O‘FF Prezidenti Umid Ahmadjonov ertaga o‘z vakolatini topshiradi

  • 24 yanvar, 2018, 19:09
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘FF Prezidenti Umid Ahmadjonov ertaga bo‘ladigan O‘FF xisobot konferentsiyasida o‘z vakolatini topshiradi. Bu haqida "Xalq so‘zi" bilan bo‘lgan muloqotda aytib o‘tgan.

Tecno

- Ikki tashkilotga Olimpiya qo‘mitasi va O‘FFga rahbarlik qilishim bu vaqtinchalik bo‘lib, joriy yilning 25 yanvarida O‘zbekiston futbol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi bo‘lib o‘tadi va unda tashkilotga yangi rahbar saylanishi kutilmoqda. Demakki, futbol federatsiyasida rahbarlik vakolatimni topshiraman. Ammo bu futboldan butunlay ketaman degani emas. Chunki o‘zbek futbolida boshlab qo‘ygan bir qator yangi loyiha va rejalarimiz bor, ularni nihoyasiga etmazmay turib ortga chekinish adolatdan bo‘lmaydi.  

Xabaringiz bor, biz Milliy chempionatimiz formatini butunlay  o‘zgartirib, eng avvalo, Super Liga va Pro Liga musobaqalariga asos soldik. Bundan boshqacha yo‘l tuta olmasdik, boisi o‘zbek futboli allaqachon islohotlarga muhtoj edi. So‘nggi bir necha yil davomida milliy chempionat o‘yinlari, hattoki eng keskin va murosasiz ruhda kechadigan derbi o‘yinlariga ham muxlislarning tashrifi keskin kamayib ketgani xaqida ko‘p gapirildi, ammo aytingchi, ishqibozlarni yana stadionlarga qaytarish borasida qanday amaliy ishlar qilindi? Hech qanday! 

Chempionat formatini o‘zgartirib biz birinchi navbatda jamoalar orasida kuchli raqobat yuzaga keltirishni, har bir o‘yin finalga teng bahsga aylanishini maqsad qilgandik. Chunki o‘z o‘zidan ma’lumki Super Ligada klublar soni kamaygach elitada faqat respublikamizning eng sara futbolchilari, kuchlilar safida o‘ynashga munosib bo‘lgan eng iqtidorli yoshlar to‘p surishadi. Har bir ochko oltinga teng bo‘ladigan chempionatda esa o‘z o‘zidan futbolning noxush illati — kelishilgan o‘yinlar barham topadi.

Shu paytga qadar chempionat o‘yinlari noyabr oyida yakuniga etgach, futbolchilar yangi mavsumga qadar 2-3 oy mobaynida dam olishgan. Evropa milliy chempionatlarida ta’tillar shuncha davom etishini tasavvur qila olasizmi? Axir shuncha payt mashg‘ulotlar va o‘yin amaliyotisiz qolgan futbolchidan yangi mavsumda qanday natija kutish mumkin? Ana shu jihatlarning bari milliy chempionatimiz saviyasi yil sayin tushib borishiga olib kelgan. 

Biz joriy yildan boshlab  mavsum start olishidan avval futbolchilar jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha test normativlarini topshirish amaliyotini joriy qildik. Dastlabki sinovlarning o‘ziyoq bizning futbolchilarning asl jismoniy imkoniyatlarini ko‘rsatib berdi. Agar testdan o‘tgan futbolchilar sonini foiz hisobida oladigan bo‘lsak, bor yo‘g‘i 12 foiz sportchilar normativlarni topshira olishdi. Axir bu dahshat emasmi? 

Butun dunyoda qo‘llaniladigan ushbu amaliyotdan ba’zi murabbiylar hattoki norozi bo‘lishdi, chunki o‘z futbolchilari imkoniyatlarini yaxshi bilishar edi-da. Aynan shu normativlar bizga asl xaqiqatni ko‘rsatib berdi. 

O‘zbek futboli taraqqiyoti yo‘lida joriy etayotgan yangiliklarimiz albatta, bular bilan cheklanib qolmaydi. Men hozir sizga faqatgina ularning ayrimlari xaqida aytib o‘tdim. Ishonchim komilki, ishni to‘g‘ri tashkil qilsak, barcha o‘ylagan rejalarimizni amalga oshirsak, muxlislar o‘z o‘zidan stadionlarga qaytishadi. Ularni har qanday ko‘ngilochar tomosha yoki lotereyalar bilan stadionga majburlash shart emas. Haqiqiy muxlis faqat chiroyli futbol ko‘rish uchun arenaga keladi.

Shuni aytishim mumkinki, Milliy olimpiya qo‘mitasini ham jiddiy islohotlar kutib turibdi. Biz nafaqat qo‘mitani, balki yurtimizda butun Olimpiya harakati va shu orqali sport taraqqiyoti, uni yanada rivojlantirish va ommaviyligini oshirishning yangi mexanizmini ishlab chiqamiz. Bu borada kechayu kunduz tinmay mehnat qilishga tayyorman. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!