
"Nasaf"dagilar uni hali ko‘p eslasa ajab emas yoxud "Lokomotiv"da yangi "yulduz"!
“Lokomotiv” klubining 24 yoshli hujumkor yarim himoyachisi Azizbek Amonov O‘zPFL tomonidan Superliganing iyul oyidagi eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etildi.
U o‘tgan oyda ikkita uchrashuvda raqib darvozasini uch marta ishg‘ol qildi. 4 iyul kuni chempionatning 12-turida “Lokomotiv” “Paxtakor” maydonida 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. “Temiryo‘lchilar”ning yagona goliga Amonov mualliflik qildi.
30 iyulda esa “Loko” o‘z maydonida “Nasaf”ni qabul qildi. O‘yinning 13 va 37-daqiqalarida Azizbek Amonovning gollari tufayli “Lokomotiv” qiyin raqibi ustidan 2:0 hisobida g‘alabaga erishdi.
Amonov sports.uz muxbiri bilan muloqot chog‘ida “Nasaf” bilan o‘yin haqidagi taassurotlarini quyidagicha izhor qildi.
- “Nasaf” bilan uchrashuvda gol urib, “Lokomotiv”ning g‘alabasiga hissa qo‘sha olganimdan juda xursandman. Har bir hujumchi, maydonda to‘p surayotgan futbolchi borki, gol urishni niyat qilib maydonga tushadi. Men ham shular qatori maydonga gol urishni maqsad qilib tushgandim, Xudoga shukrki, men ham gol urish niyatida tushdim va bu amalga oshdi.
Bu o‘yinni ko‘pchilik televizor orqali ko‘rgan bo‘lsa kerak. Darhaqiqat, Azizbek uchrashuvda juda faol to‘p surdi. Tan olish kerak, balki ko‘pchilik uning ikkita gol urib o‘yin qahramoniga aylanishini kutmagandir. "Nasaf"dagilar esa uni hali ko‘p eslashsa kerak. Bu xususida futbolchining fikri bilan qiziqdik.
- Raqib darvozasiga kiritgan har ikkala golimda ham jamoadoshlarimning hissasi beqiyos bo‘ldi, deb ayta olaman. Gol urish borasida esa menga omad kulib boqdi xolos. Shuning uchun o‘yin qahramoni deb, meni emas, balki butun jamoani aytgan bo‘lardim.
Aziz uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topilishida shubhasiz uning gollari muhim rol o‘ynadi. U gollari shunchaki emasdi. Futbolchi har ikkala golda ham raqiblarini aldab o‘tib darvozani ishg‘ol etdi. Shu bois undan ko‘roq qaysi goli yoqqani haqida ham so‘radik.
- O‘sha o‘yinda golli vaziyatlar juda tez sodir bo‘ldi. O‘yindagi holatimni sizga tushuntirib bera olmasam kerak. To‘g‘risini aytsam, menga ko‘proq ikkinchi golim yoqdi. Umuman aytganda, ikkala golda ham jamoadoshlarim menga shunday vaziyatlarni yaratib berdilar. Xudoga shukr, men ulardan foydalana oldim. Birinchi golda jamoadoshlarim raqibni xato qilishga undashdi. Ikkinchisida esa menga yaxshi uzatma oshirildi.
Bundan tashqari, Azizbek Amonov bosh murabbiy haqida ham to‘xtalib, o‘ziga bildirilayotgan ishonch hamda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi haqida ham gapirdi.
- Ha, murabbiyning o‘z o‘yin uslubi bo‘ladi. Bizning vazifamiz uning ko‘rsatmalarini me’yoriga etkazib bajarishdan iborat. O‘yinim yaxshi chiqishida yoki gollar urishimda birinchi navbatda jamoadoshlarimning hissasini katta deb o‘ylayman. Qolaversa, ota-onamning duosi ham. Albatta, asosiylaridan biri jamoamiz bosh murabbiyining hissasidir. Chunki u menga ishondi. Maqsadimmi? Nasib qilsa, har bir uchrashuvda jamoamning g‘alabasiga yordamlashish va gollar urishni istayman. Xudo nasib qilsa, to‘purar bo‘lish niyatim bor.
Shu kungacha futbolchi bir qator murabbiylar bilan ishlashga ulgurdi. Ularning orasida “Loko” bosh murabbiyi Sekeyra Amonovning faoliyatida qanday o‘rin tushishiga qiziqdik va undan asosan nima o‘rganayotgani xususida ham to‘xtalishini so‘radik.
- Sekeyra juda talabchan. Har doim barchamizdan maksimal harakatlanishimizni xohlaydi. Menga keladigan bo‘lsak, har bir murabbiydan yangi narsa o‘rganishga harakat qilaman. Shunday ekan, portugaliyalik murabbiydan ham ko‘p narsa o‘rganyapman. Ayniqsa, taktika hamda tartib-intizom borasida murabbiydan o‘zimiz uchun juda kerakli jihatlarni o‘zlashtirib olyapmiz. Xudo xohlasa, Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun oxirigacha kurashamiz.
Shuningdek, u sports.uz muxbiri bilan o‘zaro muloqot jarayonida jamoadan ketishi mumkinmidi, “Loko”dagi unutilmas o‘yinlari to‘g‘risida ham fikr bildirdi.
- “Lokomotiv” klubidan ketishni o‘ylamaganman. Chunki jamoam bilan amalda shartnomam bor. Takliflar ham bo‘lgani yo‘q. Men asosiy e’tiborimni “Lokomotiv”ga qaratganman. Unutilmas o‘yinlar – bu chempion bo‘lgan paytimizda bo‘lgan. Nasib qilsa, yana shunday kunlar kelar...
Ikkinchi davraning ilk turida “Lokomotiv” 7 avgust kuni AGMK bilan kuch sinashadi. Ko‘rinib turibdiki, Amonov va uning jamoasini yana bir jiddiy bahs kutyapti.
- “Lokomotiv” har bir uchrashuvga g‘alaba uchun chiqadi. Bu xoh o‘rtoqlik, xoh rasmiy o‘yin bo‘lsin. Biz jamoamiz bilan yaxshi tayyorgarlik ko‘rib boryapmiz. “Nasaf”ga qarshi uchrashuv allaqachon tarixga aylanib bo‘ldi. Oldimizda AGMKga qarshi o‘yin turibdi. Ko‘ramiz, bu uchrashuvda nima bo‘larkin? Bu – futbol, oldindan biror nima deya olmayman. Ammo maydonga faqat g‘alaba uchun tushamiz, - dedi Amonov.
Fikrlar