
"Paxtakor-79"ning ko‘kka sochilmagan yulduzi yoxud 70 yoshni qarshilagan To‘lagan Isoqov haqida
Bugun ko‘pchiligimiz “Paxtakor – 79”ni alohida xotira bilan eslaymiz. Dneproderjinsk osmonida sochilgan Mixail An, Vladimir Fedorov, Ravil Agishev, Sergey Pokatilov kabilar qatori jamoa muxlislari To‘lagan Isoqovning o‘yinlarini ham alohida mehr bilan kuzatishardi. 1949 yilda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan Isoqov professional futbolga ilk qadamlarini “Paxtakor”da qo‘ydi va shu erda yakunladi. 1967 yildan to 1979 yilga qadar u jamoa tarkibida 252 ta o‘yinda maydonga tushib, 52 ta golga mualliflik qildi.
Taniqli futbol tarixchisi, jurnalist Vladimir Safarovning xotirlashicha, To‘lagan Isoqov Yangiyo‘lda tug‘ilgan bo‘lsa-da uning bolaligi Toshkentning Eski shahar qismida o‘tgan. U futbolga dastlabki qadamlarini aynan shu erdagi “Spartak” stadionida Ma’ruf Po‘latov murabbiyligida qo‘ygan. U “Paxtakor”da o‘tkazgan yillari davomida tez-tez jamoaning o‘tkir hujumlariga qo‘shilib turar, raqib darvozasiga muhim gollarni urardi. Unda jamoadoshlari bilan bir-birini o‘zaro tushunish bo‘yicha hech qanday muammo bo‘lmasdi. Gennadiy Krasnitsskiy, Birodar Abduraimov, Vladimir Fedorov, Mixail An kabilar bilan oson til topisha olardi.
1979 yil. Futbol bo‘yicha Sobiq ittifoq Oliy divizionida “Paxtakor” chempionatning ko‘plab grand jamoalariga ancha muncha bosh og‘rig‘i tug‘dirdi. 1 mavsum oldin musobaqa jadvalini 11-o‘rinda yakunlagan jamoa keyingi mavsumga katta kuch bilan kirishgandi. Ukraina osmonida aviahalokatga uchraguniga qadar “Paxtakor” turnir jadvalida 18 ta o‘yinda 7 ta g‘alaba 4 ta durang va 7 ta mag‘lubiyat bilan turnir jadvalida 8-o‘rinni egallab turgandi.
Aslida jamoaning etakchi o‘yinchilaridan biri sifatida “Tulya” ham (o‘sha yillarda muxlislar uni erakalab shunday chaqirishardi) uchishi kerak edi. Ammo chempionatning 10-turida Aleksandr Novikov tomonidan tovoniga etkazilgan jarohat sabab uning maydonga tushishi masalasi so‘roq ostida edi. Afsuski, Moskvadagi o‘yin Isoqov uchun oxirgi uchrashuv so‘nggisi bo‘lib qoldi. Shuning uchun u Minskka o‘rinbosarlar tarkibi bilan yo‘l oldi. Ammo afsuski... O‘sha vaqtlarda 30 yoshni qarshilagan hujumchi 11 avgustdagi aviaaholokatdan so‘ng Minskdan Toshkentga qaytib keldi va shu bilan futbolchilik faoliyatini ham yakunladi.
Shundan so‘ng qahramonimiz 3 yil Moskvadagi murabbiylar Oliy maktabida o‘qib keldi. Keyinchalik 1982 yilda futbol bo‘yicha Sobiq ittifoq chempionatining ikkinchi ligasi 7-zonasi vakili hisoblangan Andijonning “Shahrixonchi” jamoasini qabul qilib oldi. Ammo mavsum klub uchun u qadar muvaffaqiyatli kechmadi: 12-o‘rin. Keyingi mavsum esa jamoa yanada quyiroq 17-o‘rinni band etdi. Shu bilan Isoqovning ham Andijondagi sarguzashtlari yakunlandi. Keyingi bir necha yillar davomida unga futbol maktabi direktorligini topshirishdi, Toshkent viloyati Sport qo‘mitasida faoliyat olib bordi.
1989 yilga kelib, jamoa boshqaruvini ukrainalik Viktor Nosov tark etgach, “Paxtakor” bosh murabbiyligi jamoa afsonalaridan biri hisoblangan Isoqovga topshirildi. O‘sha yillarda jamoa Sobiq ittifoq chempionatining birinchi ligasida to‘p surardi. “Paxtakor” Isoqov boshqaruvida o‘tkazilgan jami 42 o‘yinda 16 ta g‘alaba, 11 ta durang va 15 ta mag‘lubiyat bilan 12-o‘rinni band etdi. To‘lagan Isoqov “Paxtakor”dan ketgach, bir muddat O‘zbekiston futbol federatsiyasida ham ishladi. Keyin Qarshining “Geolog” (hozirgi “Nasaf”) jamoasi boshqaruvini qabul qilib oldi. O‘sha yili jamoa jami 38 ta o‘yin o‘tkazib, 8 ta g‘alaba, 8 ta durang va 22 mag‘lubiyat bilan 24 ochko to‘plagan holda, 20 ta jamoa orasida 19 o‘rinni band etdi. Shu bilan 8 yil badaliga qahramonimiz biror jamoa boshqaruvida ko‘rinish bermadi. Faqatgina 1998 yilda avvaliga “Surxon” keyinchalik esa Navoiyning “Zarafshon” jamoalarida ishladi. O‘sha mavsumni “Zarafshon” 11, “Surxon” esa 9-o‘rinda yakunladi. Shu bilan Isoqov futboldagi murabbiylik faoliyatini ham yakunladi. 2009 yilda bir muddat Toshkentning “Lokomotiv” jamoasida ishlaganini hisobga olmaganda, u shu bilan futbolga qaytmadi.
Bugun To‘lagan Isoqov 70 yoshni qarshilaydi. Bu aslida butun bashariyat tarixi fonida juda qisqa muddat bo‘lsa-da, inson umri uchun ayni tajribalar, qarashlar shakllangan yosh hisoblanadi. Agarda O‘zbekistonnni butun umrga tark etgan Aleksandr Yanovskiy va Anatoliy Mogilniylarni hisobga olmaganda, To‘lagan Isoqov o‘sha afsonaviy “Paxtakor-79”ning yagona vakili hisoblanadi.
Xotira – muqaddas. U oradan qancha yillar o‘tmasin inson yuragining qaysidir chekkasida abadiy saqlanadi. “Paxtakor – 79” o‘zbek futbol muxlislari uchun ayni shunday xotira bo‘lib qoladi. Bugun oramizda tirik afsona sifatida yashayotgan To‘lagan Isoqov esa o‘sha xotiraning bir qismidir.
Fikrlar