Olti nafar bokschi qizimiz finalga yo‘l oldi, ikki nafari esa bronza medalini qo‘lga kiritdi

  • 28.02.2026 19:36
  • Javohir Malikov
  • 0
  • Boks

Xabaringiz bor, Bolgariyaning Sofiya shahrida an’anaviy 77 "Strandja" xalqaro turniri o‘tkazilmoqda. Bugun yarim final janglari start oldi. 

-48 kg vazn tofasidagi qizlarimiz – Farzona Fozilova hamda Sabina Boboqulova ro‘baro‘ kelishdi. O‘zbekiston chempionati finalida Farzona g‘alaba qozongan edi. Bu safar esa Sabina omadliroq chiqdi va 5:0 hisobida zafar quchib, finalga yo‘l oldi! Farzona bronza medaliga ega chiqdi.

-51 kg vaznda chiroyli janglar ko‘rsatayotgan Feruza Kazakova Irlandiya vakilasi Kaitlin Freresga qarshi ringga ko‘tarildi. Bu safar ham Feruza o‘zining kuchli bosimi va tezkorligi evaziga g‘alabani qo‘lga kiritdi va finalga yo‘l oldi. Yakuniy hisob 5:0 ko‘rinish oldi.

-57 kg vazn toifasidagi vakilamiz Nigina O‘ktamova yana bir irlandiyalik qiz Niam Fayga qarshi ringga ko‘tarildi. Niam Fay chorak finalda Humorabonu Mamajonovani mag‘lub qilgandi. Bu safar esa Niginaga bas kela olmadi. Shu tariqa Nigina revanш olish barobarida final masalasini hal qildi. Hisob 4:1 ko‘rinish oldi.

-65 kg vazn toifasida Navbahor Hamidova angliyalik Sacha Hikkei bilan to‘qnash keldi. Birinchi jangida biroz imkoniyati darajasida harakat qila olmagan Hamidova bu safar super jang o‘tkazdi va haqli tarzda g‘alaba qozondi. Hisob 5:0 natija bilan yakunlandi. Yana bir final!

-75 kgda Aziza Zokirova AQSh vakilasi Naomi Graham bilan final masalasini hal qildi. Jiddiy raqibasiga qarshi Zokirova a’lo darajada harakat qildi va 4:1 hisobida zafar quchdi. U ham finalda!

-80 kgda Ruxshona Parpieva turkiyalik Yaren Duztasga qarshi ringga ko‘tarildi. Jiddiy raqibasiga qarshi Ruxshona yaxshi harakat qildi. Biroq bu g‘alaba qozonishga kamlik qildi. Yakunda 0:5 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va musobaqani bronza medali bilan yakunladi. 

+80 kgdagi vakilamiz Oltinoy Sotimboeva qozog‘istonlik Dina Islombekovaga qarshi bahs yuritdi. Yakunda vakilamiz 3:2 hisobida g‘olib bo‘lib, finalga yo‘l oldi.

Bu haqida O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!