O‘zbekistonlik mutaxassis Rossiya termasi uchun futbolchilar tarbiyalayotganini bilasizmi?

  • 5 avgust, 2020, 20:57
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Agar yaqin o‘tmishga nazar tashlasak, futbolimizdan ko‘plab ajoyib o‘yinchilar chiqqanligiga guvoh bo‘lamiz. Bugun ana shunday, muxlislarning qalbidan joy olgan sobiq futbolchilarimizdan biri – Andrey Akopyants haqida to‘xtalamiz. U yurtimizda “Paxtakor” uchun bir necha mavsumni o‘tkazgan. Keyin esa Rossiyaning qator klublarida o‘ynagan, ayniqsa, “Rostov”dagi faoliyatini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak. Shuningdek, Belarus va Latviya chempionatlarida ham o‘zini sinab ko‘rgan. Faoliyatining oxirgi qismlarini esa “Buxoro” va “Neftchi”da o‘tkazgan. Ammo o‘shanda hammasi Akopovichning o‘zi istagandek kechmagandi. Shundan keyin u yana Rossiyaga ketdi. Biz esa Akopyantsni bir amallab izlab topdik va qator qiziqarli mavzular bo‘yicha suhbatlashdik.

Tecno

-  Andrey Akopovich, sizni muxlislarimiz tez-tez eslab turishadi. Lekin oxirgi paytlarda qaerda va nima ish bilan shug‘ullanayotganingizdan to‘liq xabardor emaslar. Hali ham futbol ichidamisiz?

-  Avvalo, sizlarga alangali salomlarimni aytishni va meni unutmaganinglar uchun minnatdorlik bildirishni xohlayman. Hozirda “Rostov” klubiga qarashli maktabda mehnat qilyapman. O‘quvchilarim 2005 yilda tug‘ilgan bolalardan iborat. Yaratganga shukr, hammasi yaxshi. Qator ijobiy natijalarni qayd etib kelyapmiz. Uch nafar shogirdim Rossiya yoshlar terma jamoasiga chaqirildi. Shunday ekan, hammasi joyida, asta-sekin ishlab kelyapmiz.

-  Futbolchilik faoliyatingizning oxirgi qismlarini yurtimizda o‘tkazganingizni bilamiz. Yana O‘zbekistonda ishlash niyatingiz bormi?

-  Ha, O‘zbekistonda yana bo‘lishni istayman. Imkon tug‘ilgan zahoti O‘zbekistonga, xuddi uyimga qaytgandek qaytaman. Faoliyatimni ham uyimda yakunlaganman. To‘g‘ri, shuni aytishim kerakki, faoliyatimdagi oxirgi mavsum o‘zim istagan darajada chiqmagan. Aftidan, men yana bir yil to‘p suraman, deb noto‘g‘ri qaror qabul qilgan ko‘rinaman. Aksiga olib vaziyat shunday tus oldiki, o‘yinchilik davrim yuqori notada nihoyasiga etmay qoldi. Buni ochiq tan olishim kerak. Insonning istagani har doim ham amalga oshavermas ekan. Endi murabbiy sifatida bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilaman.

akopyants

-  Umuman aytganda, faoliyatingiz davomida Rossiyaning bir qator klublarida to‘p surdingiz va ularning orasida eng ko‘p mavsumni “Rostov”da o‘tkazgansiz. U erda o‘ynayotgan Eldor Shomurodov haqida fikringiz qanday? O‘zi bilan ham ko‘rishib turibsizmi?

-  Shomurodovga kelsak, uni tez-tez ko‘rib turaman. Chunki mashg‘ulotlarimiz asosan parallel ravishda o‘tadi. Mashg‘ulotda asosan bosh jamoa o‘yinchilari shug‘ullanishadi. Ana shunday mahalda Eldor bilan ko‘rishib, suhbatlashib turaman. U juda tarbiyali, aqlli yigit. Albatta, pandemiya tufayli xuddi jamoa kabi uning o‘yinida ham pasayish ko‘zga tashlandi. Karantindan keyin “Rostov”ni tanib bo‘lmay qoldi, jamoa go‘yoki sochilib ketgandek bo‘ldi. Aksiga olib, Eldorning ham o‘yini avvalgidek qovushmadi. Bunga esa avvalo pandemiya asosiy sababchidir. Xullas, epidemiya jamoaga mavsumni yuqori notada yakunlash imkonini bermadi. Shuningdek, Eldor Shomurodovga omad ham kulib boqmadi. Axir u hujumchi. Hujumchidan esa hamma vaqt gollar kutishadi. U shundoq ham Rossiya premer-ligasida to‘purarlik mahoratini ko‘rsatib, barchaning og‘ziga tushdi. O‘z navbatida mas’uliyat yuki va epidemiya unga katta bosim o‘tkazmasdan qolmadi. Qisqasi, Eldor nihoyatda tirishqoq yigit. Unda yana hamma ishlari joyida bo‘lishiga ishonaman. U albatta ruhiy tomondan ham yana o‘sadi. Men uni istiqboli porloq futbolchi, deb hisoblaydi.  

-  Bundan tashqari, Rossiya premer-ligasida  yana bir hamyurtimiz – Oston O‘runov ham ko‘zga tashlanib boryapti. Xabaringiz bo‘lsa kerak, u “Ufa”dan “Spartak”ka ko‘chib o‘tdi. Ushbu o‘yinchimizni ham kuzatib borayotgandirsiz?

-  Oston O‘runovga to‘xtaladigan bo‘lsam, uning “Ufa” tarkibidagi ikkita o‘yinini ko‘rdim. Bu yigit ancha pishiq, jismonan baquvvat. Texnik qobiliyati ham chakki emas. Asosiysi, Oston juda intiluvchan yigit. Uning “Spartak”ka ko‘chib o‘tgani faoliyatida oldinga tashlangan katta qadamdir. Hammasi O‘runovning ruhiy holatiga bog‘liq bo‘ladi. Chunki “Spartak” butunlay boshqa darajada. “Ufa”dan keskin farq qiladigan klubdir. Shuningdek, “Spartak” bosh murabbiyi Tedeskoning unga qanday ishonch bildirishi ham O‘runovning faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishini aytishim kerak. Xullas, Ostonning qizil-oqlar safida o‘ynab ketishi bir qancha omillarga bog‘liq. Shunday bo‘lsa-da, men unda nomdor klubda to‘p surib ketishi uchun barcha imkoniyatlar bor, deb hisoblayman. Hammasidan ko‘ra, o‘zbekistonlik yosh o‘yinchilarning Rossiyadagi mana shunday dong‘i ketgan klublarda o‘ynashidan cheksiz xursandman. Axir “Spartak” top-klub hisoblanadi.

-  Yaqinda Moskvaning “Lokomotiv” klubiga 18 yoshli Jasur Jaloliddinov ko‘chib o‘tdi. Balki siz hali u haqida etarli ma’lumotlarga ega emasdirsiz. Lekin bunday xabarlar sizni ham befarq qoldirmayotgandir-a?

-  Jasur Jaloliddinov haqida eshitdim. Uni ko‘rganlar menga faqat yaxshi gaplarni va fikrlarni etkazishyapti. Aytishlaricha, Jasur o‘ta iqtidorli yigit. Afsuski, men bu futbolchining maydonda qanday to‘p surishini hali ko‘rganim yo‘q. Endi shuncha gaplardan keyin albatta Jaloliddinov ishtirokidagi o‘yinlarni tomosha qilishga harakat qilaman. Qolaversa, shuni alohida aytishim kerakki, “Lokomotiv”dagilar klub tarkibiga chetdan o‘yinchini shunchaki chaqirishmaydi. Demak, Jasurda nimadir bor. Uni iqtidori ancha yuqori. Shu boisdan ham “Lokomotiv”dagilar uni taklif qilishgan. Unga faqat omad tilayman. Demak, Jaloliddinov 18 yoshida “Lokomotiv”dek jiddiy jamoaning e’tiborini tortibdimi, unga albatta ishonch bildirishadi. Jasur haqida ham O‘runov kabi fikrlarni bildiraman. Uning “Loko”da o‘ynab ketishi birinchi navbatda murabbiy tomonidan bildiriladigan ishonchga bog‘liq. “Loko” ham RPLdagi top-klublardan biri. Undagi saviya esa “Spartak”nikidan aslo qolishmaydi. Futbol shunday o‘yinki, unda iqtidordan tashqari ijrochiga omad ham kulib boqishi kerak. 

akopyants2

-  Rossiyada o‘zbek futboli haqida nimalar deyishmoqda? Ularning munosabati qanday?

-  Bunday gap-so‘zlar asosan rus klublarida O‘zbekiston terma jamoasining o‘yinchilari to‘p surgandagina avjiga chiqishi mumkin. Albatta, rus jamoalarida o‘zbekistonlik bo‘lgan futbolchilar topiladi. Lekin ularni o‘sha klublarning muxlislarigina muhokama qilishadi. Chunki o‘sha yigitlar milliy terma jamoa tarkibiga jalb qilinmagan. Umuman aytganda, o‘zbek yigitlari hamma vaqt texnik qobiliyatlari chakki emasligi bilan doim ajralib kelishgan. Men buni tabiat tomonidan berilgan in’om deb hisoblayman. Yana shuni takrorlashim kerakki, mahalliy ishqibozlar chetdan kelgan futbolchilarni milliy terma jamoada to‘p surishidan kelib chiqqan holda muhokama qilishadi. O‘z navbatida terma jamoaga a’zo bo‘lmagan xorijlik o‘yinchilar, jumladan o‘zbek o‘yinchilarini o‘sha klublarning ishqibozlarigina gapirishlari mumkin. Yodingizda bo‘lsa, o‘zbek futbolining yorqin afsonalaridan biri Mirjalol Qosimov ham Rossiyada o‘ynagan. Uni o‘sha kezlarda hamma gapirardi. Nafaqat butun Osetiya, balki butun Rossiyadagi muxlislar Qosimov haqida etarlicha ma’lumotga ega edilar. Aytmoqchimanki, tomoshabinlar o‘yinchining termadagi ishtirokidan xulosa chiqarishni yaxshi ko‘rishadi. Bu bilan nima demoqchi ekanligimni tushunayotgan bo‘lsangiz kerak. Yana Odil Ahmedovni ham alohida ta’kidlab o‘tishim joiz. U o‘z vaqtida “Anji”da juda muvaffaqiyatli to‘p surgan. Shu bois Rossiyadagi barcha ishqibozlar bu yigitni O‘zbekistondan ekanligini yaxshi bilishardi. Bugungi paytda esa Eldor Shomurodov va Oston O‘runovdek yigitlar o‘zbekistonlik futbolchilarning o‘ziga xos an’anasini davom ettirib, mahalliy tomoshabinlarda yaxshi taassurot qoldirayotganlari bizni xursand qiladi. Mana shunday futbolchilar yana ko‘proq Rossiyaga kelishlarini istardim.

-  Futbolchi Andrey Akopyantsdan murabbiy Andrey Akopyantsning farqli jihatlari kattami?

-  Murabbiylik futbolchilikdan keskin farq qiladi. Sen bunday paytda o‘yinchilarning ko‘ngliga yo‘l topa olishing kerak. Uni tarkibga qanday jalb qilishni ham bilishing lozim. Bu butunlay boshqa ish. Murabbiy birinchi navbatda ruhshunos bo‘lishi kerak. U jamoa tarkibidagi shogirdlarining ko‘ngliga yo‘l topishni bilishi, jamoani o‘yinlarga qanday tayyorlashni va to‘g‘ri rejani tanlashni o‘rganishi shart. Aks holda shoxma-shox yuradigan qushdek murabbiy ham faoliyati davomida u jamoadan bu jamoaga ko‘chib o‘taveradi. Albatta, faoliyatim davomida mana shunday murabbiylar bilan ham hamkorlik qilishimga to‘g‘ri kelgan. Lekin ulardan ham nimanidir o‘rganishga harakat qilganman. Endi murabbiy sifatida iloji boricha xatolarga yo‘l qo‘ymasdan ishlashga umid qilaman. Axir murabbiy bo‘lib ishlar ekansan, sendan juda ko‘p narsani talab qilishadi. Agar klubni boshqara olmasang, senga chiqish eshigini ko‘rsatib qo‘yishadi.

akop2

-  Sizni futbolimiz bilan bog‘lab turadigan shirin va yoqimsiz xotiralar qanday?

-  Agar O‘zbekistonda o‘ynab yurgan chog‘imda menda qanday ijobiy holatlar bo‘lganiga kelsak, shuni aytishim kerakki, faoliyatim davomida uchta bosqich bo‘lgan. Men uchun eng muhimi milliy terma jamoa tarkibiga kelgan davrlar o‘ziga xos ahamiyat kasb etardi. Chunki har doim terma jamoa bayrog‘i ostiga katta ishtiyoq bilan kelib qo‘shilardim. Endi O‘zbekiston klublaridagi faoliyatimga kelsak, qaysidir jamoada o‘ta muvaffaqiyatli, qaysinisidadir esa o‘zim istagan darajada to‘p sura olmaganman. “Paxtakor” bilan shartnoma tuzganimdan keyin meni Samarqandning “Dinamo”siga ijaraga berib yuborishgan. U erda ancha yaxshi to‘p surgandim. Keyinchalik milliy terma jamoadagi faoliyatimni yakunlaganimdan so‘ng mahalliy klublardan birida to‘p surishim uchun taklif kelib tushgan. Lekin boya aytganimdek, faoliyatimning oxiri o‘zim istagan darajada chiqmagan. Buni tan olishdan qo‘rqmayman. Biroq shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, qaerda to‘p surmay, doim bor kuchim bilan o‘ynab, jamoaga foyda keltirish payida bo‘lganman. 36 yoshda qaytish va faoliyatimni yakunlash, bu o‘z navbatida qaysidir ma’noda jasoratdir. Buni shu bilan birga muxlislar ham to‘g‘ri qabul qilishlari kerak. Axir 36 yoshli futbolchi xuddi endi o‘ynashni boshlagan davridagidek to‘p sura olmaydi. Odamlar buni to‘g‘ri tushunishlari, qabul qilishlari kerak. Xuddi shunday fikrni muxlislardan tashqari murabbiylar haqida ham bildirishim mumkin. Xullas, faoliyatimning oxiri ko‘ngilsiz yakunlanganidan yoqimsiz xotiralar qolib ketgan. Hammasi butunlay boshqacha yakunlanishidan umid qilgandim. Baxtga qarshi bunday bo‘lmadi. O‘zimga qolsa, xayrlashuv uchrashuvini ham tashkil qilish niyatida edim. To‘g‘ri, bu masalada faqat atrofdagilarni ayblash noo‘rin bo‘lardi. Aslida 36 yoshimda avvalgidek o‘ynay olmasligimni bilgan holda qaytishim men tomondan yo‘l qo‘yilgan xatodir. Biroq 36 yoshimda ham o‘ynagan o‘yinlarimning ayrim videoyozuvlari bor. Ularni tomosha qilar ekanman, shu yoshda ham yomon o‘ynamaganligimni ko‘rishim mumkin. Shunday paytlarda behurmatlikka munosib bo‘lmaganimdan o‘kinib ketaman. Bunday hurmatsizliklarni butun muxlislar tomonidan emas, balki ayrim shaxslar tomonidan bo‘lganligini aytib o‘tishim darkor. Ular nima sababdan menga bunday munosabatda bo‘lishganini o‘zlari ham tuzukroq tushuntira olishmagan.    

-  O‘zbek futbolini qanchalik kuzatib boryapsiz? Bugungi kundagi mavqei haqida nima deya olasiz? O‘sish bormi yoki...

-  Rostini aytsam, pandemiya tufayli bizda nimalar ro‘y berayotganini kuzata olmayapman. Ammo shuni bilamanki, “Paxtakor” hamon chempionatda etakchilik qilmoqda. “Paxtakor”ning boshqa ishtirokchilardan ancha kuchliligi bois bejizga etakchilik qilmayapti. Shuningdek, meni stadionlardagi infratuzilmalarning yaxshi tomonga o‘zgargani xursand qiladi. Chunki bu kabi gaplarni internet orqali yoki muxlislar tomonidan tez-tez eshitib turaman. Axir reallikka faqat ishqibozlargina holis baho berishlari mumkin. O‘z o‘rnida biz futbol ahli vakillari ularni xursand qilish uchun harakat qilamiz.

Akopyants7

-  Rossiya chempionatida ko‘plab o‘zbekistonlik futbolchilar o‘ynashgan va o‘ynashmoqda. Ularning orasida Rossiyada o‘zini ko‘rsatgan eng kuchli uch nafar legionerimizni ayta olasizmi?

-  Rossiya chempionatida o‘zlaridan yaxshi taassurot qoldirgan uch nafar futbolchi kimlar? Birinchi navbatda xayolimga Mirjalol Qosimov keladi, albatta. Odil Ahmedov, Valeriy Kechinov, shuningdek, bu uchlikdan tashqari to‘rtinchi eng yaxshi legioner sifatida Eldor Shomurodovni qo‘shib qo‘yishni ham istagan bo‘lardim. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, Shomurodov yakuniga etgan mavsumda o‘zidan yaxshi taassurot qoldirdi. Shuning uchun men uch nafar emas, balki to‘rt nafar eng yaxshi legionerni tanladim.

-  Siz milliy terma jamoamiz safida ham ko‘plab uchrashuvlarda maydonga tushgansiz. Haligacha mundial orzusi bilan yashayapmiz. Har safar jahon chempionatiga chiqishimizga bitta gol yoki bir ochko etmay qoladi. Sizningcha, terma jamoamiz bu yo‘lda omadsizmi, nima uchun mundiaga chiqa olmayapmiz?

-  Juda murakkab savol berdingiz. O‘z navbatida milliy terma jamoaning sobiq futbolchisi sifatida jahon chempionatlarining saralashlarida so‘nggi pallaga borib omad yuz o‘girganligini hozirgacha eslasam g‘alati bo‘lib ketaman. Ayniqsa, jahon chempionatiga chiqish uchun bir ochko yo bir gol kamlik qilayotgani qalbingda chuqur va o‘chmas armonni qoldiradi. Axir mundialda ishtirok etish har qanday o‘yinchining asosiy orzusi sanaladi. O‘zbekiston terma jamoasining JCh saralashlaridagi omadsiz ekanligi haqidagi gap-so‘zlarga umuman qo‘shilmayman. Nasib bo‘lsa, O‘zbekiston 2022 yili Qatarda o‘tadigan mundialda albatta ishtirok etadi. Qolaversa, bizning muxlislar bunga haqlilar. Terma jamoamiz tarkibida bir-biridan iqtidorli bo‘lgan futbolchilarning tobora ko‘payib borayotganiga o‘zimiz guvohi bo‘lib turibmiz. Men bu gap bilan yigitlarimizning xorijdagi etakchi klublarda to‘p surishayotganiga ishora qilmoqdaman. Jumladan, Rossiya chempionatida to‘p surayotganlardan ham umid qilsa bo‘ladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!