
Professional boks osmonida o‘zbekistonlik yangi yulduz porlaydi
Rio-de-Janeyroda o‘tgan Olimpiya o‘yinlari chempioni Fazliddin G‘oibnazarov bugun AQShning Kaliforniya shtati Karson shahrida tashkil etiladigan professional boks kechasida ilk uchrashuvini o‘tkazadi.
Bekobodlik bokschi profringdagi birinchi dastlabki jangida amerikalik Viktor Vaskes bilan ravobatlashadi. Amerikalik charm qo‘lqop ustasi professional bokschilik faoliyatini uch yil muqaddam boshlagan va jami to‘qqizta jangdan ettitasida zafar quchgan. Uchta jangni muddatidan oldin yakunlagan.
Fazliddin G‘oibnazarov esa havaskorlar o‘rtasida o‘z vazn toifasida duyoning eng kuchli bokschilaridan hisoblanadi. Hamyurtimiz uchun 2015-2016 yilgi mavsum ayniqsa omadli bo‘ldi.
2015 yilgi mavsumda jahon va Osiyo chempionatlarida kumush medalga sazovor bo‘lgan Fazliddin G‘oibnazarov Rio Olimpiadasi qahramonlaridan biriga aylandi. O‘tgan yili Braziliyada o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlarida bokschimiz barcha raqiblarini engib, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi.
Havaskor bokschi sifatida barcha nufuzli musobaqalar shohsupasiga ko‘tarilgan Fazliddin bugun professional ringdagi faoliyatini boshlaydi. Dastlabki uchrashuv sakkiz raunddan iborat reyting jangi bo‘ladi.
SPORTS.uz axborot portali Fazliddin G‘oibnazarovga professional boksda ham ulkan g‘alabalar tilaydi!
Fikrlar