
Ravshan Haydarov: "Hozirgi paytda bunday rasmiy o‘yinlarni qidirib topish qiyin"
Bugun U-20 Osiyo chempionati saralash bellashuvlariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston U-20 terma jamoamiz bosh murabbiyi Ravshan Haydarov qur’a haqida O‘FA matbuot xizmatiga o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- U-20 chempirnatiga qur’a tashlandi. Xabaringiz bor, bu musobaqa kelasi yili yurtimizda o‘tkaziladi. Pandemiya davrida qolib ketgandi. Afsuski, bu yosh avlod futbolchilarida uzilish bo‘ldi va orada bitta chempionatni o‘tkazib yuborishgan.
Musobaqani o‘z uyimizda qabul qilishimiz munosabati bilan saralash uchrashuvlarini ahamiyati yo‘qdek. Biroq biz bu saralash o‘yinlariga jiddiy qarayapmiz. Hozirgi zamonda bunday rasmiy o‘yinlarni qidirib topish juda qiyin. Guruh bahslarida qatnashmasligimiz ham mumkin edi. Lekin qatnashishni xohladik. Jamoalarni kuchini bilib, o‘zimizni sinab ko‘rish, turnir ahamiyatini his qilish tarafdan o‘ylaymanki, ushbu saralash uchrashuvlari bizga asqotadi.
Tayyorgarlik jarayoni ketyapti. Saudiya Arabistoni joy olgan guruhga tushdik. O‘yinlar Saudiyadagi Dammam shahrida o‘tadi. Bundan tashqari, Xitoy, Maldiv, Myanma jamoalari bilan qiziqarli kuch sinashishlar bo‘ladi.
Jamoalarni kuchi borasida biror-bir tayinli gap aytish qiyin. Davlatlarda futbolga qanday e’tibor berilgan, qanday tizim bo‘yicha ish ketayotganiga qarab bu jamoalarni kuchiga baho berish mumkin. Saudiya Arabistoni tizimli ravishda ishlaydi. Har bir yoshdagi jamoalari mavjud, turli musobaqalarda ishtirok etishadi. Shularni o‘zidan ham Saudiyani kuchli raqib deyish mumkin. Xitoy ham xuddi shunday tizimli ravishda ishlayotgan mamlakatlardan biri. Futbolga katta e’tibor qaratilyapti. U erda ham bolalar futboliga jiddiy ahamiyat qaratiladi. Balki pandemiya orqali uzilishlar bo‘lgandir, ammo ichki ravishda ishlar davom etayotgan bo‘lishi kerak. Qolgan jamoalar ham jiddiy raqib.
FIFA kunlaridan foydalanib, assotsiatsiyamizning sa’y-harakatlari bilan bu jamoamiz shakllantirilmoqda va birinchi bor chetga chiqish arafasida turibmiz. Ozarbayjonda ikkita o‘yin rejalashtirilgan. Undan keyin Belarusga o‘tib, u erda ham ikkita uchrashuv o‘tkaziladi. Shu o‘yinlar orqali jamoamizning saviyasini, xalqaro o‘yinlarga qanchalik tayyorligimizni bilamiz. Shu yo‘l orqali o‘sishda davom etishimiz kerak, - deydi Haydarov.
Fikrlar