
Otabek Shomurodov: "Eldorning futbolga qiziqishiga oilaviy muhit sabab bo‘lgan"
Oxirgi yillarda o‘zbek futbolida o‘tkir hujumchi etishmasligi borasida ko‘p gapirilayotgandi. Lekin endilikda bu mavzu yopilgandek. Chunki Eldor Shomurodovning ko‘rsatayotgan o‘yinlari va gollari tufayli endi bizda ham ana shunday hujumchi borligi ko‘rinib turibdi. Shuni alohida aytish joizki, Eldorning futbolchi bo‘lishi aslida uning qonida bor. Boisi oilasini ham futbolchilar oilasi deb hisoblashimiz mumkin. Uning amakilari – Otabek Shomurodov va Ilhom Shomurodov ko‘pchilikka yaxshi tanish futbolchilar bo‘lishganini hamma yaxshi biladi. Qolaversa, Eldorning dadasi ham o‘z vaqtida futbolchi bo‘lgan. Shuni aytish kerakki, uning to‘rtta amakisi bor. Shunday ekan, ularga qiziqqan kichik Eldor ham futbolni tanladi va bugungi kunga kelib u amakilaridan-da mashhurroq o‘yinchi bo‘lib etishmoqda va uning uchun hali ko‘p narsa oldindaligiga ham ishonamiz. Eldorning amakisi – Otabek Shomurodov o‘z vaqtida «Neftchi»dagi o‘yinlari orqali nom qozongan va O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham to‘p surgan. U biz bilan muloqotda jiyani Eldor haqida bir qator fikrlarni aytib o‘tdi.
Eldor Shomurodovning futbolga kirib kelishi haqida
- Eldorni yoshligidan futbolga bo‘lgan qiziqishi juda baland edi. Adashmasam, 5-sinfda o‘qib yurgan paytida «Mash’al» akademiyasiga ketgandi. Men yoki Ilhom futboldan uyga qaytganimizda ham asosiy mavzu oilamizda faqat futbol haqida bo‘lardi. Balki Eldorning futbolga qiziqishiga oilaviy muhit ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Dadasi bilan birga «Mash’al» akademiyasiga Eldorning o‘yinlarini ko‘rgani borardik. Uning o‘zida ham kelajakda futbolchi bo‘lib etishishga ko‘zi etardi.
Uning bolaligi qanday o‘tgan?
- Shuhrat akam bilan Vali akamning o‘g‘illari Umid bilan Shavkat ham Eldor bilan tengdosh edi, 1995 yilda tug‘ilishgandi. Uchala amakivachchalar birga katta bo‘lishgan. Hozirda Shavkat Toshkentda temiryo‘l institutini bitiryapti. Umid esa Ispaniyada o‘qiyapti. Ular birga yurishardi, stadionga borishardi va futbol o‘ynashardi. Uchalasi deyarli stadionda katta bo‘lishgandi.
Rossiyadagi faoliyati
- Ha, Eldor qaror chiqarishdan oldin biz bilan ham maslahatlashib turadi. Masalan, «Rostov»ga ketganidan keyin u ancha o‘sdi, o‘yini ham rivojlandi. Futbolga bo‘lgan qarashlari ham o‘zgardi. Evropa futbolida o‘ynab yanada o‘sishni xohlayapti. Osiyo futbolida esa 30 yoshda ham o‘ynasa bo‘ladi. Evropada esa baribir futbol saviyasi boshqacha. Shuning uchun biz ham Eldorning qarorlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Muhimi, jarohatlardan saqlasin. Ishonamanki, Shomurodov hali «Rostov»da ham, milliy terma jamoada ham yanada yaxshi o‘yinlar ko‘rsata oladi.
«Rostov» bilan uzaytirilgan shartnomasi xususida
- «Rostov» bilan shartnomasini uzaytirishdan oldin agentlar va klub bilan gaplashgan. Agarda unga kuchliroq jamoalardan taklif bo‘ladigan bo‘lsa, «Rostov» uni muammosiz qo‘yib yuborishga rozilik bildirgan. Ikkala tomon shu kelishuvga ko‘ra o‘rtadagi shartnomani uzaytirishgan.
Futbolchilar oilasi
- Oilamizni futbolchilar oilasi deya olaman. Eldorning dadasi, mening katta akam – Azamat Shomurodov ham o‘z vaqtida futbolchi bo‘lgan. «Sho‘rchi» jamoasida o‘ynardi. Keyinchalik Termizning «Avtomobolist» jamoasiga borganida oyog‘idan jiddiy jarohat olib qaytgach, uydagilar xavotirlanib, futbol o‘ynashiga qarshilik qilishgan. To‘g‘risi, akam ham yaxshi o‘yinchi bo‘lgan. Qizig‘i, Eldor singari hujum chizig‘ida to‘p surardi. Biz yoshligimizda akamning o‘yinlarini ko‘rish uchun stadionga borardik. Ayniqsa, bosh bilan yaxshi o‘ynardi.
Ilhom Shomurodov qaerda?
- Ilhom Shomurodov futbolni tugatganidan keyin uyda. O‘zini tadbirkorlikka bag‘ishlagan. Hozirda savdo do‘konlari bor. Aslida u futbolchilik faoliyatini yana davom ettirmoqchi edi. Ammo olgan jarohati bunga yo‘l qo‘ymadi. Hattoki, o‘zimizdan tashqari Germaniyada ham operatsiya qildirib keldi, ammo baribir foydasi bo‘lmadi. Chunki futbol o‘ynaganida baribir oyog‘iga «nagruzka» tushaverdi. Natijada tugatib qo‘ya qoldi.
Bo‘lajak Shomurodovlar…
- Mening ikkita o‘g‘lim «Bunyodkor» akademiyasida tahsil olishyapti. Kattasi 2003, kichiga 2005 yilda tug‘ilgan. Katta o‘g‘lim Oybek 3-sinfda o‘qiyotganidayoq «Bunyodkor» akademiyasiga ketgan. Ular ham Eldorga qiziqib ketishgan. «Mash’al» akademiyasida o‘qigani va «Bunyodkor»da to‘p surganidan zavqlanishib, unga o‘xshashni istashgani uchun o‘sha erda futbolchi bo‘lishni xohlashgan.
Rostovga tashrif
- O‘tgan yili Rossiyada jahon chempionati o‘tkazilganida Eldorning dadasi bilan Sochiga borib bir qator o‘yinlarni ko‘rib keldik. O‘shanda Eldor bilan ko‘rishib, «Rostov»ning stadioni, bazasi va yaratilgan sharoitlarni ko‘rib kelgandik. Rostov futbol shahri hisoblanadi. Katta shahar va u erda hamma futbolni sevadi.
Kuper haqida
- Ektor Kuperga ishonch bildirilyapti va unga oxirigacha ishonishimiz kerak. Muhimi, uning boshchiligida jamoamiz o‘yinida o‘zgarish bilinyapti. To‘p bilan harakat qilish, tezkor hujumlar uyushtirish kabi holatlarda o‘zgarish bor. Nasib qilsa, Kuper O‘zbekiston terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqa oladi.
Eldor O‘zbekistonda birinchi raqamli hujumchimi?
- Eldor eng kuchli hujumchimi? Bunga muxlislar baho berishgani ma’qul. Hujumchi gollari bilan o‘z ishini bajaradi. 90 daqiqa davomida deyarli piyoda yurib, o‘yin oxirida bitta gol urib, jamoasi yutib ketsa, o‘sha hujumchi eng yaxshisiga aylanadi.
Fikrlar