"Pro ligada qatnashish "Andijon"ga yarashmaydi, bir oila ekanligimizni mana shunday qiyin paytda ko‘rsata oldik". Bir necha yildan so‘ng chempionatimizga qaytgan Ildar Mamatkazin yana katta sahnada!

  • 1 may, 2022, 00:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro liganing 6-turidagi markaziy o‘yin shubhasiz Yaypanda o‘tkazildi. U erda Superligaga qaytish uchun asosiy da’vogarlar hisoblangan “Turon” hamda “Andijon” klublari o‘zaro bellashdilar.

Tecno

Bu shunday o‘yin bo‘ldiki, oxirgi daqiqagacha muxlislarni his-hayajonda ushlab turdi. Superliga darajasidan aslo qolishmaydigan dramatik uchrashuvda andijonliklar maydonda bir futbolchi kam bo‘lib, oxirgi soniyada gol urgan holda g‘alabani ilib ketdi.

O‘sha hal qiluvchi gol muallifi himoyachi Ildar Mamatkazin bo‘ldi. Jamoa sardori uchrashuvdan keyin o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

- “Turon”ga qarshi muhim o‘yindagi g‘alaba bilan tabriklaymiz. Bu kabi og‘ir bellashuvdan keyin nimalarni ayta olasiz?

- Rahmat. Avvalo, barchani Ramazon Hayit bayrami bilan tabriklayman. O‘yinga keladigan bo‘lsak, biz qiyin uchrashuv uchun ketayotganimizni bilib turgandik. Shunga yarasha oldindan yaxshi tayyorlandik. To‘g‘ri aytasiz, bellashuv og‘ir o‘tdi. Ustiga-utsak 10 kiщi bo‘lib qoldik. Lekin ich-ichimdan yaxshi natijaga erishamiz, deb sezib turgandim. Xudoga shukr, oxirgi daqiqada g‘alaba qozondik. Bu g‘alabamizni Andijon xalqiga bag‘ishlaymiz. Ramazon Hayit bayramiga ajoyib sovg‘a bo‘ladi.

ildar_3

- “Andijon” maydonda bir futbolchi kam bo‘lib qolgach, chindan qiyin vaziyatga tushib qoldi. Ammo oxirgi soniyalarda gol urib jamoangiz uchun o‘ta qimmatli g‘alabani taqdim qildingiz. O‘sha paytda raqib jarima maydoniga tavakkaliga borganmidingiz yoki...

- Tavakkal emasdi. Men gol urishimni kutgandim. Uchrashuvdan avval ham biz yaxshi natijaga erishishimizga ishonganman. O‘yin paytida ham jamoadoshlarimizga oxirigacha kurashishimizni uqtirdim. Mehnatimiz o‘z samarasini berdi. Nafaqat bu o‘yinda, balki barcha bellashuvlarda ham faqat oxirigacha kurashamiz.

- Muhammadkarim Toirovning maydondan chetlatilishi jamoaga qiyinchilik tug‘dirgani rost, ammo buning ijobiy tomoni ham bo‘ldi, deb o‘ylaysizmi?

- Ikkinchi taym boshlarida maydonda 11 futbolchi bo‘lgan chog‘imizda ham “Turon” bosim qilayotgandi. Chunki ular 0:1 hisobida yutqazayotgandi. Albatta, biz uchun 10 kishi bo‘lib to‘p surish ancha qiyinchilik tug‘dirdi. Biz maydondan chetlatilgan Toirov uchun ham kurashdik. Biz bir oila ekanimizni mana shunday qiyin paytda ko‘rsata oldik.

ildar2

- Gol urgandan keyingi xissiyotlaringiz qanday bo‘ldi?

- Albatta, cheksiz darajada xursand bo‘ldim. Avvalo, “Andijon” ishqibozlarini quvontirganimizdan o‘zimiz ham juda shod bo‘ldik. Urgan golimni andijonlik muxlislarga bag‘ishlayman. Boya aytganimdek, ushbu g‘alabamiz bayramga o‘ziga xos sovg‘a. Aytdim-ku, o‘sha mahalda jarima maydoniga yaqinlashayotganimdayoq gol urishimni aniq sezgandim. Mashg‘ulotlar paytida ham standart vaziyatlar ustida ko‘p ishlaymiz, buning samarasini o‘yinda ham ko‘rsatyapmiz.

- Jamoaga qaytganingizdan keyin himoya chizig‘i ancha ishonchli ko‘rinishga keldi va Mamatkazin bilan Bubanyaning tandemi evaziga xavotirli holatlar ariyapti. “Andijon”ga ertaroq qaytish imkoni yo‘qmidi?

- Peshonaga yozilgan ekan, aynan shu mavsumda kelib jamoaga yordam beryapman. Maqsadimiz jamoa saviyasini ko‘tarish va Superligaga qaytarish. Pro ligada qatnashish “Andijon”ga yarashmaydi. Jamoada yaxshi futbolchilar yig‘ilgan. Tajribali o‘yinchilar bilan bir qatorda kelajagi porloq yoshlar ham bor. Biz ularga o‘rnak bo‘lgan holda tajribamiz bilan yordam bermoqchimiz. O‘zimizdan nimadir qoldirishimiz va shunga yarasha yoshlar nimadir o‘rganishlari kerak.

ildar3

- Oxirgi yillarda O‘zbekiston chempionatida ko‘rinmadingiz, so‘nggi bor Bangladesh chempionatida o‘ynab qaytdingiz. Ochig‘i, hamon bunday yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatishingizni balki kutmaganlar bo‘lgandir. Buni qanday uddalayapsiz?

- Avvalo professional bo‘lish kerak va ishga jiddiy yondashish lozim. Rejimga jiddiy amal qilish darkor. Ammo hozir unchalik optimal formada ham emasman. 70-80 foiz o‘z o‘yinimni ko‘rsatyapman. Yig‘in chog‘ida jarohat olgandim. Ancha vaqt tiklanishimga to‘g‘ri keldi, davolandim. O‘yindan-o‘yinga sport formamni tiklayapman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!