
Norxonov: "Navbahor" O‘zbekiston chempioni va kubogi sohibiga aylanadi..."
Xabaringiz bor, bugun tajribali hujumchi Shohruz Norxonov "Navbahor" bilan shartnoma imzoladi. Shundan so‘ng, futbolchi “Navbahor” PFK matbuot xizmati uchun qisqacha intervyu berdi. Quyida mazkur suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.
– Shohruz, “Navbahor”ga xush kelibsiz? "Navbahor"ga sizni kim taklif qildi?
- Assalomu alaykum. Tabrik uchun rahmat. Meni “Navbahor”ga klub prezidenti Otabek Arifovich Samatov va jamoa bosh murabbiyi Samvel Vyacheslavovich Babayan taklif qilishdi. Ushbu taklifni ikkilanmay qabul qilib, jamoa bilan shartnoma imzoladim.
- Klub taklifini qabul qilishingizga nima sabab bo‘ldi?
- Jamoa safiga qo‘shilishimdan asosiy maqsad - yangi mavsum “Navbahor” tarkibida O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritish. Xudo xohlasa, 2023 yilgi mavsumda “Navbahor” o‘zi ishtirok etadigan 3 ta front, ya’ni, Superliga, O‘zbekiston kubogi hamda Osiyo Chempionlar Ligasi (OChL) pley-off bahslarida muvaffaqiyatli tarzda qatnashib, O‘zbekiston chempioni va kubogi sohibiga aylanadi, OChLda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladi, degan umiddaman.
- Jamoa muxlislari borasida nima deya olasiz?
- Albatta, “Navbahor” muxlislari bilan ham tanilgan klub hisoblanadi. Bungacha o‘ynagan jamoalarim o‘yinlariga Namangandagi singari ko‘p ishqibozlar tashrif buyurmagan. “Navbahor”ga o‘tishimda ushbu omil, ya’ni, Namangan futbolsevarlar viloyati ekanligi, “Navbahor” ko‘plab muxlislarga egaligi ham muhim rol o‘ynadi. Bo‘lajak mavsumda jamoamiz ishqibozlarini o‘z g‘alabalarimiz bilan xursand qilamiz, degan umiddaman.
Fikrlar