Rinat Trishev: "Terma jamoamiz o‘zbek bokschilariga jiddiy raqobat qila olmaydi"

  • 18 iyul, 2020, 11:57
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Saytimiz orqali O‘zbekistonda tavallud topib, keyinchalik xorijga ko‘chib ketgan bokschilarimiz bilan bo‘lgan suhbatni e’tiboringizga havola qilayotgan edik. Mazkur an’anani davom ettirgan holda, bu safar Sobiq Ittifoq vaqtida o‘z nomiga ega bo‘lgan, -81 kg vazn toifasida bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritgan, asli toshkentlik Rinat Trishev bilan uyushtirgan intervyuni taqdim etamiz.

- Assalomu alaykum. Rinat aka sizni O‘zbekistondagi sportga ixtisoslashgan sayt Sports.uz dan bezovta qilyapmiz. Yo‘q demasangiz, bir nechta savollar bilan murojaat qilar edik?

- Avvalo, e’tibor uchun rahmat. Savollarga esa, bajonidil javob berishga tayyorman.

- Garchi, O‘zbekistonda kamol topgan bo‘lsangiz-da, Rossiyada istiqomat qilmoqdasiz... Buning o‘ziga xos sabablari borligi aniq?

- Albatta, Rossiyaga ko‘chib ketishimning sabablari bor. Farzandlarimni oliy o‘quv dargohlarida ta’lim olishi barobarida sportda yuqori natijalar qayd etishlarini ta’minlash edi. O‘sha vaqt sharoit yo‘q bo‘lgan. Ya’ni, u davrlarda O‘zbekistonda ishsiz qolib, qiyin ahvolda qolgandim. Ko‘chib ketishimning asosiy omili shu bo‘lgan.

aa

- Ma’lumotlarga qaraganda, rus zaminida murabbiylik bilan mashg‘ul ekansiz, bu borada ham yutuqlarga erishgan bo‘lsangiz kerak? Ya’ni, shogirdlaringiz orasida Rossiya terma jamoasidan o‘rin olib, yaxshi natijalar qayd etganlari bordir?

Har holda nolimayman. Shogirdlarimdan, Nikita Belov va Mixail Safin Rossiya o‘smirlar terma jamoasi a’zolari hisoblanadi. Xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘ldi. Bahorda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Rossiya chempionatida ham ishtirok etishi kerak edi. Biroq, koronavirus pandemiyasi tufayli ushbu chempionat noma’lum muddatga kechiktirilmoqda.

- Nima deb o‘ylaysiz, Igor Bunin, Roman Panarin, Gamlet Ilyasov, Rinat Trishev, Yan Kulkov, umuman olganda, O‘zbekistondan Rossiyaga ko‘chib borib, murabbiylik qilayotgan eski avlod bokschilari rus boksi rivojiga oz bo‘lsa-da hissa qo‘sha oldilarmi?

- Ha, O‘zbekistondan ko‘chib kelgan bokschilarimizdan Filipp Yakovlev Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy bo‘ldi. Ikki Olimpiada tsikli mobaynida Rossiya terma jamoasi katta murabbiyi sifatida faoliyat yuritdi. Shogirdi Rahim Chaxkiev yoshlar o‘rtasida Evropa chempioni (2001 y.), kattalar o‘rtasida jahon chempionati kumush medali sohibi (2007 yil), Olimpiya o‘yinlari chempioni (2008 yil), professional bokschilar orasida Evropa chempioni (EBU yo‘nalishi, 2014 yil), jahon chempioni (IBO yo‘nalishi, 2015 yil) darajasiga erishdi.
Sobiq Ittifoq chempioni, xalqaro toifadagi sport ustasi Igor Bunin esa, Moskva shahrida TsSKAda (Markaziy harbiylar sport klubi) murabbiylik qilmoqda. Ko‘plab shogirdlari turli musobaqalarning g‘olib va sovrindorlari qatoridan o‘rin olib kelmoqda. Jumladan, Ovik Avetisyan Rossiya chempioni bo‘ldi. Shuningdek, Rossiya terma jamoasi a’zosi hisoblanadi.
Yan Kulkov bo‘lsa, murabbiylik faoliyati bilan jiddiy shug‘ullangani yo‘q. Asosan, fitnes-klubda mashg‘ulotlar olib boradi. Eshitishimga qaraganda, yaqinda professional bokschilar bilan ham ishlashni boshlagan.
Kamina esa, Sankt-Peterburg shahri o‘smirlar terma jamoasi katta murabbiyi sifatida faoliyat yuritayapman.

aka rinat_1
- O‘zbekiston va Rossiya havaskor boksi orasida qanday tafovut mavjud? O‘zbek boksini ayni kundagi peshqadamligini Rossiyada qay tarzda e’tirof etishadi?

- Albatta, katta farq bor. O‘zbek bokschilari hozirgi kunda jahonda etakchi hisoblanadi. O‘zbekistonlik charmqo‘lqop ustalari mehnatga chanqoq va jismoniy jihatdan baquvvat. Ringga faqat g‘alaba qozonish uchun chiqadi. Ikki yil oldin O‘zbekistonga borganimda, Toshkent shahridagi boks klubiga kirib, mashg‘ulot jarayonini kuzatib, murabbiylar bilan suhbatlashganimda, boksga hech qanday yangilik kiritmaganligini, o‘sha Sobiq Ittifoq boks maktabi sistemasida ishlayotganligini aytishdi. Rossiya terma jamoasi bokschilari va Sankt-Peterburgdagi shogirdlarimga Yangiobodda, Dukentda qanday shug‘ullanganimiz haqida gapirib beraman. O‘zbekiston terma jamoasiga endi jalb qilingan davrimda Vladimir Nikolaevich Shin bokschining asosiy vazifasi funktsional jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko‘rish, deb aytardi.

- Keling endi moziyga e’tibor qaratamiz. Umuman boksda erishgan natijalaringizdan ko‘nglingiz to‘lganmi yoki armoningiz bormi?

- Shubhasiz, Olimpiya o‘yinlari medalini qo‘lga kiritish ushalmagan orzu... Omad mendan qaysidir jihatdan yuz o‘girgandi. O‘sha paytda Olimpiya o‘yinlariga Nurmagamed Shanavazov borgan, buning ham o‘ziga xos sabablari bor edi. Agar, o‘sha davrlar qaytib kelsa, yanada ko‘proq mehnat qilib, ushalmay qolgan armonlarimga etishishga qat’iy harakat qilgan bo‘lardim. Vaholanki, u paytlarda ham yalqovlik qilmay, bor kuchim bilan olg‘a intilganman. Mehnatlarimga yarasha qandaydir natijalarga ham erisha olgandim.
-81 kg vazn siz uchun juda qadrli. Chunki, asosan ushbu vazn toifasida faoliyat olib borgansiz. O‘sha vaqtda o‘zbek boksida bu vazn toifasida Vladimir Shin va Hokim Matchonov ham bor edi. Ular bilan to‘qnashuvlar juda shiddatli bo‘lgan bo‘lsa kerak?

- Ha, asosan -81 kg vazn toifasida harakat qilganman.To‘g‘ri, bu vaznda Sobiq Ittifoqda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, nomdor Vladimir Nikolaevich Shin ham bor edi. Lekin oramizda hech qanday raqobat bo‘lmagan. Chunki, men Ittifoq terma jamoasiga jalb qilingan vaqtimdan ko‘p o‘tmasdan Vladimir Nikolaevich katta sport bilan xayrlashgan, Xokim Matchonov esa u paytlarda -75 kg vaznda tushardi.

rina
- Professional boksda ham o‘zingizni sinab ko‘rganmisiz?

- Sobiq Ittifoq bokschilari orasida birinchilar qatorida professional boksga o‘tib, 1989 yil Kanadaga ketganman. U erda bir yil shug‘ullanib, sharoitlari menga to‘g‘ri kelmaganligi uchun Toshkentga qaytib kelganman. Bir oydan so‘ng yana Moskvaga taklif qilishdi. O‘shanda ukrainalik raqibim bilan olti raundlik jang o‘tkazib, g‘alaba qozonganman. 1990 yil 12 dekabr sanasida esa, katta sport bilan xayrlashgandim.

- Eshitishimizga qaraganda, o‘z vaqtida o‘zbekistonlik tadbirkorga tansoqchi ham bo‘lgan ekansiz?

- Qanaqa tansoqchi? Unday emas. Hech qachon tansoqchi bo‘lmaganman. U inson meni o‘zining qadrdon ukasi sifatida bilar edi. Do‘stona munosabatga ega edik. 90-yillar ish yo‘q, sharoit og‘ir davrlar bo‘lgan. U inson birinchi bo‘lib, menga yordam qo‘lini cho‘zgan. O‘sha vaqtda qo‘llab-quvvatlagani uchun undan bir umr minnatdorman.

- Ayni kunda Umar Kremlyov nafaqat Rossiya boksining rahbari balki AIBA da ham mas’ul lavozimda faoliyat yuritadi. Ushbu shaxs boksni yuqori darajaga olib chiqishga qodirmi?

- Umar Kremlyov bilan hech qanday yaqinligimiz yo‘q. To‘g‘risi, uni yaxshi tanimayman ham.

- Nima deb o‘ylasiz, rossiyalik bokschilar Tokio Olimpiadasida O‘zbekiston, Kuba , Ukraina va Qozog‘iston vakillariga jiddiy qarshilik ko‘rsata oladimi?

- Hozir, Rossiya boksida yorqin yulduzlar yo‘q. Haqiqatni tan olishimiz kerak! Terma jamoamiz bokschilari Tokio Olimpiadasida o‘zbekistonlik, kubalik, ukrainalik hamda qozog‘istonlik bokschilarga raqobat qila olmaydi. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim.

- O‘g‘lingiz ham og‘ir vazn toifasida harakat qilar ekan. Imkoni bo‘lsa, bu borada ham batafsil ma’lumot bersangiz?

- O‘g‘lim haqida gapiradigan bo‘lsam, vazni 115 kg, bo‘yi 197 sm, Sankt-Peterburg shahridagi P.F. Lesgaft nomidagi Jismoniy tarbiya, sport va sog‘lomlashtirish milliy davlat universitetini tugatdi. Harbiy xizmatni ham o‘tab keldi. Boks bo‘yicha “Sport ustasi” me’yorini bajardi. Lekin sportchilik karerasini davom ettirish niyati yo‘q. Hozirgi yoshlar boshqacha, 23 yoshga to‘lgan insonni qanday majburlash mumkin, xohishi yo‘q. Qorni to‘q inson bokschi bo‘lmaydi. Faqat och insongina og‘ir mehnat (boks nazarda tutilmoqda) orqali bo‘lsa ham sharoitini yaxshilab olishga intilishi mumkin.

r
- O‘zbekistonga kelish niyatingiz bormi?

- Albatta, O‘zbekiston mening vatanim! Xalqaro arenalarda O‘zbekiston sha’nini himoya qilganman. U erda mening ko‘plab do‘stlarim bor. A’lo Ikromov, Feliks Pak, Vladimir Shindan ko‘p narsalarni o‘rganganman. Ularga qarab sportchi sifatida shakllanganman, deb ayta olaman. O‘zbekistonni har kuni eslayman. Axir shu yurtda tavallud topganmanku... Rossiyada ham meni yaxshi qarshi olishdi. Shunday bo‘lsa-da, hamisha vatanga bo‘lgan sog‘inch hissi bilan yashayman. U erda mening ota-onam dafn qilingan.

- Samimiy suhbat uchun tashakkur!

- Meni eslaganngiz va unutmaganingiz uchun, sizlarga katta rahmat!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!