"Nasaf"ning raqibi "Traktor" haqida bilishingiz kerak bo‘lgan faktlar
Bugun "Nasaf" klubi OFK Elit Chempionlar ligasining 5-turi doirasida Eronning "Traktor" jamoasi bilan kuch sinashadi. Keling, raqib haqida qisqacha ma’lumotlarga nazar tashlaymiz.
"Traktor" klubi 55 yillik tarixga ega bo‘lib, 1970 yilda tashkil etilgan. Jamoa muxlislari uni "Red Wolves" (Qizil bo‘rilar) laqabi bilan ataydilar.
Klub o‘z uy uchrashuvlarini Tabriz shahridagi "Yadegar-e Emam" stadionida o‘tkazadi. Mazkur arena 80 mingdan ortiq tomoshabinni sig‘dira olishi bilan Eronning eng sig‘imli stadionlaridan biri hisoblanadi.
"Traktor" ikki bor Hazfiy kubogi, bir marta Eron Superkubogi g‘olibi bo‘lgan. 2024/25-yilgi mavsum yakunida klub o‘z tarixida ilk bor Eron Pro ligasi chempioni bo‘ldi.
Jamoa OFK rasmiy musobaqalarida hozirga qadar 52 ta o‘yin o‘tkazgan. Shulardan 15 tasida g‘alaba, 17 tasida durang, 20 tasida mag‘lubiyat qayd etgan.
"Traktor"ni hozirda 57 yoshli xorvatiyalik mutaxassis Dragan Skochich boshqarmoqda. U avval "An-Nasr", "Al-Arabi", "Fulad" kabi Osiyoning mashhur klublarida ishlagan. 2020–2022 yillar oralig‘ida esa Eron milliy terma jamoasiga ustozlik qilgan. Murabbiy "Traktor"ni o‘tgan mavsum tarixidagi ilk liga chempioniligiga va Superkubokdagi g‘alabaga etakladi.
Jamoa tarkibida Danial Ismaelfar, Shoja Xalilzoda, Alishera Beyranvand, Amirhusayn Husaynzoda kabi Eron terma jamoasi futbolchilari to‘p surmoqda.
"Traktor" O‘zbekiston futboli uchun ham tanish klub. Ayni paytda jamoa safida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Odil Hamrobekov faoliyat yuritmoqda.
Eslatib o‘tamiz, OFK Elit Chempionlar ligasi 5-turidan o‘rin olgan "Nasaf" – "Traktor" uchrashuvi 24 noyabr kuni soat 18:45'da start oladi.
Fikrlar