlarda ishtiyoq kuchli. Bizni bundan boshqa narsa qiziqtirmaydi, faqat futbol. Jamoa uchun o‘ynash, jamoaga yordam berish asosiy o‘rinda turadi.
Shu o‘rinda Islom Kenjaboevning «Nasaf»ga qanday kelib qolgani ham qiziq. Shu boisdan uning klubga qay tariqa qo‘shilishining tarixi bilan ham qiziqib ko‘rdik.
- «Nasaf» akademiyasiga 2012 yili kelganman. Birinchi bor Nurali Sultonov bilan ishlaganman. 1999 yilda tug‘ilganlarga murabbiylik qilgan. O‘zim navoiylikman va u erdagi mening birinchi murabbiyim Asror aka Pirnazarov bo‘lgandi. Biz Qarshiga musobaqa uchun kelgandik. Ochig‘i, futbol o‘ynab ketishimga shu inson ham sababchi bo‘lgan. «Nasaf»dagilar o‘yinimni ko‘riboq darhol meni olib qolishgandi. Aniqrog‘i Nurali aka Sultonov meni olib qolgan. Bundan tashqari, Pavel Fyodorovich degan murabbiy bilan ham ishlaganmiz. «Nasaf»ga kelib katta futbolda o‘ynab ketishimga shu ikkala murabbiylarning hissalari katta ekanligini ayta olaman.
Shuningdek, «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev bilan ilk bor qanday tanishgani va birga ishlagani qanday yuz bergani haqida to‘xtalib o‘tdi.
- Aslida Ro‘ziqul aka bizning o‘yinlarimizni doimiy ravishda kuzatib yurardi. U kishi har kuni akademiyaga kelib, bolalarning yoshiga qaramasdan nechanchi yildagi jamoalar o‘ynayotgan bo‘lsa ham hammasining o‘yinlarini ko‘radi. Keyin bizni asta-sekin yoshlar jamoasiga o‘tkazishganida ham o‘yinlarimizni diqqat bilan kuzatib kelardi. Men esa o‘rinbosarlar jamoasida gollar urib yurardim. So‘ngra meni ham asosiy jamoaga qo‘shishni boshladi. 2017 yili meni ham Turkidagi yig‘inga olib ketdi. O‘sha erda ham menga ishonch bildirib, asosiy jamoaning o‘yinlarida maydonga tushirardi. O‘sha yilning boshida «Bunyodkor» stadionida Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bahsida o‘ynagandik. Mening debyut o‘yinim o‘sha o‘yinda yuz bergan. Shundan keyin mening chinakamiga katta futboldagi faoliyatim boshlandi. Mening hozircha eng katta orzuim O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan Olimpiadaga chiqish hisoblanadi, buni juda ham xohlayman. Aslida esa mening futbolchi sifatida erishishim mumkin bo‘lgan xohish va istaklarim ko‘p. Milliy terma jamoada to‘p surish va Evropaning kuchli chempionatlarida ham o‘ynashni juda-juda istayman. Avvalo «Nasaf» klubida o‘z tariximni qoldirmoqchiman.
Bunday o‘yinchilarning yoshida futbolchi ko‘tarilishga erishayotgan mahalda yulduzlik kasaliga duchor bo‘lishi tabiiy hol. Ayniqsa, xalqaro maydonlarda o‘zini ko‘rsatadigan bo‘lsa, keyin o‘zgarib qolishadi. Bunday holat esa Islom Kenjaboev yoki boshqalarda ham yuz berishi mumkin. Ushbu vaziyatga «Nasaf» vakili quyidagicha izoh bildirdi.
- O‘zimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, darhaqiqat yoshlar biror nimaga erishsa yoki o‘zini ko‘rsatadigan bo‘lsa, keyin mashg‘ulotlarda jiddiy ishlamay qo‘yadi. Agar chempion bo‘lsa yoki boshqa yutuqqa erishsa o‘sishdan to‘xtab qolishimiz hech gap emas. Natijada bir-ikkita o‘yinda kutilganidek o‘ynay olmaymiz. Shunda yana ko‘proq ishlashimiz kerakligini tushunib etamiz. Tan olaman, o‘zimda ham bunday holatlar bo‘lib turadi. Masalan, asosiy jamoaga o‘tgach, u erda o‘ynash yanada boshqacha bo‘ladi. Agar bir-ikkita uchrashuvlarda yaxshi o‘yin ko‘rsatsam, keyin biroz bo‘shashib qolaman, buni yashirmayman. Shu paytda o‘zimga-o‘zim: agar bo‘shashsang, o‘ynay olmaysan deyman va yana ustimda ko‘proq ishlashga harakat qilaman.
Fikrlar