
"Qizilqum" ustozi: "Nasaf"ga yordam kerak emas"
Superliganing 22-turidan o‘rin olgan “Qizilqum” - “Nasaf” bellashuvida hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqada mehmonlar belgilangan penalti orqali gol urishdi va bu o‘yin taqdirini hal qildi.
Shunday qilib, “Qizilqum” o‘z uyida “Nasaf”ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Klub matbuot xizmati uchrashuvdan so‘ng "Qizilqum" bosh murabbiyi Akmal Rustamovning matbuot anjumanidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Uchrashuv borasida fikringiz qanday?
- O‘yinni juda yaxshi o‘tkazdik. Hamma futbolchilarga borlarini berishgani uchun rahmat aytaman. Biz jiddiy hozirlik ko‘rgandik. Vaziyatlar bo‘ldi, agar foydalanganimizda hisob boshqacha bo‘lardi. Bu - futbol, kimdir yutadi, kimdir yutqazadi. Jamoamiz ishtirokidagi uchrashuvlarda eng og‘riqli nuqta deb bemalol aytsam bo‘ladi, mana, nechanchi o‘yindirki, hakamlardan aziyat chekyapmiz. Hakamlarni deb ochko yo‘qotyapmiz. Ushbu uchrashuvni olaylik, birinchi taymning o‘zida to‘p raqib futbolchi qo‘liga ikki marta tegdi. Hakam VARni eshitib ham tegmadi deb hisoblayapti. Men umuman tushunmay qoldim.
90-daqiqada yuz bergan holatni olaylik, hakam xuddi shu vaziyatni kutgandek yo‘l tutdi. Hakam nimadir qoida buzilishini atayin kutdi. Yuqori tashkilotdagilardan jamoamiz ishtirokidagi o‘yinlarda hakamlikni ko‘rib chiqishini so‘rayman. Futbolchilarimiz 90 daqiqa tinmay harakat qilyapti, lekin hakamning xatosini deb yutqazib qo‘yyapmiz. Bu hakam (Ibrohim Ismoilov) “Andijon” bilan uchrashuvda golimizni hisoblamagandi. OKMKga qarshi bahsda esa penalti bermagan. Hozir yana shu ishni qilyapti. “Nasaf”ga yordam kerak emas. Ular chempion jamoa. Lekin, baribir yordam beryapti.
- Bozorovning bugungi bahsdagi harakatlari haqida
- Biz hammaga birin-ketin imkon beryapmiz. Bozorov yaxshi harakat qildi. Unda o‘sish bor. Penalti bo‘lgan vaziyatni ko‘rdingiz, hakamga VARga murojaat qilishni xohlamadi ham. Birdaniga o‘zi qaror chiqardi. O‘sha payt futbolchimizga nisbatan qoida buzilgandi. Ammo hakam indamadi. Bozorovning o‘yiniga keladigan bo‘lsak, uning harakatlaridan qoniqdim.
Fikrlar