Otabek Umarov FIA Senati aʼzosiga aylandi
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari hisoblangan Otabek Muhammadaliyevich Umarov — Xalqaro avtomobil federatsiyasi FIA Senati tarkibiga, ya’ni FIA boshqaruvining eng yuqori organlaridan biriga a’zo etib kiritildi. Buni tashkilot matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur tayinlov nafaqat sohaviy, balki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro sport diplomatiyasi nuqtai nazaridan ham strategik ahamiyat kasb etadi.
Otabek Umarovning FIA boshqaruvining oliy organiga kiritilishi Markaziy Osiyoning avtosport va mobilik sohasida global qarorlar qabul qilish darajasida vakillik qilinishini ta’minlaydi.
FIA 149 ta davlatdan 200 dan ortiq milliy tashkilotlarni birlashtiradi hamda Formula-1, Formula-E, Ralli va Karting kabi eng yirik jahon chempionatlarini tartibga soladi.
O‘zbekiston vakilining FIA Senati tarkibiga kiritilishi:
— mamlakatning xalqaro sport tuzilmalaridagi pozitsiyalarini mustahkamlaydi;
— yirik xalqaro musobaqalarni jalb etish imkoniyatlarini kengaytiradi;
— zamonaviy sport infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi;
— O‘zbekistonning global sport maydonidagi ishonchli hamkor sifatidagi imijini mustahkamlaydi.
FIA Senatiga tayinlanish O‘zbekiston Respublikasining sport va mobilik sohasidagi xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan tizimli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Fikrlar