O‘zimga qolsa, klub ustidan FIFAga arz qilmasdim, ammo maoshingni ertaga, indinga olasan deb aldab kelishdi - Vitaliy Mirniy "Andijon" bilan bog‘liq vaziyat haqida gapirdi

  • 31 oktabr, 2020, 20:58
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha saytimiz orqali FIFA “Andijon” klubini ukrainalik Vitaliy Mirniy oldidagi qarzdorligini berilgan muxlat bo‘yicha bajarmagani uchun jazo qo‘llagani va bu borada jamoa ustozi Baxtiyor Hamidullaevning munosabatini hukmingizga havola qilgandik.

Tecno

Va’da qilganimizdek, endi mazkur masalaning bosh qahramoni hisoblangan ukrainalik darvozabon bilan bilan bog‘landik.

- FIFA “Andijon” klubini jazolab, uni uchta transfer bozorida xaridlarni amalga oshirmaslik yuzasidan qaror qabul qildi. Siz bu qarorga qo‘shilasizmi? Umuman, FIFAdan qanday qaror kutgandingiz?

- Ha, FIFA “Andijon”ni uchta transfer bozoridan chetlatdi, hozircha. Agar ular yaqin bir oy ichida moliyaviy masaladagi muammoni ijobiy hal etadigan bo‘lishsa, bu jazo chorasi bekor qilinishi va shartli bo‘lib qolishi mumkin. Bundan tashqari, FIFA vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmaydigan taqdirda klubdan jazo tariqasida ma’lum miqdordagi ochkolarni olib tashlashi hech gap emas. Shuning barobarida “Andijon” nafaqat legioner, balki mahalliy o‘yinchilarni ham tarkibga qo‘sha olmaydi. Biroq yuqorida aytganimdek, ular men bilan orani ochiq qilib, maoshdan to‘planib qolgan qarzlarni to‘lashsa, bunday jazo bekor qilinadi. Qat’iy jazo chorasiga kelsak, yuqoridagi jihatlar chindan ham “Andijon”ni qiyin ahvolga tushirib qo‘yishi tayin. Agar shunda ham klub gardanidagi vazifani bajarmaydigan bo‘lsa, jazo yana kuchaytirilib jiddiy summadagi jarimaga tortilishi turgan gap. Shuning uchun klub rahbariyati vaziyat chigal ko‘rinish olmasligini istasa, iloji boricha tezroq men bilan hisob-kitob qilib olishi kerak. Bilasizmi, o‘zimga qolsa, klub ustidan FIFAga arz qilmasdim. Ketishimdan oldin “Andijon”ning oldingi rahbari bilan shu masala yuzasidan gaplashganman. U menga yaxshi muomalada bo‘lmagan. Shunda ham o‘zimni bosib vaziyat chigal tus olmasligi uchun qarzlarni hal qilsa yaxshi bo‘lishini eslatib qo‘ygandim.

mirniy2

- Ma’lumki, klub tepasiga yangi rahbar keldi. Qarzlarni qaytarish yuzasidan siz kim bilan gaplashdingiz? Ya’ni, aytmoqchimanki, boshqa rahbarlar bilan ham bu masalani muhokama qilib oldingizmi?

- Menga klub rahbariyatidan kimdir, aniq ism-sharifi esimda yo‘g‘u, telegram yubordim. U FIFA tomonidan klubga qo‘llanish ehtimoli yuqori bo‘lib turgan jazo chorasi borasidagi hujjatlarni olganliklarini ma’lum qildi.

- Qarzlaringiz 100 foiz qaytarilishiga ishonasizmi?

- Ha, bunga deyarli ishonchim komil. Chunki klubda vaziyatdan chiqib ketish uchun boshqa yo‘lning o‘zi yo‘q. Agar qarzlar to‘lanmasa, “Andijon”ning ahvoli yanada jiddiylashishi turgan gap. Negaki, majburiyat bajarilmasa, yuqorida sanab o‘tgan jazo choralaridan tashqari “Andijon”ning chempionatdagi uchrashuvlariga qo‘yilmasligi ham mumkin bo‘ladi. Bu jamoaning qaysi ligada to‘p surishidan qat’iy nazar amalda bo‘laveradi. Ya’ni, “Andijon” xoh Superligada bo‘lsin, xoh pro-ligada, o‘yinlarga qo‘yilmaydi.

- Agar sir bo‘lmasa ayting-chi, klubning sizdan bo‘lgan qarzi qancha?

- Qarzlar masalasiga kelsak, har oyda u foizlar bilan oshib bormoqda. Ularning nima sababdan bu ishni paysalga solib kelayotganlarini sira tushunmayapman. Agar “Andijon” rahbariyati qarzni tezroq so‘ndirsa, bundan keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy muammolarning oldini olgan bo‘ladi. Holbuki, har oyda yakuniy summaga besh foizdan qo‘shilib bormoqda.

mirniy4

- Qarzlarni qaytarish yo‘lida sizga kim yordam beryapti?

- Ukrainadagi eng yaxshi, o‘z ishini juda puxta biladigan yurist shu ish bilan shug‘ullanmoqda. Aynan u men bilan klub o‘rtasida yuzaga kelgan mojaroda asosiy ishlarni bajaryapti.

- Faoliyatingizda xuddi mana shunday holatlar ilgari ham kuzatilganmidi?

- Yo‘q, bunday bo‘lmagan. Faqat “Andijon” bilan bog‘liq munosabatda mana shunaqa holatga duch kelib turibman. 10 yildan beri professional saviyada to‘p surib kelayotgan bo‘lsam, maoshlardan to‘planib qolgan qarz bilan bog‘liq mana shunday vaziyatga ilk bor tushdim. Ilgari futbolchining qo‘ynini puch yong‘och bilan to‘ldirishlarini sira ko‘rmagandim. Meni maoshingni ertaga olasan, indinga olasan degancha rosa aldab kelishdi. Bu yaxshi emas. Axir futbolchini oyoqlari boqadi.

- Siz hozir ham “Chernomorets”damisiz? Yana O‘zbekistonga qaytish haqida o‘ylamayapsizmi?

- Yo‘q, hozir “Chernomorets”da emasman, klubdan ketganman. Ayni chog‘da biror-bir jamoa bilan bog‘liq emasman. Agar imkon tug‘ilsa taqdirimni O‘zbekistondagi klublardan biri bilan jon deb bog‘lagan bo‘lardim. Chunki ilgari ham O‘zbekistonda o‘ynash o‘zimga yoqayotganini ko‘p aytganman. Misol tariqasida “Neftchi”ni oladigan bo‘lsam, u erda rahbariyat va murabbiylar shtabi vakillari hamda qolganlar men bilan juda yaxshi munosabatda bo‘lishgan. “Neftchi”dan ketganimdan keyin vodiyning yana bir jamoasi – “Andijon” safiga qo‘shilgandim. Baxtga qarshi bu klubda maoshlar bilan bog‘liq muammo tufayli faoliyatim o‘xshamadi. Agar O‘zbekistondagi jiddiy jamoalardan biri menga taklif bilan chiqqudek bo‘lsa, jon deb qabul qilardim. Bilasizmi, agar “Andijon”dagilar moliyaviy masalani ijobiy hal etganlarida u erdan ketmagan bo‘lardim. Endi o‘zingiz bir o‘ylang: yarim yil davomida butunlay boshqa mamlakatda pulsiz qolib ketish kishini juda murakkab ahvolga tushirib qo‘yadi-ku! Ustiga-ustak har qanday kishi olti oy davomida maosh olmasdan ishlashga rozi bo‘lmaydi. Shunday emasmi? “Andijon”dagi faoliyatim shunday nihoyasiga etishini o‘zim ham istamagandim.

mirniy

- “Andijon”ning bugungi kunda qayd etayotgan natijalaridan xabaringiz bormi? Nima deb o‘ylaysiz, klub Superligadagi o‘rnini saqlab qola oladimi?

- Ha, xabarim bor. Klubning Superligada jon saqlab qolishini juda ham istayman. Chunki jamoadagi futbolchilarni yaxshi bilaman. Ular juda ajoyib yigitlardir. Qolaversa, Andijondagi ishqibozlar sevgan jamoasini ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatlashadi. Bir so‘z bilan aytganda, klubning kuchlilar ligasida o‘z o‘rnini saqlab qolishidan umidvorman. Hozir “Andijon”da shaxsan o‘zim yaxshi bilgan murabbiy ishlayapti. U asosiy klubga qadar o‘rinbosarlar jamoasida ishlagan. Hamidullaevning qo‘l ostida o‘rinbosarlar jamoasida ham bir qancha uchrashuvlarda ishtirok etganman. U o‘z ishini yaxshi biladigan mutaxassisdir. Qolaversa, Baxtiyor Hamidullaevning “Andijon” klubi uchun qanday ahamiyat kasb etishidan xabarim bor. Chunki Hamidullaev o‘yinchi sifatida “Andijon”da porlab, yaxshi to‘purar ekanligini barchaga isbotlab bergan va yuqori individual natijalarni qayd etganini bilaman. U inson sifatida ham juda ajoyib shaxsdir. Bugungi kunda klubda sidqidildan ishlayotgan kishilarning “Andijon”dagi holat mana shunday ayanchli tus olganida sira ayblari yo‘q. Chunki oldingi rahbariyat klubni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ygan. Andijondek shaharda nafaqat Superliga ishtirokchisi, balki yuqori o‘rinlar uchun kurasha oladigan raqobatbardosh jamoasi bo‘lishi kerak. Chunki men o‘sha erda o‘ynab yurib, klubning uy o‘yinlarida stadion muxlislar bilan liq to‘lganligiga etarlicha guvoh bo‘ldim.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!