
“Real” “Arsenal” yulduziga da’vo qilyapti
“Real” yangi mavsumda himoya chizig‘ida etarlicha muammolarga duch kelmoqda. Jamoa sardori vazifasini bajarib kelgan markaziy himoyachi Nacho Fernandes ketganidan keyin uning o‘rnini to‘ldirilgani yo‘q.
Bir necha himoyachilar jarohat tufayli safdan chiqdi. Bosh murabbiy Karlo Anchelotti yarim himoyachilarni orqa chiziqqa o‘tkazish orqali muammoga echim topishiga to‘g‘ri kelyapti.
Shu bois, “Qirollik klubi” kelasi yozda uzoq muddat himoyadagi muammolarni yopa oladigan o‘yinchilarni olishga e’tibor qaratadi. Madridliklar nishonidagi futbolchilardan biri “Arsenal” vakili Vilyam Saliba hisoblanadi.
TBR Football nashrining yozishicha, “Real” frantsiyalik legionerni jiddiy kuzatyapti va yozda “kanionirlar”ga taklif yuborishni rejalashtirgan. Yaqinda madridlik skautlar Angliyaga kelib, Salibaning “Aston Villa”ga qarshi uchrashuvini bevosita stadiondan kuzatgani ma’lum bo‘ldi.
23 yoshli Salibaning londonliklar bilan shartnomasi yana uch yil davom etishi belgilangan. Lekin bu transferni 80 million evro atrofidagi mablag‘ evaziga hal qilish imkoniyati borligi aytilmoqda.
Fikrlar