
O‘runovning yuzi yorug‘ bo‘ldi, Yuranniki esa...
Rossiyaning yaqin o‘tmishdagi mashhur futbolchisi Sergey Yuranning “Spartak” yarim himoyachisi Oston O‘runovning yoshi 4-5 yoshga yilga kichraytirilgani haqidagi iddaosi shov-shuv keltirib chiqargani barobarida, ayni paytda “SKA-Xabarovsk” jamoasini boshqarayotgan murabbiyning tanqidlar ostida qolib ketishiga sabab bo‘ldi.
Yuranning Oston haqida isbotsiz gapiga javoban turli darajada munosabatlar bildirilmoqda. Bu xabar bo‘yicha “Spartak”ning rasmiy munosabati va “UFA” rahbarining javobini keltirib o‘tgan edik.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov ham vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida o‘z so‘zini aytdi.
- Men Oston O‘runovni anchadan beri bilaman. Uning otasi va akasi ham basavlat va baquvvat. Yuqori jismoniy ko‘rsatkichlari qondan va gendan o‘tgan. Shuning uchun ham, Yurandek mutaxassisga birovni yaxshi bilmay turib, u haqida butun mamlakatga bunaqa ovoza tarqatish yarashmaydi, deb o‘ylayman, - dedi Odil Ahmedov.
Oston O‘runovga “Ufa”da ustozlik qilgan va o‘zbek legionerining Rossiya futbolida ko‘zga ko‘rinishiga katta yordam bergan Vadim Evseev ham shogirdining qing‘ir ishga qo‘l urmaganini ta’kidladi.
- Ostonning yoshi pasportda ko‘rsatilgan. U yoshidan katta ko‘rinmaydi. Men uchun xuddi yosh boladay edi. Qolgan gaplardan hammaning xabari bor, - dedi “Ufa”ning sobiq bosh murabbiyi Vadim Evseev.
- Menimcha Yuran nima deganini tushunmay gapirdi. Albatta, har qanday odamning tug‘ilgan sanasini faqat ota-onasi aniq aytishi mumkin. O‘zbekistonda ham yoshini kichraytirgan futbolchilar aniqlangan holatlar bo‘lgan. Lekin bu O‘runovga tegishli emas.
Bir necha manbalar uning yoshi to‘g‘ri ko‘rsatilganini ta’kidlamoqda. Aslida teskarisi bo‘lish kerak. Ya’ni, Yuran o‘z gapini isbotlab berishi kerak, - dedi rossiyalik jurnalistlarga o‘zbekistonlik futbol mutaxassisi Alisher Nikmibaev.
Taniqli jurnalist Ilya Kazakov ham Oston O‘runovning yoshi bo‘yicha mustaqil jurnalist surishtiruvini o‘tkazib, o‘zbek futbolchisining yoshi o‘zgartirilmaganini ayniqlaganini ma’lum qildi.
- O‘runov haqida o‘zbekistonlik hamkasblarim bilan suhbatlashdim. Mana ular nima deb yozdi: “Meksikada 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatidan keyin yosh futbolchilarning barchasini sinchkovlik bilan tekshirish boshlangan edi. Natijada ikki yil muqaddam bir qancha murabbiy va futbolchilarni bir umrga futboldan chetlatishdi. Hech kim yoshni kichraytirish umuman yo‘q, demayapti. Hozir bunga qarshi qattiq kurash ketyapti. O‘runovning aniq yoshi tekshirildi. Oston tug‘ilgan Navoiy shahri FHDYo bo‘limi arxividan hujjatlar olinib, tug‘uruqxona bergan sanalar bilan solishtirildi. Hammasi to‘g‘ri va toza”.
Bundan tashqari, ayrim nashrlar Sergey Yuran “Ximki” jamoasini boshqarayotganida “Spartak” rahbariyati bilan kelishmovchilik yuz bergani tufayli murabbiy o‘zicha o‘chini olishga harakat qilganini yozmoqda.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, hozirgi zamonda yoshini besh yilga urgan fubolchini aniqlash qiyin masala emas. Bunga hojat ham yo‘qligi ko‘rinib turibdi. Muammo shundaki, Oston O‘runov hozir murakkab davrni boshdan o‘tkazyapti. Yosh futbolchi Rossiyaning eng muxlisi ko‘p mashhur klubida o‘z o‘rnini topishga harakat qilmoqda. Qolaversa, atrofida kelajagi haqida ham turli gap-so‘zlar aylanyapti. Yuranning bunaqa bo‘lmag‘ur iddaolari yosh futbolchiga bosimni kuchaytirishdan boshqa narsaga yaramaydi. Ko‘pni ko‘rgan futbolchi sifatida Yuran buni bilishi va o‘z so‘ziga mas’ul bo‘lishi kerak.
Fikrlar