Nursulton Ro‘ziboev hamda Luis Felipe Dias jangida kim favorit?

  • 9 mart, 2022, 18:12
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • MMA
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, 11 mart kuni Bahraynning Manama shahrida Brave CF promousheni navbatdagi jang kechasini tashkil etadi. Biz uchun ahamiyatli jihati, ushbu oqshomda yurtimizning eng ko‘zga ko‘ringan MMA jangchisi Nursulton Ro‘ziboev (34-8-2-1N/C) ham oktagonga ko‘tariladi. Unga braziliyalik Luis Felipe Dias (14-3) raqiblik qiladi. 

Jangdan avval barchada turlicha fikr va mulohazalar bo‘lishi tabiiy. Biz ham bu borada o‘z qarashlarimiz bilan o‘rtoqlashmoqchimiz...

Luis Felipe Dias haqida...

Luis Felipe 1995 yil Braziliyada tavallud topgan, 27 yoshda. Ba’zasi jiu-jitsu shuningdek, muaytay va kikboksing bilan ham shug‘ullangan. Odatda u "stoyka"da jang o‘tkazishni hush ko‘radi. Asosiy zarbani o‘ng qo‘lda beradi. Umuman olganda, har ikki qo‘lida birdek zarba yo‘llay oladi. Bo‘yi 180.34 sm. Albatta, Braziliya vakillarining har doim jiu-jitsusi kuchli bo‘lgan. Shuning uchun ular "parter"da juda havfli ko‘rinish oladi. 

Luis Felipe Dias professional faoliyatini 2017 yilda boshlagan va hozirga kelib, 14 ta g‘alaba va 3 mag‘lubiyat qayd etgan. G‘alabalarining 6 tasini "sabmishen", 7 tasini KO, TKO evaziga qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 1 marotaba ochkolarga ko‘ra, g‘alaba qozongan. Va yana shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, braziliyalik jangchi 7 ta g‘alabali seriyaga ega. U 2019 yil 23 iyunda MF (Max Fight 23) turnirida vatandoshi Mario Filipe De Souzaga mag‘lub bo‘lganidan buyon, shunday muvaffaqiyatli tarzda odimlamoqda.

U asosan janglarini Braziliyada o‘tkazgan. Biroq, Braziliyada ham ushbu yo‘nalish juda yaxshi rivojlanganini va jahonning nufuzli promoushenlarida aynan ushbu yurt vakillari ko‘pchilikni tashkil qilishi, asosiysi chempionlik maqomidagilari ham bisyor ekanligini inobatga olsak, mahalliy promoushenlardagi faoliyati uning minus jihati emas. Qolaversa, Brave CF promousheni mutasaddilari o‘z tashkilotiga oddiy jangchilarni taklif etmaydi. Xullas, Luis Felipe Dias anchagina jiddiy raqib!

luis

Ushbu to‘qnashuvda kim favorit? 

Nursulton Ro‘ziboev haqida MMA muxlislari yaxshi biladi. Shunday bo‘lsa-da, biroz to‘xtalib o‘tamiz. Ro‘ziboev professional faoliyati mobaynida 34 ta g‘alaba, 8 mag‘lubiyat, 2 durang qayd etgan. Shuningdek, bitta natijasi bekor qilingan jang ham mavjud.

G‘alabalarining 12 tasi KO, TKO , 20 tasini "sabmishen" va 2 tasini ochkolarga ko‘ra, qo‘lga kiritgan. Ko‘rinib turibdiki, hamyurtimizning jiu-jitsusi havas qilarli darajada va bu borada raqibidan ustun bo‘lsa ustundirki, aslo kuchsiz emas. Umuman olganda yurtdoshimiz universal jangchi, nafaqat u "parter"da balki "stoyka"da ham yuqori darajadagi ko‘rsatkichlarga ega. 

Nursultonning ushbu jangdagi yana plyus taraflariga to‘xtalsak, u Diasdan tajriba bobida anchagina ustun. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, raqib 17 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, hamyurtimizda 45 bora oktagonga ko‘tarilgan. Va ahamiyatli jihati, uning jang oralig‘idagi masofasi uzoq emas. Hamyurtimiz oxirgi bor, 13 fevral kuni yana bir braziliyalik Luchiano Kontiniga qarshi jang o‘tkazdi va tashrif qog‘oziga aylanib borayotgan "kimura" uslubi bilan raqibini taslim etgandi.  Shunday ekan unda jismoniy holat a’lo darajada. Felipe Dias esa so‘ngi bor, 2020 yil 23 avgustda jang o‘tkazgan. Oraliq masofa 1.5 yilni tashkil etadi. Bu borada ham ustunlik yurtdoshimiz tarafida, deb ayta olamiz. Qolaversa, bo‘y borasida ham Ro‘ziboev 5 sm balandroq. 

Shuningdek, yurtdoshimizda zarba ko‘tarish xususiyati, chidamkorlik ham yuqori darajada. Luis Felipe Diasning janglariga e’tibor qaratsak, unda bu borada muammolar yo‘q emas. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu to‘qnashuvda favorit Nursulton Ro‘ziboev deb ayta olamiz. 

nurik_3

Ammo, yuqoridagi omillarning hammasi nisbiy tushuncha va barchasi oktagonda hal bo‘ladi. Biz shunchaki o‘zimizning shaxsiy mulohazalarimizni bayon etdik xolos! 

So‘zimiz yakunida esa, hamyurtimizga ushbu jangda omad yor bo‘lishini va muvaffaqiyatli odimini davom ettirishiga tilakdoshmiz. Zero, ushbu g‘alaba bilan hamyurtimiz Bahrayn promoushenining o‘rta vazn (84 kg) toifasi chempionligiga yanada yaqinlashadi. Eng asosiysi esa, barcha o‘zbekistonlik MMA ixlosmandalarini xursand qiladi. Shunday ekan faqat g‘alaba, o‘zbek o‘g‘loni!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!