
O‘zbekistonlik MMA jangchilari qaysi UFC vakillariga qarshi jang qilgan bo‘lardi?
Har bir MMA jangchisining bosh maqsadi UFC promoushenida jang o‘tkazish bo‘lsa kerak. Albatta, yurtdoshlarimiz ham asta-sekin ushbu eng nufuzli promoushenda o‘z chiqishlarini boshladi. Jumladan, Mahmud Murodov, Zarruh Adashev va Liliya Shakirovani aytib o‘tishimiz mumkin. O‘ylaymizki, yaqin yillar mobaynida UFCda yana vakillarimiz ko‘payib boradi.
Biz bejizga ushbu promoushen haqida so‘z yuritmadik. Chunki bugungi maqolamiz bevosita UFC bilan bog‘liq. Aniqroq qilib aytganda, o‘zbekistonlik MMA jangchilariga "Imkoniyat va tanlov bo‘lganida o‘z vazningizda qaysi UFC vakillari bilan jang qilgan bo‘lardingiz va nima uchun?, deb bergan savolimizga sportchilarimiz quyidagi tarzda javob berdi.
O‘g‘iloy Nasimova – MMA jangchisi
- Agar, menda UFCda tanlab jang kilish imkoni bo‘lganida, hech ikkilanmasdan Rouz Namayunas bilan bahs yuritgan bo‘lardim. Chunki u o‘z vaznida eng kuchlisi va jang qilishi menga juda yoqadi. Xarakter va jang qilish uslubimiz o‘xshaydi. Rouz ham ko‘proq “stoyka”da harakat qiladi. Men ham shu tarzda jang olib boraman. Shuning uchun u bilan to‘qnash kelishni xohlardim. Rouz Namayunas men uchun o‘z vaznining chempioni!
Azamat Nuftillaev – MMA jangchisi
- UFCning og‘ir vazn toifasida chempionlikka da’vogar bo‘lgan Frensis Ngannu bilan jang qilardim. Albatta, u ajoyib va juda kuchli jangchi.
Shohasan Mirzamatov – MMA jangchisi
- Aslida, bunday imkoniyat bo‘lganida, vazn toifamdagi istalgan raqib bilan jang qilgan bo‘lardim. Agar kimnidir tanlash kerak bo‘lsa, Xorxe Masvidal yoki Neyt Dias bilan jangda o‘zimni sinab ko‘rardim.
Humoyun Ibragimov – MMA jangchisi
- Agar tanlash imkoniyati bo‘lganida, Israel Adesanya bilan jang qilardim, sababi u striker... Men ham “stoyka”da jang qilishni yaxshi ko‘raman. U bilan to‘qnashuvimiz chiroyli va muxlislarga yoqadigan jang bo‘lardi, deb o‘ylayman. Nasib qilsa, bu men uchun bir orzu emas, oz qoldi. Buni o‘zimga maqsad qilib qo‘yganman va albatta, Adesanya bilan jang qilaman!
Avliyoxon Hamidov – MMA jangchisi
- Bunday sharoit paydo bo‘lsa, o‘z vazn toifamda Kodi Garbrandni tanlar edim. U juda kuchli va jang olib borish uslubi menga juda yoqadi.
Husniddin G‘aniev – MMA jangchisi
- Albatta, bunday imkoniyat bo‘lsa, o‘rta vazn toifasi chempioni Israel Adesanya bilan jang qilardim. Adesanya juda zo‘r jangchi, uni hurmat qilaman va harakatlariga qoyil qolish mumkin. U asosan, “stoyka”da jang olib boradi. Men esa ko‘proq “parter”da , teyk-daunlardan foydalanishga harakat qilaman. Shuning uchun uni tanlagan bo‘lardim. Shubhasiz, Adesanyani saviyasi, klassi juda yuqori. Biz ham nasib qilsa, uning darajasiga chiqishga harakat qilamiz.
Hasan Baratov – MMA jangchisi
- Hozirda UFCni tark etgan bo‘lsa-da, Keyn Velaskes bilan oktagonda bahs yuritgan bo‘lar edim. Chunki jang olib borish texnikamiz o‘xshab ketadi. Asosan, “stoyka”da ochiq va toza jangni xush ko‘radi. Aynan, bu jihatni men ham qadrlayman.
Husan Baratov – MMA jangchisi
- Shunday imkoniyat bo‘lsa, og‘ir vazn toifasi chempioni Stipe Miochich bilan jang qilgan bo‘lardim. U asosan “stoyka”da jang olib boradi. Mening ham bazam boks va kikboksing bo‘lganligi uchun shu variantni tanlardim.
Fikrlar