Olimpiadadagi ishtiroki, Osiyo chempionatidagi alamli mag‘lubiyat va O‘zbekistonning eng kuchli bokschisi kimligi haqida Rayhona Qodirova bilan intervyu

  • 20 oktabr, 2021, 07:35
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

SPORTS.uz intervyu ruknidan o‘rin olgan suhbatlarni davom ettiradi. Bizning bu galgi suhbatdoshimiz boks bo‘yicha Tokio Olimpiadasi ishtirokchisi, O‘zbekiston chempioni, bir necha xalqaro musobaqalar g‘olib va sovrindori Rayhona Qodirova.

Iste’dodli sportchimiz Tokio Olimpiadasidagi ishtiroki, harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi medal, o‘smir paytlaridagi nohaqliklar va O‘zbekistonning eng kuchli bokschisi haqida fikr bildirdi

Assalomu alaykum, Rayhona. Avvalambor, bronza medali muborak bo‘lsin. Ushbu sovrinning hayajoni bilan bo‘lishsangiz.

- Assalomu alaykum. Katta rahmat. Shunga ham shukr, lekin meni maqsadim oltin medal edi. Harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik qizlar ilk bor qatnashishimiz va bu musobaqadan 4ta medal bilan qaytdik. Bitta oltin va uchta bronza medalini qo‘lga kiritdik.

Keyingi safar birinchi o‘rin nasib qilsin. Lekin bu medal bilan ham faxrlansa arziydi...

- To‘g‘ri, men o‘zim ham juda xursandman. Jahon chempionatida bu natijaga har kim ham erisha olmaydi. Yarim finalda menga qarshi ringga chiqqan azaliy raqibim Beatris Ferreyrani agar keyingi jahon chempionatida yana to‘qnash kelsak, yutishimga amin bo‘ldim. Chunki biz bundan avval Tokio Olimpiadasida ham jang qilganmiz va menda o‘sish borligini sezdim. Qolaversa, oilam ham juda xursand bo‘ldi. Lekin oldimga qo‘ygan maqsadim birinchi o‘rin edi. Shunga ham shukr aytaman.

Beatris Ferreyra sizdan qay jihatdan ustunlik qildi, deb o‘ylaysiz?

- Ferreyra mendan tajriba borasida ustunlik qildi. Chunki O‘zbekistonda ayollar boksi endi rivojlanib bormoqda. Chet elda esa jadal o‘sishga ega. Ringda bu unga katta yordam berdi. Ustunlik jihati u qadar ko‘zga tashlanmadi. Keyingi bahsimizda bu faktorni ham yo‘qqa chiqarishga harakat qilaman.

photo_2021-08-03_13-59-32

Oilangiz haqida aytib o‘tsangiz. Ular sizni bokschilik sohangizni qanday qabul qilishgan? Qarshiliklar bo‘lmaganmi?

-Biz oilada 4 farzandmiz. Ikki akam va opam bor. Ilk bor boksga qatnashaman, deganimda qarshilik bo‘lgan. Lekin qiziqqanimni bilishgandan keyin sharoit yaratib berishgan. Shuningdek, Prezidentimiz ham alohida e’tibor qaratib, yordam beryaptilar. Butun xalqimiz, ayniqsa, qashqadaryoliklar qo‘llab-quvvatlamoqda. Ota-onam bundan xursand.

Olimpiadada Tursunoy Rahimova bitta jangda g‘alabaga erishdi. Harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatida esa medallar etarlicha? Nega tafovut yuzaga kelmoqda?

- Gapim avvalida shuni aytmoqchimanki, g‘alaba ham, mag‘lubiyat ham Allohdan. Biz harakat qilamiz va shug‘ullanmiz. Qolganini Allohdan so‘raymiz. Barchasi omad va mehnatga bog‘liq. Hech kim musobaqaga borib yutqazaman, demaydi. Aksincha, birinchi o‘ringa erishishni istaydi. Olimpiada esa, eng kuchlilar yig‘iladigan musobaqa va bosim ham katta. U erda ruhiy jihatdan ham ustunlik talab etiladi. Harbiylar musobaqasini Olimpiadaga taqqoslab bo‘lmaydi. Men ham Olimpiadada bitta jangda g‘alaba qozongan bo‘lsam, harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatida ikkita jangda raqiblarimni engdim. Lekin men bundan afsuslanmayman. Allohga shukr.

Rivojlanishda ortda qolayotganimiz moliyaviy jihatga bog‘liqmi?

- Biz rivojlanishda ortda qolmayapmiz, balki rivojlangan davlatlarga etib olmoqdamiz. Chunki yuqorida aytganimdek, bizda ayollar sportiga endi e’tibor qaratilmoqda. 6 yildan buyon sport bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsam, oldin O‘zbekiston delegatsiyasi ko‘p jang o‘tkazmas edi. Hozirgi kunga kelib, moliyaviy jihatdan ham katta e’tibor berilyapti. Rivojlanish ham shunga yarasha bo‘ladi, Xudo xohlasa. Yoshlar orasida ham Jahon chempionlari chiqib kelmoqda. Ayollar katta natijalarga erishyapti. Bizda ota-onalar qizini sportga kam hollarda beradi. Lekin bugun farzandini tushunib, sportga qatnashishiga rozi bo‘lishmoqda.

Harbiylikka qadar bosib o‘tgan yo‘lingiz haqida ham aytib o‘tsangiz. Chunki qaysidir hislatingiz tufayli bugun harbiy qizlar qatoridan joy olgansiz?

- Yoshligimdan harbiy bo‘lishni orzu qilganman. Qolaversa, shifokorlik kasbini ham hurmat qilganman. Orzuimni amalga oshirish uchun Harbiy akademiyaga ham topshirganman. Lekin o‘qishga kira olmaganman. Alloh nasib qilib, boks bilan shug‘ullanganimdan so‘ng, murabbiyim Elshod Rasulov harbiy bo‘lasanmi, deganlarida jon-jon deb rozi bo‘lganman. Ota-onam ham boshida qarshilik qilishgan. Lekin keyinchalik qo‘llab-quvvatlagan. Yoshlikdagi eng katta orzuim amalga oshdi. Men bundan xursandman, chunki kasbimni juda yaxshi ko‘raman.

IMG_1535

Qachondir qiz bola ham bokschi bo‘ladimi, degan gaplarni eshitganmisiz? Chunki guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganidek, shu kabi ko‘ngilni xira qiluvchi insonlar ham yo‘q emas.

- Bunaqa gaplarni juda ko‘p eshitganman. Kimdir yaxshi gapirsa, boshqasi yomon gapirgan paytlar bo‘lgan. Ba’zilar yaxshi ko‘rib, omad tilab, havas qilishadi, ba’zilar esa turmushga chiqib, uy ishlarini o‘rgan, deydigan holatlar bo‘lgan. Lekin hozirgi kunda har bir sohada ayollar o‘z o‘rniga ega. Biz bunday gaplarga e’tibor bermaymiz. O‘z sohamizda etakchilik qilishga harakat qilamiz. Yillar o‘tdi, ayni paytda butun xalqimiz bizga omad tilab, yordam berishadi.

Ruhiy tayyorgarlikka to‘xtalsak, bugun sizlar bilan psixologlar shtabi ham ishlaydimi yoki murabbiyning o‘zi siz uchun bu rolda ham yordam beradimi?

Ruhiy tayyorgarlikka kelsak, siz sportni tanladingizmi, ruhiy, jismoniy va aqlan tayyor bo‘lishingiz lozim. Chunki shunday odamgina yaxshi natijaga erisha oladi. Bunda sizga murabbiy, psixologlar shtabi yordam beradi. Lekin biz psixologlar bilan ishlamaganmiz. Murabbiyimiz bizni jangdan oldin do‘stdek maslaxatlar berib tayyorlaydi. Aynan ularning ruxiy ko‘magi bilan g‘alabaga erishganmiz. Tokio Olimpiadasida Elshod Rasulov ringga ko‘tarilishimdan oldin: "avval sen qaerdaligingni anglab et",-deb ayganlar. Shu gapni o‘zi men uchun tushunishga yordam bergan. Chunki u erda meni butun dunyo, xalqimiz va ota-onam oynai jahon orqali ko‘radi. Bu siz uchun eng katta motivatsiya bo‘lishi kerak.

Boks og‘ir va jarohatlarga boy sport turi. Ko‘zingiz ko‘karib kelgan vaqtlar ham bo‘lganmi?

- To‘g‘ri, boks og‘ir sport turi. Jarohatlar ham bo‘lib turadi. Lekin ayollarda himoya vositalari bor va jarohat erkaklarga nisbatan qizlarda kamroq bo‘ladi. Sportni endi boshlagan paytimda ko‘zim ko‘karib kelgan vaqtlar ham bo‘lgan. Jarohat olasiz, lekin so‘nggi 2 yoki 3 yil ichida bu holatlar bo‘lmayapti, Allohga shukr.

Havaskor bokschilar ichida o‘zbeklar o‘z nomiga ega. Siz kimni eng zo‘ri, deb ayta olasiz (bitta erkak va bitta ayol bokschilardan)?

- Aynan havaskor bokschilar ichida Tokio Olimpiadasida qatnashgan Bahodir Jalolov o‘z vazn toifasida g‘alabaga erishdi. Hozirgi kunda Bahodir Jalolov eng zo‘ri, deb ayta olaman. Qizlarni aytmay qo‘ya qolay.

Rayhonani ranjitayotgan holatlar ham bormi?

- Hozir ranjitayotgan emas, bir vaqtlar ranjitgan voqeani aytib o‘taman. Osiyo chempionatida 10 ta qiz ishtirok etib, 8ta medalga ega chiqdik. Juda og‘ir botgan jihati esa, Olimpiadaga litsenziya qo‘lga kiritgan men va Tursunoy Rahimova Osiyoda mag‘lub bo‘lganmiz. Chunki ustozlarimiz bizga ishongan. Lekin bu musobaqada to‘liq formada ringga ko‘tarilmaganmiz. Hamma medal bilan qaytgani sizga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi.

Sportni endi boshlagan vaqtlaringizda, eshitishimizcha, ichki chempionatlar, viloyatlardagi musobaqalarda ko‘p nohaqliklar bo‘lgan ekan. Bu vaqtda sportni tashlab ketmoqchi bo‘lganmizsiz?

- To‘g‘ri, bunday nohaqliklar ko‘p bo‘lgan. Men o‘zimni yutdim, deb hisoblaganimda, raqibamning qo‘lini ko‘tarishgan. Juda alam qilgan, lekin unda ham ketish emas, balki yanada ko‘proq shug‘ullanib, keyingi safar yutish haqida o‘ylaganman. Shu tufayli, bugun o‘z vaznimda etakchilardan biri bo‘lib kelyapman.

IMG_8381

Rayhona baxt deganda nimani tushunadi?

- Baxt haqida nimani tushunishim sir bo‘laqolsin. Chunki hamma baxtni har xil tushunadi. Baxtni insonning o‘zi yaratadi. Umuman olganda, sog‘-omon yurganimizni o‘zi baxt.

Yaqin insoningiz kim? O‘zingizni uning yonida engil his qila oladigan...

- Albatta, eng yaqin insonim - onam. Hamma uchun onasidek aziz insoni bo‘lmasa kerak. Ularni oldida o‘zimni yaxshi his qilaman va barcha sirlarimni ayta olaman.

Bugun siz o‘zbek boksiga etishmayotgan va va o‘zgartirishni xohlayligan eng kerakli jihat qaysi?

- Qiyin savol bo‘ldi. Buni muhokama qilish menga emas, nazarimda. Chunki shuncha yoshi katta, tajribali ustozlarimiz bor. Ular Tokio Olimpiadasidan keyin barchasini o‘rganib chiqishyapti, deb o‘ylayman va oldindagi musobaqalarda bu o‘z samarasini berishiga ishonaman.

Dilnoza Mustafoqulova suhbatlashdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!