"Qizilqum"da yaxshi loyiha bor, "Neftchi" chempionlik uchun kurashadi, ammo menga bu klubdan taklif bo‘lgani yo‘q" yoxud Islom To‘xtaxo‘jaev yangi mavsumni qaerda o‘tkazadi?

  • 3 dekabr, 2021, 23:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qizilqum” bu yil tarkibiga ko‘plab tajribali futbolchilarni qo‘shib olgandi-a? Shunga yarasha maqsad ham jiddiy edi. Ammo navoiyliklar mavsumni 9-pog‘onada yakunladilar. Shu sababdan klub rahbariyati natijadan qoniqmaganligi tabiiy.

Tecno

Mavsum tugagach, uning sarhisoblariga ko‘pchilik qiziqadi. Futbolchilarning keldi-ketdilari avj oladi. “Qizilqum” klubiga yil boshida qo‘shilgan tajribali himoyachi Islom To‘xtaxo‘jaevning ham shartnomasi yakuniga etdi.

Mazkur o‘yinchi navoiyliklar tarkibida deyarli barcha o‘yinlarda to‘liq ishtirok etdi. Kuni kecha u Sports.uz saytiga turli mavzularda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Futbolchi dastlab “Qizilqum”ning joriy chempionatidagi ishtiroki borasida to‘xtaldi.   

- “Qizilqum” klubida yil boshida chempionlik maqsadi qo‘yilgandi. Tarkibda ham yaxshi o‘yinchilar yig‘ilgandi. Menimcha, birinchi davrada chakki bo‘lmadi, o‘yinlar va natijalar ko‘ngildagidek edi. Ammo ikkinchi davra juda qoniqarsiz bo‘ldi. Umuman olganda, hammasi Xudodan. Bu erda ahil jamoa yig‘ilgan. Murabbiylar, futbolchilar barchasi yaxshi odamlar. Kelasi yilga o‘z maqsadidan qaytmasdan faqat oldinga qadam tashlaydi, degan umiddamiz.

islom4_2

To‘xtaxo‘jaevni asosan medallar uchun kurashadigan klublar safida ko‘rishga odatlanib qolganmiz. Shuning uchun faoliyatida bir qator sovrinlarni yutgan. Ammo “Qizilqum”da bunday bo‘lmadi...

- To‘g‘ri, medalsiz qolish qanaqadir g‘alati bo‘ldi. Menimcha, faoliyatim davomida “Neftchi”da o‘ynab yurgan kezlarimda ham shunga o‘xshash o‘rin bo‘lgandi. Lekin “Neftchi” doim medallar uchun kurashgan jamoa edi. “Qizilqum”ga kelsak, o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yyapti va bu yo‘lda birinchi qadamlarni tashlayapti. U erda doimiy ravishda medallar uchun kurashadigan jamoani shakllantirishmoqchi. Akademiya va yangi stadion ham qurishmoqchi. “Qizilqum” bilan shartnomaga qo‘l qo‘yayotganimda mana shu tomonlarini ham hisobga olgandik. Bu klubda yaxshi loyiha bor, - deya javob berdi To‘xtaxo‘jaev.

islom3_2

Islom kelasi yili qaerda o‘ynaydi? Bizningcha, bu muxlislar uchun qiziq. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, futbolchining “Qizilqum” bilan tuzgan shartnomasi tugadi va unga yangi takliflar tushayotgan bo‘lsa ajab emas. Keyingi rejasi haqida gap ketganda To‘xtaxo‘jaev shunday dedi:

- Ha, mening “Qizilqum” jamoasi bilan tuzgan shartnomam yakuniga etdi. Hozircha dam olishga chiqqanman. Yangi takliflarni hali ko‘rib chiqishga ulgurganim ham yo‘q. Bir-ikki hafta xordiq chiqarganimdan keyin hammasini ko‘rib chiqaman, “Qizilqum” bilan ham, qolgan klublar bilan ham.

islom2_2

Shuningdek, tajribali himoyachidan bu yilgi Superliganing saviyasi qanday bo‘lgani haqida ham so‘radik. “Paxtakor”ning barvaqt chempion bo‘lgani yaxshimi yoki aksincha. Bu o‘sish borligidanmi yoki... Bu borada uning fikrini ham bilishga qiziqdik.

- Chempionatimizda qandaydir oldinga siljish bo‘ldi. Lekin siz aytgandek, chempion nomi oldindan hal bo‘lsa, baribir xohlaymizmi-yo‘qmi, chempionat saviyasiga ta’sir qiladi. Ammo, menimcha, qolgan o‘rinlar uchun kurash juda ham qizg‘in kechdi.

islom5_1

Bu yil “Qizilqum” tarkibida eng yaxshi futbolchi kim? Chempionatimizda-chi? Qolaversa, murabbiylar orasida eng yaxshilari kimlar? Islomning bu savolga javobi quyidagicha bo‘ldi:

- “Qizilqum” tarkibida eng yaxshi futbolchi sifatida shak-shubhasiz Erkin Boydullaevni aytgan bo‘lardim. Albatta, qolgan o‘yinchilar ham yaxshi harakat qilishdi. Ammo Boydullaev ajralib turdi. Yoshi katta bo‘lishiga qaramasdan ko‘p mehnat qildi va o‘yinlar mobaynida gollar ham urdi. O‘zbekiston chempionatida eng yaxshi o‘yinchilar baribir chempion jamoadan bo‘ladi-da. Dragan Cheran, Anzur Ismoilov va “Nasaf” hujumchisi Xusayn Norchaevni aytgan bo‘lardim. Eng yaxshi murabbiy birinchi o‘rinni olgan “Paxtakor” ustozi. Turnir jadvalida 1-, 2- va 3-o‘rinni olgan jamoalarning bosh murabbiylari eng yaxshisi bo‘ladilar-da. Natija baribir o‘z so‘zini aytadi.

Ma’lumki, bunga qadar bu o‘yinchi muntazam ravishda O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p surardi. Bosh murabbiylikka Srechko Katanets kelgach, uni chaqirmayapti va boshqa o‘yinchilarni ko‘zdan kechiryapti.

- Milliy terma jamoani yoshartirib to‘g‘ri qilyapti. Keyingi jahon chempionati yaqinlashayotgan paytda hozirgi futbolchilar ancha ulg‘ayib qolgan bo‘lishadi. Albatta, har bir o‘yinchining orzusi terma jamoada to‘p surish. Qachon yordam kerak bo‘lsa, hamma tayyor turadi. Ammo Katanets yoshlarni chaqirib to‘g‘ri qaror qabul qilyapti. Bu orqali yangi jamoani shakllantiryapti. U futbolchilarni o‘zi xohlagan taktikaga moslashtira oladi, degan umiddaman. Qolgan murabbiylar esa unga hamjihatlikda yordam berishadi, deb o‘ylayman, - deydi futbolchi.

islom_2

To‘xtaxo‘jaev farg‘onalik bo‘lgani uchun doim “Neftchi” jamoasining o‘yinlariga befarq emas. Chunki u katta futbolga o‘sha klub orqali kirib kelganini hamma bilsa kerak. Futbolchi yana sobiq klubiga qaytishi mumkinmi?

- “Neftchi” jamoasini Superligaga qaytganidan juda xursandman. Farg‘onalikman va yoshligimdan bu klubni yaxshi ko‘raman. Muxlis sifatida ham “Neftchi”ga ishqibozlik qilaman. Yangi mavsumda tarkibga yaxshi o‘yinchilarni olib, chempionlik uchun kurashishadi, degan umiddaman. Ammo o‘zimga hali bu klubdan taklif bo‘lgani yo‘q, - deya fikrini yakunladi Islom To‘xtaxo‘jaev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!