
“Real” akademiyasi murabbiylari Andijonga keladi
Ma’lumki, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bir qator kuchli chempionatlar bilan yaqindan hamkorlikni o‘rnatgan holda bu orqali yurtimizda millionlar o‘yinini yanada rivojlantirish ustivor vazifa qilib qo‘yilgan. Shu maqsadda O‘FA hamda PFL Ispaniya futbol federatsiyasi, qolaversa, Madridning “Real” klubi akademiyasi bilan memorandum imzolagan holda yaqindan hamkorlik qilishni yo‘lga qo‘yishdi. Buning natijasi o‘laroq yaqinda “Real” klubi akademiyasi murabbiylari Toshkentga kelib yosh futbolchilarga master-klasslar o‘tkazishdi va mashg‘ulotlar davomida o‘zlariga ma’qul kelganlarini tanlab “Real” akademiyasida tajriba oshirish uchun olib ketishgandi. Endi esa mana shunday jarayon viloyalarda ham davom ettiriladigan bo‘ldi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, “Real Madrid Fundacion” murabbiylarining yurtimizga ikkinchi tashrifi geografik jihatdan ancha qamrovli bo‘ladi. 11 noyabr kuni yurtimizga tashrif buyuradigan skautlar 12 noyabrda Termizga safar uyushtirishadi. So‘ng 14 noyabrda yo‘nalish Buxoro tomon o‘zgaradi. 18 noyabrda esa Nukusdagi yosh bolalar tanlovdan o‘tkaziladi. Shundan keyin 21 nobyar kuni “Real” akademiyasi murabbiylari Andijonga kelishadi va u erda uch kun davomida viloyatdagi barcha yoshlarni ko‘rikdan o‘tkazishadi. Andijon viloyati futbol assotsiatsiyasining 1-vitse-prezidenti Bekzod Karimov esa bu borada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Yaqinda “Real” Madrid skautlari Toshkentga kelib yosh bolalarni shug‘ullantirib tanlov asosida o‘zlariga ma’qul kelganlarini tanlab Madridga olib ketishgandi, - deb gap boshladi, Karimov. - Ularning orasida esa uch nafar andijonlik yosh futbolchilar ham malakasini oshirish uchun borib kelishdi. “Real” murabbiylari Andijonda iqtidorli yoshlar ko‘pligini ko‘rib, endi bizning viloyatda ham uch kun davomida kasting o‘tkazishadi. Endi ularning malakasini oshirish maqsadida 2007 yillarda tug‘ilgan bolalarni saralaydi. Ulardan o‘zlari uchun yoqqan bolalarni o‘z hisobidan yana “Real” akademiyasiga olib borishib, malakalarini oshirishga xizmat qilishadi. 10 kun davomida Madridda “Real” klubining hayoti, akademiyadagi sharoitlar, shug‘ullanish usullarini ko‘rib, u erda futbol hayoti bilan tanishadilar. Shunindek, o‘tgan safar bir nafar murabbiyimiz ham borib kelgandi. Bu safar ham yana bir murabbiyni olib ketishadi.
- Sho‘rbuloqdagi futbol akademiyasida bolalarni ko‘rikdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Barcha viloyatdagi 2007 yilda tug‘ilgan, futbolga qiziqishi yuqori bo‘lgan bolalarni kasting asosida tanlab olishadi va biz bu haqida televidenie va radio orqali ham e’lon beramiz. Shu bois viloyatdagi barcha tuman va qishloqlardagi ushbu yoshdagi bolalar qatnashishlari mumkin. Qolaversa, muhtaram Prezidentimizning 3610-sonli qaroriga asosan chekka-chekka hududlardan yosh futbolchilarni izlab topish maqsadida ham bu borada tanlov o‘tkazilmoqda. Qolaversa, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan Ispaniya futbol federatsiyasi hamda “Real” akademiyasi bilan tuzilgan o‘zaro memorandumlarga asosan mazkur yo‘nalishda ish olib borilmoqda. Muhimi, yosh futbolchilarimiz Ispaniyaga borib o‘z malakalarni oshirib kelishadi. Bu esa ular uchun ham, biz uchun juda foydali hisoblanadi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar