
Nega futbochilarimiz 70 daqiqada charchab qoladi? MTJ sobiq shifokori Abror Pirriev javob berdi!
Abror Pirriev SPORTS.uz saytiga eksklyuziv intervyu berdi. Ushbu suhbatda o‘zbek futbolchilarning jismoniy tayyorgarlikka qay darajada e’tibor berishi, vitaminizatsiya, klublardagi sport tibbiyotining qanday ahvolda ekanligi haqida so‘z boradi.
Siz klub va milliy terma jamoada ishlagansiz. Ko‘plab futbolchilar bilan yaqin do‘stsiz. Soddaroq qilib aytsak, uni ichkarisidan yaxshi bilasiz. Aytingchi, bugungi avlod futbolchilarining necha foizi o‘z jismoniy tayyorgarligi borasida bosh qotiradi?
- Men barcha futbolchilar haqida fikr bildira olmayman, biroq o‘zimizning klublar miqyosida olsak, 70 foiz futbolchi yig‘inlarga suyanib jismoniy tayyorgarligini ushlab turadi. Ularda yig‘in chog‘ida formaga kirib olaman, degan fikr mavjud. Aslida, bu noto‘g‘ri. Professional futbolchi birinchi navbatda, vaqtida uxlashi, to‘g‘ri ovqatlanishi, qat’iy kun tartibiga rioya qilishi shart.
Muxlislar orasida vitaminizatsiya borasidagi turli farazlar yuradi. Aslida, u nima va uning futbolchi organizmi uchun qanday foydasi bor?
- To‘g‘risi, mana shu mavzu borasida juda ko‘plab savollarga kelib tushadi. Aslida, vitaminizatsiya nima? Bu organizmga etmayotgan moddalarni tabiiy qo‘shimchalar yordamida to‘ldirish. Umuman olganda, sportchi birgina vitamin iste’mol qilish bilan kuchli bo‘lib qolmaydi. Barchasi kompleks tarzida olib borilishi shart. Yuqorida aytganimdek, sportchi o‘z ustida ishlashi, kun tartibidan chiqmasligi shart. Biz jannatmakon o‘lkada istiqomat qilamiz. Bu erda organizm uchun kerak bo‘lgan barcha moddalar tabiiy ravishda mavjud. Shunchaki, mavsumiy meva va sabzavotlarni kerakli miqdorda iste’mol qilish kerak, xolos. Vitaminlarning 50 foizi ham organizmga singmaydi. Ba’zan, umuman ta’sir qilmasligi mumkin. Tabiiy mahsulotlarning 92 foizi organizmda qoladi. O‘rtadagi farqni ko‘ryapsizmi?
Ektor Kuper davrida MTJ uchun vitaminlar partiyasi buyurtma berildi. Ular orasidagi eng qimmati e’tiborimni tortdi, uning tarkibi bilan qiziqdim. Kuperning shtabidagi bir mutaxassisdan so‘radim ham. Bilasizmi, u nimadan tayyorlanar ekan? Lavlagidan! Vaholanki, bu sabzavot bizning yurtimizdagi eng arzon mahsulotlardan biri sanaladi. To‘g‘ri, vitaminizatsiyadan voz kechib bo‘lmaydi, ammo sportchi birgina bu omil bilan o‘z sog‘lig‘ini mukammal darajaga olib chiqa olmaydi.
Abror Pirriev bundan 10 yil avvalgi JCh saralashida harakat qilgan jamoa tarkibida bor edi. Yodingizda bo‘lsa, terma jamoaning 70-80 foiz futbolchilari bo‘yi 180 santimetr atrofida bo‘lgan. Hozir esa, futbolchilarimizning bo‘yi negadir pasayib ketmoqda. Bu nima bilan bog‘liq? Futbolda kichik jussali texnikasi kuchli futbolchilar qadrlanyaptimi yoki bizning futbolchilarning o‘rtacha bo‘y balandligi kichraydimi?
- Bu savolga javob berishim uchun ortga qaytishimga to‘g‘ri keladi. Gap shundaki, bizning ichki birinchiligimiz juda noqulay paytda bo‘ladi. O‘yinlarni kuz-bahor rejimiga o‘tkazsak, futbolimiz jismonan o‘sishi mumkin. Nega deysizmi? Gap shundaki, bizning iqlimda yoz juda issiq keladi. Kunning eng issiq pallasida futbol o‘ynagach, uning organizmidagi mineral tuzlar, vitaminlar, energiya ter bo‘lib tanani tark etadi. Uchrashuv va mashg‘ulotlardan so‘ng futbolchida ishtaha bo‘lmaydi. Shu bois, yo‘qotilgan kerakli moddalarning o‘rni to‘lmaydi. Bu esa, ularning jismonan baquvvat bo‘lishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. To‘g‘ri, faqat bu omil futbolimizdagi yigitlarning bo‘yiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Genetika, to‘g‘ri ovqatlanish, rejim singari omillar ham katta sahnaga chiqadi.
So‘nggi paytlarda terma jamoamizning ruhiy jihatdan Suriya, Iroq, Iordaniya va hatto, Falastindan ham engilib qolayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Koreya, Avstraliyalar haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Nima deb o‘ylaysiz, ruhiy jihatdan terma jamoamiz bilan ishlaydigan kuchli psixolog yo‘llash payti kelmadimi?
- O‘zbekistonda sport psixologi bormi? Menimcha, bu sohada terma jamoamizga 100 foiz yordam bera oladigan mutaxassisning o‘zi yo‘q. O‘ylashimcha, birinchi navbatda terma jamoa bosh murabbiyi jamoa psixologi bo‘lishi shart. Sababi, hech kim futbolni u singari yaxshi tushunmaydi. Bunday odam qanday qilib maydonda to‘p suradigan yigitlarni ruhlantirishi mumkin?
Yodimda, bor Avstraliyadagi Osiyo kubogida Saudiya Arabistoni bilan to‘qnash kelgandik. O‘sha uchrashuvda bizni faqat g‘alaba qanoatlantirar edi. O‘yindan oldin Mirjalol aka Qosimov aytgan so‘zlar hali-hamon qulog‘im ostida jaranglab turadi. Bunday motivatsiyani o‘sha paytda futbolchilarimizga bosh murabbiydan boshqa hech kim bera olmasdi. O‘ylashimcha, kuchli murabbiy birinchi navbatda kuchli psixolog bo‘ladi. Terma jamoaga balki ruhshunos kerakdir, ammo u bosh murabbiydan ta’sir doirasi kuchliroq bo‘lishiga ishonmayman.
OFK tibbiy hodimi sifatida turli mamlakatlarda bo‘lasiz. Aytingchi, ulardagi sport tibbiyoti biznikidan ancha ilgarilab ketganmi?
- Bu vaziyatga qanday ko‘z bilan qarashga bog‘liq. Aslida, o‘rtadagi farq u qadar katta emas. Ularning shifokori amalga oshirgan barcha ishni biznikilar ham qila oladi, biroq tibbiy ta’minot va uning to‘liq tatbiq qilinishi borasida farq katta. Ularda nafaqat bosh murabbiy, balki bu soha vakillari ham xorijdan taklif etiladi. Maxsus o‘ylangan reja asosida harakat qilingani bois, ularning sport tibbiyoti xodimlari yaxshiroq natijalarga erishayotgan bo‘lsa, ajab emas.Ijtimoiy tarmoqlarda o‘z shogirdlariga "chop", "sindir", "ur" singari ko‘rsatmalar beradigan
Superligamiz murabbiylarini keskin qoralagan edingiz. Siz shunday mutaxassislarni professional deb ayta olasizmi?
- Albatta, yo‘q. Aslida, bunday ko‘rsatma berishga hech kimning haqqi yo‘q. Hatto, murabbiy kiyinish xonasida futbolchilari bilan yolg‘iz qolgan paytda ham! Maydonda bunday so‘zni aytish haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Men faoliyatim davomida hali birorta murabbiyni raqib futbolchisini atayin sindirishni "buyurtma" berganini ko‘rmaganman. O‘yinda esa, emotsiyada bu so‘zni aytib yuborishi mumkin.
Ya . U
Fikrlar