Rasman! OKMK tajribali himoyachisi bilan shartnomani uzaytirdi

  • 05.01.2025 23:12
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol

Olmaliqning OKMK jamoasi tajribali himoyachi Islom To‘xtaxo‘jaev bilan shartnomani uzaytirdi. Bu haqda "konchilar" matbuot xizmati xabar bermoqda.

"OKMK FK yangi mavsum oldidan tarkibni kuchaytirish va yoshlarga imkoniyat yaratish siyosatini izchil davom ettirmoqda. Klub rahbariyati o‘z safiga iqtidorli futbolchilarni jalb qilish barobarida, hozirgi tarkibdagi etuk o‘yinchilarni saqlab qolishga ham katta e’tibor qaratmoqda. Ana shunday fidoyi va tajribali futbolchilardan biri — jamoa sardori Islom To‘xtaxo‘jaev bilan shartnoma yana bir yilga uzaytirildi. Endilikda, markaziy himoyachi 2025 yil oxirigacha "konchilar" sharafini himoya qilishda davom etadi.

2023 yilning iyul oyidan buyon OKMK FK sharafini himoya qilib kelayotgan To‘xtaxo‘jaev jamoaning asosiy tayanch futbolchilaridan biriga aylandi. Shu kungacha u 38 ta rasmiy o‘yinda ishtirok etib, raqib darvozasini bir marotaba ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi. Uning himoyadagi o‘ziga xos ishonchli harakatlari va samaradorligi uni mudofaa chizig‘ida haqiqiy devorga aylantirdi — jami 2994 daqiqa davomida maydonda barqaror o‘yin ko‘rsatdi.

Islom To‘xtaxo‘jaevning sardorlik fazilatlari va professional mahorati yosh futbolchilarga ilhom bag‘ishlab, jamoaning ichki birligini yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. U yangi mavsumda ham OKMK FKning eng muhim maqsadlariga erishishida tayanch ustun bo‘lishi shubhasiz", - deya yozdi OKMK matbuoti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!