
"Qo‘qon-1912"dagi o‘zgarishlar davom etadi. Tarkibga hujumchi qo‘shildi
"Qo‘qon-1912" jamoasining Toshkentdagi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari tobora o‘z yakuniga etib bormoqda. Baxtiyor Ashurmatov boshchiligida futbolchilar kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlarda ishtirok etishyapti.
Tarkibni mukammallashtirish uchun murabbiylar shtabi selektsiya ishlarini to‘xtatishgani yo‘q. Jamoaning asosiy o‘zagi saqlanib qolindi. Etakchi futbolchilarimiz Murod Xolmuhammedov, Aleksandr Merzlyakov, Muzaffar Abdullaev, Oybek Rustamov, Sardor Azimovlar bilan birga Quvondiq Ro‘ziev, Bilolxon Toshmirzaev, San’at Shixov kabi futbolchilar mashg‘ulotlarda astoydil ishlashmoqda.
Klub matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, mashg‘ulotlarga o‘tgan mavsumni Bekobodning "Metallurg" jamoasida o‘tkazgan hujumchi Shahzodbek Nurmatov qo‘shilgan. Jamoa ko‘rigida bo‘lib turgan Islomjon Toshpo‘latov yana Termizning "Surxon" jamoasiga qaytib ketdi.
O‘tgan mavsumda jamoamiz to‘purari bo‘lgan Serbiyalik himoyachimiz Ivan Yosovich bugun Belgrad-Istanbul-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lga chiqdi. Yosovich ertaga jamoamiz ixtiyoriga etib keladi.
Shuningdek, bugun “Qo‘qon-1912” “Lokomotiv”ga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushadi.
Fikrlar