Penaltini aslida qaysi futbolchi tepishi kerak edi? "Neftchi"ning eng yaxshi o‘yinchisi kim? Yoxud Sherzod Karimov klubdan ketadimi?

  • 18 oktabr, 2021, 22:20
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Farg‘onaning “Neftchi” klubi kutilganidek Superliga yo‘llanmasini rasman hal qildi. Klub bunga to‘la munosib edi. Shuning uchun “Neftchi”ning bu safar Superligaga chiqishiga hech kim shubha qilmagandi, desak to‘g‘ri bo‘lardi. Tarkibi ham shunga yarasha to‘ldirildi.

Tecno

Asosan Superliga saviyadagi o‘yinchilar olib kelinganidan keyin Superligaga chiqmasa ham bo‘lmasdi-da. Ko‘rinib turgandiki, pro ligada hech kim “Neftchi”ga bas kela olmadi. Tarkibiga qarasangiz, katta nomlarni uchratish mumkin. Tajribali yarim himoyachi Sherzod Karimov ham jamoasining maqsadi yo‘lida katta hajmdagi ishni bajardi. Sports.uz muxbiri  ushbu futbolchidan “Neftchi”ning pro ligada osonlik bilan maqsadiga erishdimi, deya so‘raganida shunday dedi:

karimov1

- Bu yilgi pro liga har yilgidan ko‘ra kuchliroq va qiziqarliroq o‘tdi, shekilli. Har bir jamoa “Neftchi”ga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi. Natijada har bir bellashuv biz uchun qiyin o‘tdi. Superligaga chiqish aslo oson bo‘ldi, deb o‘ylamayman. Ilhom Mo‘minjonovning oldiga qo‘yilgan vazifa ham jamoani Superligaga olib chiqish edi. Bir necha tur oldin ushbu vazifani bajardik va yuzimiz yorug‘ bo‘ldi.

“Neftchi” o‘z maydonida “Dinamo” jamoasiga qarshi uchrashuvda qiyin g‘alabani qo‘lga kiritganidan xabardorsiz. O‘sha uchrashuvda maydon egalari Sherzod Karimovning dubli evaziga 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Qizig‘i, Karimov zaxiradan maydonga tushib ikkala golni ham penaltidan kiritdi. O‘yindan oldin unga shunday vazifa yuklanganmidi?

karimov3

- Aslini olganda, penaltini Marko Obradovich tepishi kerak edi. U o‘yin paytida zaxiraga olingandi. Penalti belgilanganidan keyin Akmal Shorahmedov menga “o‘zing tep”, deb aytdi. Shunga ko‘ra, 11 metrli jarima zarbalarini o‘zim bajardim va Xudoga shukrki, gollar urdim, - deya munosabat bildirdi Karimov.

Sherzod bemalol Superliganing istalgan jamoasini kuchaytirishga qodir. Biroq uning nima sababdan pro ligada o‘ynashga rozi bo‘lgani ko‘pchilik uchun qiziq tuyulgandi. Bu xususda futbolchining fikrini eshitamiz.  

- Pro ligaga o‘tishimning eng katta sababchisi Ilhom Mo‘minjonov bo‘ldi. Meni jamoasiga taklif qildi. Superligaga chiqishimda yordam berishimni aytdi. O‘zim ham farg‘onalikman. Oldin “Paxtakor”ga o‘tgan paytimda kun kelib “Neftchi”da o‘ynab, farg‘onaliklar uchun hissamni qo‘shaman, deb niyat qilib qo‘ygandim. Mana, niyatimga etib, hozir “Neftchi” jamoasida to‘p surib kelyapman.

karimov4

Mavsum tugab boryapti. Karimov kelasi yili ham “Neftchi” uchun to‘p surishda davom etadimi yoki klubini almashtiradimi?

- Hozircha yo‘q. “Neftchi” bilan shartnomam shu yilning dekabr oyigacha. Hali hech kim aloqaga chiqqani yo‘q. Jamoam bilan tuzilgan shartnoma tugaganidan keyin hammasi hal bo‘ladi, - dedi Sherzod.

Shu o‘rinda, yakuniga etayotgan pro ligada “Neftchi” safida to‘p surgan futbolchilar orasida kim eng yaxshisi bo‘ldi? Karimovning fikriga qiziqdik.

- Joriy mavsum yakunlanishga sanoqli turlar qoldi. Kim eng yaxshisi? Hamma yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. E’tibor bersangiz, jamoamizdagi barcha futbolchilar yaxshi o‘ynaganligi sababli “Neftchi” muddatidan avval Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Birgina futbolchini alohida ajratib ko‘rsata olmayman.

karimov5

Sherzod bungacha asosan Superligada o‘ynagani uchun elitadagi uchrashuvlarga ham befarq emas. “Paxtakor”ning muddatidan ilgari chempionlikni qo‘lga kiritgani liganing mavqei pastlaganidan darak berayotgani haqida ham fikrlar yangrayapti. Pro ligada ham oxirgi paytda saviya ancha yaxshilanyapti. Shuni hisobga olganda, Karimov o‘zaro solishtirdi.

- Ha, Superliganing o‘yinlarini ham kuzatib boraman. Lekin men bu fikrga qo‘shilmayman. Chunki Superligada ham yaxshi o‘yinlar ko‘p. “Paxtakor”ning muddatidan oldin chempion bo‘lganining sababi, ularda tarkib juda kuchli. U erda ichki muhit ham yaxshi. Sharoitlari ham a’lo darajada. Shuni hisobiga chempion bo‘ldi deb o‘ylayman. To‘g‘ri, Superliga bilan pro liganing o‘rtasida yaxshigina farq bor. Baribir Superligadagi o‘yinlar shiddatli va kuchliroq, pro ligadan ko‘ra. 2-3 ta jamoaning o‘yinini hisobga olmaganda, Superliga kuchli.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!