
Qirg‘iziston terma jamoasi ustozi "Navbahor"ning sobiq a’zosi, to‘purar hujumchini Osiyo Kubogi uchun chaqirilgan tarkibga kiritmadi
Qirg‘iziston terma jamoasi ham Qatarda o‘tadigan Osiyo Kubogi musobaqasiga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Jamoa bosh murabbiyi Shtefan Tarkovich qit’a musobaqasi uchun so‘nggi tayyorgarlik bosqichiga jalb qilgan futbolchilar orasida “Paxtakor”dan Merk Kimi va “Dinamo” hujumchisi Joel Kojo bor. Ammo Qirg‘iziston terma jamoasining eng yaxshi to‘purari va “Navbahor”ning sobiq hujumchisi Mirlan Murzoev yig‘inga chaqirilgani yo‘q. Bosh murabbiy Tarkovich bu xususida shunday dedi:
“Mirlan katta o‘yinchi. U terma jamoada sardor bo‘lib, ko‘p uchrashuv o‘tkazgan. Albatta, uni hurmat qilaman. Oxirgi uch oy ichida u individual tarzda harakat qildi. Bunday pallada umumiy guruhda shug‘ullanayotganlardan farqli ravishda optimal formaga ega bo‘lish mushkul. Bu tushunarli. Men uning Malayziya va Ummonga qarshi uchrashuvlarda jamoaning etakchisi bo‘lishini xohlardim. Ammo uning avval sardor bo‘lgani va shu sabab hozirda ham o‘ynashi kerakligini anglatmaydi.
Oldingi o‘yinlarda bizning ixtiyorimizda 14 kun bor edi. Men Murzoevning u o‘ynaydigan pozitsiyada harakatlanadigan futbolchilar bilan tayyorgarligini taqqosladim. Albatta, bir to‘xtamga keldim. Bu mening qarorim. Bosh murabbiy sifatida yutishni istayman. Buning uchun esa ayni paytda menga eng yaxshi 11 o‘yinchi kerak bo‘ladi. Uni nima sababdan chaqirmaganimning asosiy va yagona sababi ham mana shunda. O‘yinchi sifatidagi jihatlari uchun esa men uni hurmat qilaman”, - deydi bosh murabbiy mahalliy OAVga.
Fikrlar