Proligada qatnashadigan 11-jamoaning nomi aniq bo‘ldi
Termiz davlat universiteti qoʻshida tashkil etilgan TerDU klubi ishtirokini Proligada davom ettiradi. Universitet rektori Abduqodir Toshqulov tashabbusi bilan klub endi nisbatan kattaroq Ligada ishtirok etadi. Bu haqida OʻzPFL rasmiy sahifasida maʼlum qildi.
Oʻtgan yilning iyul oyida Birinchi liga ishtirokchisi boʻlgan Qiziriq futbol klubi Termiz davlat universiteti tasarrufiga oʻtkazilgan boʻlib, klubi nomi TerDUʼga oʻzgartirilgandi. Shundan soʻng klub faoliyatida jonlanish kuzatildi va TerDU mavsumni oʻz mintaqasida beshlikda yakunlab, Toshkent mezbonlik qilgan pley-off bosqichida ishtirok etdi. Oliy taʼlim muassasi rektori oʻz xatida TerDU Proliga uchun talablarni bajarishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Termiz shahrida professional futbol uchrashuvlari talablariga javob beradigan arenalar soni cheklangan. Shundan kelib chiqib, TerDU Surxon futbol klubi bilan shartnoma imzoladi va 2026-yilgi mavsum davomida uning zahira maydonidan rasmiy uchrashuvlar davomida foydalanish boʻyicha kelishuvga erishdi. Mazkur maydon zamonaviy talablar asosida bunyod etilgan boʻlib, u Proliga uchrashuvlarini qabul qilish imkoniyatiga ega. Shuningdek, hududda klublar sonining ortib borishi ehtimoliy yangi maydonlar bunyod etilishiga olib kelishi mumkin.
Liga bilan kelishuv asosida TerDU U19 jamoasi tarkibi universitetning kichik kurs talabalaridan tashkil topadi. Oʻz navbatida asosiy tarkib futbolchilari bilan Liga talab qilgan koʻrinishda professional mehnat shartnomalari imzolanadi. Shu tariqa Surxondaryo viloyatida futbol bilan shugʻullanaotgan yosh futbolchilar kelajakda qoʻnim topishi mumkin boʻlgan yana bir klub bosqichma-bosqich rivojlanib boradi.
Qayd etish kerak, Proliga ishtirokchilarining turli hududlardan ekanligi mamlakat futboli rivoji yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi. Bugunga kelib, Superliga klubida oʻz oʻrnini topa olmagan iqtidorlarda oʻzini namoyon qilish imkoniyati mavjud boʻlgan oʻrta sinf jamoalari soni ortib bormoqda. Tanlov imkoniyatining oshib borishi esa oʻz navbatida raqobat muhitiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Liga universitetlar qoʻshida tashkil etilayotgan futbol klublarining yangi bosqichga chiqib borayotganini olqishlaydi. Ishonamizki, qisqa vaqt ichida oliygohlar nafaqat taʼlim, balki professional sport yoʻnalishidagi imkoniyatlari bilan ham yosh avlodni oʻziga jalb qila oladi.
Fikrlar