
"Arsenal" so‘ragan legionerimizni jamoasi Angliyaga qo‘yib yubormagan ekan...
O‘zbek futbolining oxirgi yillardagi eng yorqin yulduzlaridan biri Odil Ahmedov https://sport24.ru sayti jurnalisti Vladislav Shapiroga intervyu berdi.
Ahmedov intervyusi davomida futbolchilik faoliyati haqidagi savollarga ham javob berdi.
- O‘n yil muqaddam yulduzli tarkibga ega “Anji”ga qo‘shilgandingiz. U erdagilardan kimni alohida tilga olasiz?
- O‘sha jamoadagi jahon miqyosidagi yulduzlarning hammasi bilan ajoyib munosabatga ega edik. Lekin men uchun eng yaxshisi, shubhasiz, Eto’O bo‘lgan. Aynan u tufayli o‘sha yulduz jamoa va ajoyib muhit yuzaga kelgan.
U menga har doim “Barselona”da o‘ynagan davrini, jamoa qanday qilib La Liga va Chempionlar ligasida g‘olib chiqqanini gapirib berardi. Eng muhim – futbolchining mentaliteti, deb ta’kidlardi. Mana shuni “Anji”ning har bir futbolchisiga singdirishga harakat qilardi.
- Roberto Karlosning roli kamroq edimi?
- “Anji”ga o‘tgan vaqtida u hamma bilgan “Real”dagi o‘ynagan davri kabi yuqori darajadagi futbolchi emasdi. Menimcha, Roberto Karlosni Mahachqal’aga faqat piar uchun taklif qilishgan edi. Kelib bir-bir yarim yil o‘ynadi, keyin bosh murabbiy yordamchisi bo‘ldi. “Anji”dagi ahamiyati bo‘yicha uni Eto’Oga tenglashtirib bo‘lmaydi.
- Kerimov Eto’Oga “Bugatti” hadya qilgani rostmi?
- Ha. O‘ylashimcha, yangi “Bugatti” uning shartnomasida ko‘rsatilgan.
- Igor Denisov bilan shov-shuv bo‘lgan mojaro nimadan kelib chiqqan?
- Bu mojaro Igorning qoratanli futbolchilar haqida yoqimsiz narsalarni ko‘p gapirganidan keyin kelib chiqqan. Shu sababli ular qattiq tortishib qolishgan va mushtlashib ketishlariga oz qolgan.
Umuman olganda, Eto’O jamoadoshlariga bosim qilmasdi, janjalkash emasdi. Zimmasiga ko‘p narsa olardi, lekin buni professionallarcha qilardi. Murabbiylarga hech qachon aql o‘rgatmagan. Samuel “Anji”ning sardori va lideri edi, o‘zi ham ko‘p ter to‘kardi, boshqalardan ham bor imkoniyatini sarflashni talab qilardi.
- “Anji”da Kokorin bilan o‘ynashga ulgurganmisiz? U o‘sha jamoada umuman kam vaqt bo‘lgan.
- Jamoa Kokorin kelganidan bir haftadan keyin barbod bo‘lgandi. Hatto, u birorta mashg‘ulotda qatnashganini eslay olmayman. “Anji”ga qanchalar tez o‘tgan bo‘lsa, Moskvaga ham shunday qaytdi.
Kokorinni “Dinamo” safida birinchi marta ko‘rganimda Evropaning yaxshiroq grandlarida o‘ynay olishiga amin edim. Juda iste’dodli o‘yinchi. Afsuski, xarakteri va intizomsizligi pand berdi.
- Siz ham Angliya premer-ligasiga shtishingiz mumkin edi. Nega transfer barbod bo‘ldi?
- Menga “Arsenal” tomonidan qiziqish bo‘lgani rost. “Anji” rad javobini bergan. Dog‘iston klubiga o‘sha paytlar katta vazifa qo‘yilgan va men asosiy tarkib o‘yinchisi edim. Lekin hech narsadan afsus qilmayman. Alloh o‘shanda “Anji”da qolishimni xohlagan ekan.
- O‘shanda “Anji” grand klub, Rossiyaning PSJsi bo‘lishi mumkin edi. Kerimovning loyihasi nega barbod bo‘ldi?
- Hammasi bir kunda hal bo‘lgan. O‘zimiz ham hech narsani tushunmay qolgandik. Mashg‘ulotga kelgan edik, bizga hammasi tamom bo‘lganini aytishdi.
Jamoa oldiga o‘sha mavsum chempionlik uchun kurashish vazifasini qo‘yishgandi. Uchta turda biz atigi bitta g‘alaba qozongandik. O‘shanda Rossiya premer-ligasida g‘olib chiqish uchun imkoniyatimiz kamligini tushunib etgandik. Keyin hammasi sovun pufagidek yorilib ketdi. Rahbariyati deyarli barcha futbolchilarni sotib yuborishini tushundik. Hammamiz shokda edik...
Shomurodovga “Roma”dan ketishni tavsiya qilishdi...
Fikrlar