"Navbahor"ni dastlabki yig‘inda qaysi legioner tark etdi?

  • 17.01.2021 12:06
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

"Navbahor" jamoasi yangi mavsumga tayyorgarlikning birinchi bosqichini 4 yanvar boshlagandi. Mashg‘ulotlar kuniga ikki mahaldan Namangan shahridagi “Yosh kuch” stadionida olib borildi.

Shuningdek, mazkur o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida “Andijon”ga qarshi ikki marta nazorat sinov bahsi o‘tkazildi va ularda “lochinlar” 1:0 hamda 2:0 hisoblarida g‘alaba qozonishdi. Birinchi o‘yinda namanganliklarning goliga ko‘rikdan o‘tayotgan Orifjon Yusupov mualliflik qilgan bo‘lsa, ikkinchi bahsda Azizbek Turg‘unboev hamda Husayn Ergashboev o‘z hisoblariga gol yozib qo‘yishdi.

Mazkur o‘rtoklik o‘yinlari orqali “Navbahor” murabbiylari bir qator yangi futbolchilarni sinovdan o‘tkazishdi va ulardan ayrimlariga javob berildi. Jumladan, andijonliklarga qarshi 13 yanvar kuni o‘tkazilgan ilk bahsda Kot-d`Ivuardan kelgan hujumchi Samuel Ilie ham maydonga tushgandi. Ammo uning harakatlari murabbiylar shtabini qoniqtirmadi hamda unga javob berib yuborildi.

Ayni paytda serbiyalik ikki nafar futbolchi – himoyachi Nikola Tasich hamda yarim himoyachi Marko Putinkanin, shuningdek, yana bir qator yosh o‘yinchilar ko‘rikda ishtirok etishmoqda.

Jamoa qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inining ikkinchi qismini Toshkent shahrida davom ettiradi. Poytaxtdagi mashg‘ulotlar 18 yanvar kuni boshlanadi. Ushbu yig‘in davomida bir qator yangi futbolchilarning ko‘rikdan o‘tish uchun “Navbahor” tarkibiga qo‘shilishlari kutilmoqda. Bundan tashqari, o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!