
Odil Ahmedov faoliyatini erta tugatganining asl sababini oshkor qildi
O‘zbek futbolining oxirgi yillardagi eng yorqin yulduzlaridan biri Odil Ahmedov https://sport24.ru sayti jurnalisti Vladislav Shapiroga intervyu berdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng mohir pleymeykerlaridan biri kutilmaganda futbolchilik faoliyatini tugatishga qaror qilganining sabablarini ochiqladi.
- “Shanxay”dan keyin “Shanjou”da ham o‘ynadingiz, bu faoliyatingizda so‘nggi klub bo‘ldi. Nega faoliyatingizni atigi 33 yoshda tugatdingiz?
- Menda Birlashgan Arab Amirliklari va Qatardan 2-3 ta variant bor edi. Ulardan hech birini ko‘rib chiqmadim. Otamning vafotidan keyin darrov rad javobini berdim va faoliyatimni tugatishga qaror qildim.
- Otangizga nima bo‘lgandi?
- 2020 yili pandemiya boshlandi, dadam koronavirus bilan kasallandi. Afsuski, uni engib o‘tolmadi. Shundan keyin futbol o‘ynash ishtiyoqi va xohishi yo‘qoldi. Men ko‘proq vaqtimni oilam bilan o‘tkaza boshladim. Uzoq 11 yil davomida legioner bo‘ldim. Shu bois, O‘zbekistonda kam bo‘lardim.
- O‘zingizni kelajakda murabbiy sifatida ko‘rmayapsizmi?
- Hozircha yo‘q. Bu og‘ir mehnat, mustahkam asabni talab qiladi. Balki vaqt o‘tishi bilan bu haqida o‘ylab ko‘rarman.
- Rossiya premer-ligasida siz to‘qnash kelgan eng zo‘r futbolchilar qaysilar?
- Men o‘ynagan davrda “Zenit”da zo‘r futbolchilar jamlangandi – Xalk va Danni. Rus futbolchilar orasidan ham “Zenit” vakillarini aytishim mumkin, masalan Yuriy Jirkovni. U eng yaxshi rossiyalik futbolchi.
- Siz ketganingizdan beri Rossiya professional ligasi zaiflashdimi?
- So‘zsiz. Men o‘ynagan davrda u erda kuchli legionerlar bo‘lardi, hozir sifatli xorijlik futbolchilar faqat “Zenit”da bor. Balki, “Spartak”da ham bir ikkitasi bordir. Boshqalarda yo‘q. Hammasiga 2014 yilda kiritilgan sanktsiyalar sabab. Bu yil ham juda ko‘p legionerlar Rossiyani tark etdi. Lekin birinchi navbatda, sifatli xorijlik futbolchilarning yo‘qligi moliyaviy holat bilan bog‘liq. Ular Rossiyaga pul uchun keladi.
- “Zenit”ning ketma-ket to‘rt marta chempion bo‘lgani sizni hayron qoldirdimi?
- Yo‘q. Ular doim chempion jamoa bo‘lgan. “Zenit” – Rossiya premer-ligasi gegemoni. Piterdagi tarkib yaxshi bo‘lib qolmay, chempion darajasida. Ilgari raqobat kuchli edi, chempionlikni “Spartak”, “Lokomotiv”, TsSKA olardi. Hatto biz ham “Krasnodar” bilan chempionlikka da’vogar bo‘lganmiz. Bugungi kunda “Zenit”ga raqobatchi yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, Odil Ahmedov Rossiya premer-ligasida 2011-2014 yillar davomida “Anji” jamoasi sharafini himoya qilgan. Bu jamoasi safida Rossiya chempionatida 86 ta uchrashuvda maydonga tushib, uchta to‘p kiritgan.
2012-2013 yilgi mavsumda chempionat sovrindori va mamlakat kubogi finalchisi bo‘lgan.
Odil 2014-2016 yillarda “Krasnodar” sharafini himoya qildi. Bu jamoada milliy chempionatda 67 ta o‘yinda raqiblar darvozasini besh bor ishg‘ol qilgan. Krasnodarliklar bilan birga 2014-2015 yilgi mavsumda Rossiya chempionati bronza medalini qo‘lga kiritgan.
Eng kuchli futbolchimiz Evropani emas, Xitoyni tanlaganiga izoh berdi
"Arsenal" so‘ragan legionerimizni jamoasi Angliyaga qo‘yib yubormagan ekan...
Shomurodovga “Roma”dan ketishni tavsiya qilishdi...
Fikrlar