
"Qo‘qon-1912" ham mashg‘ulotlarni boshladi, tarkibda esa yangilar bor
Baxtiyor Ashurmatov boshchiligidagi “Qo‘qon-1912” jamoasi 2021 yilgi futbol mavsumi uchun tayyorgarlikni boshladi. Jamoa a’zolari 4 yanvardan Qo‘qon shahrida yig‘ildi. Garchi kecha jamoaning barcha a’zolari Qo‘qon shahriga etib kelmagan bo‘lsa-da, murabbiylar dastlabki mashg‘ulotni o‘tkazdi.
Qo‘qondagi 2-BO‘SMga qarashli stadionda bo‘lib o‘tgan mashg‘ulotlarda jamoa tarkibiga yangi qo‘shilgan hujumchi - “Mash’al”ning sobiq a’zosi Mo‘min Meliev hamda o‘tgan mavsumni “Andijon” jamoasida o‘tkazgan Farhod Bekmurodov ham ishtirok etdi.
Shuningdek, jamoa safida o‘tgan mavsumni “Turon” jamoasida o‘tkazgan himoyachi Shohruh Xolmatov, “Andijon”da to‘p surgan Azamat Isroilov va darvozabon Eldor Adhamov ham mashg‘ulotlarda ishtirok etishmoqda. Bu futbolchilar jamoa ko‘rigida bo‘lib turishibdi.
“Qo‘qon-1912”ning ayrim futbolchilari bugun Qo‘qonga etib kelishadi. Jamoaning etakchi futbolchilari - Murod Xolmuhammedov, Aleksandr Merzlyakov, Quvondiq Ro‘ziev va Shohnazar Norbekov esa bosh murabbiyning ruxsatiga ko‘ra, biroz kechroq jamoa ixtiyoriga etib keladi. Suhrob Berdiev hamda Hamidillo Abduhamidov esa davolanish jarayonlarini davom ettirmoqda, - deya xabar bermoqda klub matbuot xizmati.
Fikrlar